Jamiyat | 09:16 / 18.01.2019
12744
8 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning biznes tashabbuslari, loyihalari va g‘oyalarini hayotga tatbiq etishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Prezident tomonidan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, bu sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5466-sonli farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi buning yaqqol isboti hisoblanadi.

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatni munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, aniq maqsad sari intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash, yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyish qilish, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, yoshlar bandligini ta'minlash, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga faol jalb qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishgan va bu borada keng ko‘lamli ishlarni joylarda tashkil qilishmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston yoshar ittifoqi Markaziy Kengashida Jamg‘arma faoliyatining sarhisobi va bir qator muhim masalalari yuzasidan Kuzatuv Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi, Jamg‘arma Kuzatuv Kengashi raisi Q.Quranboyev, shuningdek, uning a'zolari hamda Jamg‘arma Markaziy apparati xodimlari qatnashdi.

Kengashda 11 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan,

— “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2018 yil davomida Jamg‘arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti;

— Jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining jamg‘arma mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat tadbirlari natijalari;

— 2019 yilda jamg‘arma mablag‘laridan Davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha moliyalashtirilishi rejalashtirilgan loyihalar ro‘yxatini Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasiga kiritish;

— “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘laridan imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko‘rsatish hamda tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafilliklar berish;

— Jamg‘arma tomonidan 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtiriladigan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari ro‘yxatini tasdiqlash;

— “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Markaziy apparati, tuman (shahar) filiallari shtatlar jadvali va 2019 yil uchun umumlashtirilgan budjetini tasdiqlash va boshqa masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.

Qisqa 6 oylik muddatda asosiy e'tibor Jamg‘arma faoliyatiga oid normativ huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ushbu hujjatlar asosida respublika miqyosida unikal tizim yaratib, Davlat dasturi ijrosini ta'minlashga qaratildi.

Xususan, Jamg‘arma faoliyatiga oid 3 ta normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori qabul qilindi.

2018 yil 7-10 sentabr kunlari “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tuman (shahar) filiallari rahbarlarining malakalarini oshirishga qaratilgan 3 kunlik o‘quv oromgohi tashkil etildi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 3 ming 161 ta biznes loyihaga jami 408,8 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali 20 ming 34 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

Jumladan, ishlab chiqarish sohasida 191,7 mlrd. so‘mlik 1 ming 462 ta xizmat ko‘rsatish sohasida 140,6 mlrd. so‘mlik 1 ming 72 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 93,7 mlrd. so‘mlik 715 ta loyiha realizatsiya qilindi.

Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning 10,3 mlrd. so‘mlik 38 ta loyihalariga Jamg‘arma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga ko‘maklashildi.

Barcha tuman (shahar)larda qurilishi rejalashtirilgan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridan 15 tasi hamda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslaridan 101 tasi foydalanishga topshirilib, ularda jami 1 ming 549 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur komplekslarda 97 ta savdo do‘koni, 91 ta sartaroshxona, 72 ta go‘sht do‘koni, 68 ta novvoyxona, 46 ta tikuv sexi, 41 ta avtoservis, 37 ta kompyuter xizmati, 27 ta go‘zallik saloni, 23 ta poyabzal ustaxonasi, 18 ta fotostudiya, 13 ta qandolatchilik sexi, 9 ta dorixona va boshqalar tashkil etildi.

2018 yilning 18-20 dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Yosh tadbirkorlar” Forumi tashkil etilib, unda 100 nafar Davlat dasturi orqali kredit mablag‘lari ajratilgan yosh tadbirkorlar hamda 30 ga yaqin Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari vakillari zamonaviy texnologiyalari va ishlab chiqarilgan mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

Forumda yosh tadbirkorlar tomonidan chet ellik hamkorlar bilan 300 ming AQSh dollari va mahalliy tadbirkorlar bilan 2 mlrd. so‘mdan ortiq kelgusidagi savdo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan shartnomalar imzolandi.

Forum doirasida tashkil etilgan tadbirlarda 5 ming nafarga yaqin chet ellik va mahalliy tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning bilimlarini oshirish maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan 2 ming 140 ta biznes seminarlar tashkil etilib, ular orqali 142,5 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Shuningdek, yoshlarni fermer xo‘jaliklariga biriktirish bo‘yicha “Bir fermerga bitta yosh” loyihasi doirasida 11 ming 264 nafar yoshlarga jami 11 ming 143 gektar yer maydoni ajratilib, takroriy ekinlar parvarish qilinmoqda.

Qolaversa, 3 ming nafardan ortiq yoshlarga baliqchilik, bog‘dorchilik, ishlab chiqarish va savdo shoxobchasi tashkil etish uchun jami 2,5 ming gektar yer maydoni hamda 239 ta foydalanilmay turgan bo‘sh bino (inshoot)lar ajratildi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi natijasida, 2018 yil davomida jami 32 ming 343 nafar yoshlarning bandligi ta'minlanishiga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida 2 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi, kelgusidagi ulkan vazifalarni belgilab berdi.

Shu munosabat bilan, joriy yilda mamlakatimiz yoshlarining 1,9 trln. so‘mlik 7 mingga yaqin loyihalari, 61,5 mlrd. so‘mlik 413 ta yoshlar mehnat guzari va kovorking-markazlari, 11,1 mlrd. so‘mlik Jamg‘arma ulushi bilan ishtirok etadigan tadbirkorlik loyihalarining manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi.

Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida yil yakuniga qadar 70 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid