O‘zbekiston | 19:59 / 13.01.2019
23535
10 daqiqa o‘qiladi

Taklif: O‘zbekistonda jamoat transporti tizimidagi muammolarni qanday hal qilish mumkin?

O‘zbekistonda jamoat transporti tizimidagi muammolarning sabablari nimada va ularni qanday hal qilish mumkin? Xorijda bu borada qanday amaliyot yo‘lga qo‘yilgan? Xorij amaliyotini O‘zbekistonda ham joriy etish mumkinmi? Biz quyida Kanadadagi jamoat transporti tizimini ko‘rib chiqamiz va o‘z takliflarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

Yagona tranzit tizimi

Kanadadagi katta shaharlarda, megapolislarda transport tizimi yagona tranzit tizimiga birlashgan. Tranzit tizimi bu - avtobus, tramvay, metro barchasi bir tizimga birlashishi degani. Bu tizim davlatga qarashli bo‘lib, uni shahar merining birinchi o‘rinbosari boshqaradi.

Shahar tranzit tizimi qanday ishlaydi? Misol uchun, bir joydan chipta sotib olasiz va ana o‘sha chipta bilan manzilga yetib olishingiz mumkin. Necha marta transport almashtirsangiz ham – avtobusmi, tramvaymi, metromi - ana o‘sha bitta chipta amal qiladi. Bu bilan shahardagi avtomobillar tirbandligiga barham beriladi.

Yana bir shaharda esa vaqt belgilab qo‘yilgan. Masalan, bitta chipta olsangiz, u 1 soatu 45 daqiqa davomida o‘z kuchida turadi. O‘sha vaqt tugagunicha siz xohlagan joyingizga borib qaytishingiz mumkin. Agarda 1 soat 40 daqiqada ishingiz bitib, chiptangiz yaroqlilik vaqti tugashiga 5 daqiqa qolganida avtobusga chiqsangiz, haydovchi chiptangizni boshqasiga almashtirib beradi va chipta yana 1 soatu 45 daqiqa o‘z kuchida bo‘ladi.

Shaharda avtomobillar tirbandligi paydo bo‘lishi mumkin, lekin avtobuslar bilan bunday bo‘lmaydi. Yo‘lning o‘ng cheti avtobus haydovchilari uchun ajratilgan bo‘lib, bu yo‘lda to‘xtash, to‘sib qo‘yish qonun bilan taqiqlanadi. Favqulodda vaziyatdan tashqari boshqa mashinalar avtobus yo‘liga to‘xtab unga xalaqit bersa, avtobus haydovchisi ratsiya orqali o‘z dispetcheriga o‘sha avtomobil haqida xabar beradi. Dispetcher esa politsiya bilan bog‘lanadi va politsiya o‘sha haydovchini jarimaga tortadi. Bir polosadan iborat yo‘lda oldingizda avtobus bo‘lsa, uning ortidan ketaverasiz, avtobusni quvib o‘tish mumkin emas, bu qoidabuzarlik hisoblanadi.

Jamoat transporti ishi tong saharda boshlanadi va kech tugaydi, har bir bekatga belgilangan vaqtda yetib keladi. Yo‘lovchilar avtobusning old eshigidan chiqishadi, haydovchidan chipta olishadi yoki o‘z chiptasini ko‘rsatishadi hamda orqadagi eshiklardan tushishadi. Old eshikdan tushish mumkin emas. Barcha avtobuslar kamera bilan jihozlangan.

Avtobus haydovchilari meriya xodimi hisoblanadi

Haydovchilar katta tanlov asosida ishga olinadi, u universal haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Avtobus haydovchilari uchun alohida toifa mavjud bo‘lib, ular ana shu toifaga ega bo‘lishlari lozim. Agarda ushbu toifaga ega bo‘lmasa, ishga qabul qilinganidan so‘ng o‘zlari o‘qitishib, guvohnoma olishiga yordam berishadi.

Ular albatta narkologik dispanserda ko‘rikdan o‘tkaziladi. Undan tashqari, haydovchi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish sertifikatiga ega bo‘lishi shart. Agarda bunday sertifikati yo‘q bo‘lsa, ishga olingandan so‘ng o‘qib, sertifikat oladi. Bu sertifikat ikki yilda bir beriladi va ikki yildan so‘ng imtihon topshirib, sertifikatini yangilab oladi.

Ishga olingandan so‘ng bir oy davomida tajribali haydovchilardan ish o‘rganadi va uch oy sinovda bo‘ladi.

Haydovchilarga eng katta talab bu - oliy xizmat hisoblanadi. Xushmuomalalik va yo‘lovchilarni manziliga xavfsiz va o‘z vaqtida yetkazish ularning asosiy vazifasidir. Ularning o‘z liboslari, ism-familiyasi yozilgan ko‘krak nishonlari bo‘ladi. Haydovchilarga elektron devayslardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Avtobus haydovchilarini qolgan haydovchilar hurmat qilishadi va ularga doim yo‘l berishadi.

Avtobus haydovchilari davlat xizmatchisi, meriya xodimi hisoblanishadi va ularning oylik maoshi yuqori bo‘lib, bakalavr diplomiga ega bo‘lgan muhandis yoki iqtisodchining oyligi bilan teng. Haydovchining oyligi oilasini boqishga bemalol yetadi.

Chiptalarning turi ko‘p

Kanadada bir martalik, bir kunlik va bir oylik chipta sotib olish mumkin. Bir kunlik chiptani ertalab soat 8:00da sotib olsangiz, soat 00:00gacha o‘z kuchida bo‘ladi. Bu chipta bilan istalgan jamoat transportida kun bo‘yi yurish mumkin. Bir martalik chiptada chegirma yo‘q. Chegirma faqat oylik chiptalarda bo‘lib, qariyalar, o‘quvchilar, talabalarga 50 foizgacha chegirma mavjud. Fuqaro oylik chiptadan foydalanib, oylik chipta uchun to‘lagan chekini saqlab qo‘ysa, yil oxirida buni soliq deklaratsiyasiga kiritadi hamda shahar transportidan foydalanganlik uchun soliq to‘lashda 15 foizgacha chegirmaga ega bo‘ladi. Soliq deklaratsiyasida buning uchun alohida punkt ajratilgan. Soliqdan 15 foizgacha chegirmaga ega bo‘lgan odam albatta shahar transportidan foydalanadi.  

Oliy o‘quv yurti talabalarining 90 foizdan ko‘prog‘i shahar transportidan foydalanadi. Har bir talabaning o‘qishiga to‘laydigan yillik shartnoma puliga shahar transportidan foydalanish chiptasi chegirmalar bilan qo‘shiladi. Talabalarning ID-kartasiga stiker yopishtirib beriladi, bu stiker bir semestrga beriladi. Talaba har qanday transportga chiqqanida stikerni ko‘rsatib o‘z manziliga boraveradi. Bu stiker yozgi ta'til paytida o‘z kuchini yo‘qotadi hamda talabalar avtobusga chiqqanda chipta olishga majbur bo‘ladi.

Shaharlararo avtobuslar xususiy

Shaharlararo qatnaydigan avtobuslar xizmati esa xususiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatiladi. Xususiy kompaniyalar shaharlararo transport xizmatini ko‘rsatish uchun qator standartlarga javob berishi lozim. Bu standartlarni avtotransport vazirligi chiqaradi. Shaharlararo qatnaydigan avtobuslarning o‘z operatorlari, birinchi yordam ko‘rsatish sertifikati bo‘lishi kerak. Haydovchiga avtobusni 8 soatdan ortiq boshqarish mumkin emas va yo‘lovchilar charchab qolmasligi uchun barcha avtobuslar qulay bo‘lishi kerak.

Undan tashqari, barcha avtobuslar pochta xizmatini ham bajaradi. Kanadadagi pochta jo‘natmalarini avtobusga yuklash mumkin va avtobus belgilangan joyga yetkazib beradi. Avtobuslardan foydalanishning belgilangan muddati bor, bitta avtobusdan o‘n yillab foydalanish mumkin emas. Avtobusda kislorod balloni, dori qutichasi, videoregistrator bo‘lishi shart. Avtobus manziliga yetib borganda har safar uning holati tekshiriladi.  

Shahardagi halqa yo‘liga boshqa shaharlardan katta trassalar kelib ulangan. Boshqa shahar va qishloqlardan shaxsiy mashinalarida kelganlar uchun halqa yo‘li orqasida bepul avtoturargohlar qurilgan bo‘lib, shu yerga mashinalarini qo‘yib, jamoat transportida kerakli manzilga borishlari va ishini bitirib, yana mashinasida uyiga ketishlari mumkin. Bu bilan shahardagi tirbandliklarning oldi olinadi hamda shahar budjetiga, transport tizimiga mablag‘ kelib tushadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, Kanadada bepul turargohlar oldida savdo majmualari yo‘q. Buning sababi, agarda turargoh yonida savdo majumasi bo‘lsa, tirbandliklar yuzaga kelishi, chiqindilar ko‘payishi mumkin.

O‘zbekistonda ham yagona tranzit tizimini joriy etish lozim

Bizda ham shunday qilish mumkinmi? Albatta, ha! Toshkent misolida oladigan bo‘lsak, shaharda transport qatnovi juda ham katta. Bizda avtobus haydovchilarini hurmat qilishmaydi, ularning yo‘lini to‘sishadi, yo‘l berishmaydi, shuning uchun tirbandliklar yuzaga keladi. Toshkentda ham halqa yo‘li yonida bepul avtoturargohlar tashkil etilsa va tranzit tizimiga o‘tilsa, shahardagi tirbandliklar kamida 30-40 foizga qisqaradi. Toshkent viloyatidagi tumanlar, vodiy, voha viloyatlaridan kelganlar bepul turargohga mashinalarini qo‘yib, bitta chipta bilan avtobusga, metroga chiqib o‘z manziliga yetib borishadi.

Bizda ham tranzit tizimi yo‘lga qo‘yilsa, O‘zbekistonga keladigan turistlar uchun ham juda qulay bo‘ladi. Bitta chipta bilan kerakli manzilga borilsa, boshqa haydovchilar avtobusga yo‘l bersa, yo‘lning o‘ng cheti har doim avtobuslar uchun ochiq bo‘lsa, bekatlarimizdagi savdo shoxobchalari olib tashlansa juda katta foyda bo‘ladi. O‘zbekistonga keladigan turistlarning deyarli barchasi taksidan foydalanadi va agar tranzit tizimiga o‘tilsa, turistlar avtobusda yuradigan bo‘ladi.  

Toshkentda yuz minglab talabalar o‘qiydi. Ularning kontraktiga oylik yoki semestrlik chipta to‘lovi kiritib qo‘yilsa, bu shahar hokimiyatiga juda katta tushum bo‘ladi.

Aravachada yuradigan imkoniyati cheklangan kishilar uchun esa alohida tranzit tizimi mavjud. Misol uchun, nogiron kishi tranzit tizimiga 1-2 kun oldin qo‘ng‘iroq qilib, o‘ziga miniavtobus buyurtma berishi mumkin. Aytilgan kuni haydovchi uni boradigan manziliga olib oradi va uyiga qaytarib olib keladi.

Obidxon Mamadaliyev, Kanada, Edmonton shahri

Mavzuga oid