O‘zbekiston | 09:03 / 30.01.2019
4485
3 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya va tashqi savdoda boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari belgilandi

Foto: theins.ru

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari etib hisoblanadi:

birinchi – raqobatbardosh eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga O‘zbekistonning ustuvor soha, tarmoq va hududlariga investitsiya kiritish uchun qulay investitsiya iqlimi va rag‘batlarni yaratish, shuningdek, har bir davlat organi tomonidan investitsiyalarni faol jalb qilish va savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi vazifalarning so‘zsiz bajarilishi;

ikkinchi – mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal qilish uchun davlat moliyaviy vositalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz resurslari va texnik ko‘maklashish vositalari (grantlari)dan foydalanish samaradorligini oshirishga imkon beruvchi markazlashgan investitsiyalarning boshqaruv tizimini yaratish;

uchinchi – O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yaxshilash, mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarini jadal rivojlantirishni ta'minlash, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish uchun xorijiy, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish, ishbilarmonlik va investitsiya iqlimini bosqichma-bosqich takomillashtirish;

to‘rtinchi – respublikaning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda davlat organlari va tadbirkorlik sub'yektlarining xorijiy investorlar, savdo bo‘yicha hamkorlar, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro samarali aloqalarini ta'minlash;

beshinchi – barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash maqsadida optimal bojxona-tarif siyosatini amalga oshirish, Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalash, boshqa ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar bilan hamkorlik qilish;

oltinchi – eksport qiluvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, savdo, shu jumladan, tashqi savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;

yettinchi – mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, samarali transport yo‘laklarini shakllantirish, yetkazib berish geografiyasini diversifikatsiya qilish maqsadida zamonaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish;

sakkizinchi – tashqi bozorlarda mahalliy tovarlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun mahsulotni sifat jihatdan boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng joriy qilishni hamda ularning xalqaro standartlar va texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini ta'minlash, savdoning barqaror o‘sishi va investitsiya siyosatini faollashtirishni ta'minlovchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish.

Mavzuga oid