Jamiyat | 20:18 / 25.01.2019
14866
3 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘shchinor”ning chinorlari hokim qarori ro‘kach qilinib ayovsiz kesib tashlandi

Toshkent viloyati Parkent tumani “Qo‘shchinor” istirohat bog‘i hududida 200 tupga yaqin ko‘p yillik manzarali daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlandi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nasima Axmedova xabar qildi.

Qayd etilishicha, “Qo‘shchinor”dagi istirohat bog‘ida ko‘plab manzarali daraxtlar kesilayotgani to‘g‘risida kelib tushgan murojaatga asosan, boshqarmaning ekoinspeksiya bo‘limi xodimlari xizmat tekshiruvi o‘tkazishgan. Xizmat tekshiruvi davomida mazkur bog‘ hududida 280 tupga yaqin qayrag‘och, archa, aylant, akatsiya kabi ko‘p yillik manzarali daraxtlar tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan.

Daraxt kesish ishi tashkilotchilari boshqarma xodimlariga bog‘ hududida bolalar va o‘smirlar sport kompleksi qurilishi rejalashtirilgani, qurilish hududidagi daraxtlarni kesish bo‘yicha tuman hokimining qarori qabul qilinganini bildirishgan. Ammo qarorda faqat 82 tup daraxt kesilishi ko‘rsatilgan bo‘lgan. Bundan kelib chiqadiki, mazkur qarorni pana qilib “uddaburonlar” ortiqcha 196 tup daraxtni tag qismi bilan kesib tashlagan.

Ma'lumot o‘rnida, bugungi kunda O‘zbekiston florasini 4600 dan ortiq o‘simlik turlari tashkil etadi, ulardan 3000 dan ortig‘i yovvoyi holda o‘suvchi noyob o‘simlik turlaridir. Ushbu yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik turlarining 324 xili O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Bir daraxt bir kunda o‘n besh kishiga yetadigan kislorod ishlab chiqaradi va inson hayoti uchun zararli bo‘lgan minglab chang zarralarini qaytarish xususiyatiga ega. Hozir asossiz kesilayotgan minglab daraxtlarning aksariyati ko‘p yillik. Buning ustiga ular inson salomatligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Nasima Axmedovaning ma'lum qilishicha, noqonuniy kesilgan daraxtlar sababli tabiatga 230 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunining joylardagi ijrosi, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, qayta tiklash, o‘simlik turlarining genetik fondini saqlab qolish va daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish, shahar obodligi va ozodaligiga hissa qo‘shishni keng targ‘ib qilish barchamizga tegishli mas'uliyat hisoblanadi.

 Shunday ekan, behudaga nobud bo‘layotgan daraxtlarni asrab qolish maqsadida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz, ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz lozim. 

Mavzuga oid