O‘zbekiston | 17:55 / 24.01.2019
4802
3 daqiqa o‘qiladi

Atrof-muhit va suv resurslari sohasidagi hamkorlik - Markaziy Osiyo va Yevroittifoq diqqat markazida

24 yanvar kuni Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va yashil iqtisodni ilgari surish masalalari muhokama qilindi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri. Tadbirda Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari sohasidagi siyosat uchun mas'ul vazirlari va diplomatlari ishtirok etishdi.

Anjuman tabiatni muhofaza qilish faoliyatini boshqarish, tutash sikllar iqtisodi, barqaror ishlab chiqarish va iste'mol, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini barqaror hamda transchegaraviy boshqarishni qamrab oluvchi YeI va Markaziy Osiyo platformasi doirasida tashkillashtirildi, unda mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilishga doir ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yevroittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian YeIning mazkur mintaqa vakillari bilan aloqalari mustahkamlanayotganidan mamnun ekanini bildirdi.

"Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro hamkorlikdagi yangi o‘sish sur'atini inobatga olgan holda iqlim o‘zgarishi va sur resurslarini barqaror boshqarishga oid muhim takliflarni muhokama qilish uchun hamkorlik aloqalari va birgalikda sa'y-harakatlarni yanada kengaytirishi zarur. Yevroittifoq bu boradagi tajribasi va yangi texnologiyalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor", - dedi u.

Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasida 2015 yildan buyon YeI va MO hamkorligida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha YeI-MO ishchi guruhining vakolatlari kengaytirildi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish hamda yashil iqtisod, tutash sikllar iqtisodini ilgari surish uchun infratuzilmaga investitsiyani kuchaytirish vazifasi belgilandi, YeI va MO o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikning ustuvor sohalarini aniqlab olindi.

Bundan tashqari, Yevroittifoq va Markaziy Osiyo mamlakatlarining atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha ishchi guruhining 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Mavzuga oid