O‘zbekiston | 21:00 / 11.01.2019
32204
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Samarqanddagi sanoat korxonalari ahvolini tanqid qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi vaqtida viloyatda sanoat korxonalari bilan yuzaga kelgan vaziyatni tanqid qilib o‘tdi.

«Yanvardan yerni sho‘rini yuvamizda, dekabrgacha shudgor qilamiz. Ko‘kardikmi? Ko‘karmadik. Kasal bo‘ldik hammamiz. Millatimiz kasal bo‘ldi paxta balosini deb.

Yangi texnologiyalar kelyapti. Ertaga Jizzaxga boraman. Amerikaning texnologiyasi kelyapti. Menga klaster qanday uskunalar olib kelayotganini aytib berishyapti.

O‘zi obkelsin, foyda qilsin, odamlarni ishlatsin, oyligini bersin. Eksport qilsin, o‘ziyam manfaatdor bo‘lsin. Raqobatbardosh iqtisodiyot shunday bo‘ladi.

Samarqandda mahalliy budjetga bor yo‘g‘i 350 milliard so‘m qolyapti. 4 million kishilik viloyat uchun bu hech narsa emas. Agar sanoat ishlasa, 1 trillion qolardi.

Oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Korrupsiya yo‘q bo‘lishi kerak. Investor qachon keladi? Sektor rahbarlari halol bo‘lsa keladi. Men ikki ish o‘rni yaratganni yelkamda ko‘taraman deb kelaman. Bu gapni ijrochi rahbarlarga da'vat qilish uchun aytaman.

Boshimizdan o‘tkazganmiz. Bir tadbirkor kelsa, darrov tekshir-tekshir bo‘ldi, qama-qama bo‘ldi, «maska shou» bo‘ldi. Hammasini ko‘rdik-ku bu hayotda. Nima bo‘ldi natijada?

Samarqandda qaysi zavod bor? Bitta «Sino» bor. Uyam 76 milliard so‘m qarzga botib, bo‘shab yotibdi. Investorga bepul bo‘lsayam beringlar deb qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim, ishlatsa bo‘ldi. Nol qiymat bo‘yicha olib, ishlatib, odamlarga oylik to‘lasa bo‘ldi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari viloyat rahbarlari va faollari oldidagi dolzarb vazifalarni belgilab bergan.

«Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jarayonini faollashtirib, yangi korxonalar qurish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish eng muhim va ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘tgan yili viloyatda 448 ta obekt ishga tushirilib, 8 ming 700dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Lekin Samarqanddek katta salohiyatga ega hudud uchun bu yetarli emas», - degan Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 968ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi ma'lum qilingan. Samarqandning turizm salohiyatidan foydalanish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Ma'lumot uchun, 1973 yilda qurilgan zavod «Pomir», «Snejinka», «Samarqand», «SINO» brendlari ostida mahsulot ishlab chiqargan, quvvati yiliga 250 mingta sovutgich ishlab chiqarishga moslashgandi. 1991 yilda kompaniya aksiyadorlik bo‘ldi. 2003 yilda zavod grand oldi, u yangi agregatlar yig‘ishni tashkil etishga imkon berdi. 2009 yilda bu yerda LG muzlatgichlari ishlab chiqarila boshlandi, 2012 yilda Xitoyning Guangzhou Kinte Industrial’si ikkita yangi modelni ishlab chiqarish uchun jalb etildi. 2015 yilda aksiyalarning 88,8 foizini xorijiy investorga sotish haqida qaror qabul qilindi. 2018 yil avgustida «Sino» bankrot bo‘lgani e'lon qilindi.

Bundan avvalroq zavodning oldingi rahbariga nisbatan jinoiy ish ochilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid