So‘nggi yillarda aholining uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida, hukumat tomonidan ko‘plab qarorlar qabul qilindi, dasturlar amalga oshirildi. Natijada, qisqa vaqt ichida yangi, zamonaviy uy-joylar barpo etildi, ularning soni oshib, shahar va qishloqlar qiyofasi yangilanmoqda. Ammo sifati-chi? Yangi uy-joylarning qurilish ishlari sifatli bajarilyaptimi? Ularni barpo qilishda sifatli materiallardan foydalanilmoqdami? Bu uy-joylarga ko‘chib o‘tgan odamlar uzoq yillar davomida barcha qulayliklardan bahra olib, bemalol yashash imkoniyatiga ega bo‘ladilarmi?
Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch shahri Al-Xorazmiy ko‘chasi 52-uyda istiqomat qiluvchi kishilardan tushgan murojaat mazmuni ham shu haqda. Unda 4 qavatli uyning kanalizatsiya tizimi noto‘g‘ri o‘rnatilgani bois, yerto‘lasi oqava suvlari va chiqindilariga to‘lib ketgani, sanitariya-gigiyena holati juda yomonlashib, bu holat bir necha yillardan beri aholini qiynab kelayotgani yozilgan.
Bu uy «Xorazm don mahsulotlari» AJ buyurtmasi asosida «Janubgazqurilish» tashkiloti tomonidan barpo qilingan va 2014 yilda foydalanishga topshirilgan. Birinchi qavati noturar joy sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan, 2-4 qavatlaridagi xonadonlardan aholi turar joy sifatida foydalanmoqda.
Shaharning qoq markazidagi bu binoni ko‘zdan kechirdik, noturar va turar joylarga kirib ko‘rdik, tadbirkorlar va turar joy egalari bilan suhbatlashdik, shikoyatning o‘rinli ekani ma'lum bo‘ldi. Binoga kirishingiz bilan dimog‘ingizga badbo‘y hid uriladi. Kanalizatsiya tizimidagi avariya natijasida, yerto‘lasi oqava suvlar va chiqindilarga to‘lib yotibdi. Bundan tashqari, xonadonlarning devorlariga zax o‘tib, suvoqlari to‘kilib, ta'mirtalab bo‘lib qolgan.

Binoning 1-qavatida joylashgan innovatsion maktab xodimining so‘zlarini eshitamiz.
«Birinchi qavatdagi noturar joyni ijaraga olib, innovatsion maktab tashkil qildik. Chiroyli ko‘rinishga kelishi uchun juda katta mablag‘ sarflab, ta'mirladik. Ammo kanalizatsiya tizimidagi nosozlik pand bermoqda – xonalar badbo‘y hidga to‘lib, sassig‘iga o‘tirib bo‘lmay qolyapti. Bu holatdan ota-onalar ham norozi. Yaqinda ta'mirlanadi, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb ularni bir amallab tinchlantirib turibmiz. Bundan tashqari, yerto‘ladagi zax tufayli, devorlarning suvoqlari tushib ketyapti, ta'mirlash uchun sarflagan mablag‘imiz havoga sovurilmoqda», - dedi u.

Kompyuter o‘yinlari klubi boshqaruvchisi Rima Iskandarova ham shu mazmundagi so‘zlarni aytdi.




















