Biror tanqidiy mavzuni yoritayotganda miyangda ming o‘y kechadi. O‘qigan odam «Muxbir mana shu joyda «maydalashibdi». Tuzuk-quruq muammo topsa bo‘lardi-ku?», demasmikin degan o‘yda xijolat ham bo‘lasan. Chunki, jurnalist uchun juda jiddiy muammo bo‘lib ko‘ringan jihat, kimlargadir hech narsani anglatmasligi mumkin. Nima bo‘lsa ham bugungi maqolamizdagi uch muammo jamiyat va kishilar uchun bir qadar dolzarbligiga ishontirishga harakat qilamiz.

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati, Marhamat tumani markazidagi serqatnov bo‘lgan Mustaqillik ko‘chasida piyodalar yo‘lakchasi o‘rtasiga savdo do‘koni va bekat qurilayotgani, tuman markazida yana bir talay muammolar mavjudligi haqida murojaat kelib tushdi. Arznomachilarni mahtal qilmay, Andijonning chekka tumani tomon yo‘lga chiqdik.

«Muxbir aka, zap keldingiz!»

Asaka orqali yo‘l bilan Marhamat tuman markaziga yetib kelib, «trotuardagi bekat muammosi»ni o‘rganishga chog‘lanayotganimizda, turnaqator turgan taksi haydovchilaridan bir guruhi yonimizga keldi. Ular salomlashgach, «Muxbir akalar, bekatdan ham muhimroq muammolarimiz bor.  Yordam berasizlarmi? Bizga o‘n daqiqa vaqt ajratsalaring bo‘ldi?», deya gap boshlashdi.

Ulardan biri, «Agar mumkin bo‘lsa, mashinamda shaharni bir aylanib kelsak», deya qattiq turib olgach, ular bilan shahar kezgani chiqdik.

Darhaqiqat, keyingi o‘n daqiqa davomida shahar aylanib, taksichi yigitlar bizga tuman markazidagi eng dolzarb muammolardan birini ko‘rsatganiga amin bo‘ldik. Ular bizni markazning Turkiston MFY hududidagi (aholi bu joylarni «Cheryomushka» der ekan) ko‘p qavatli uylarga olib boruvchi yo‘llarning ahvolini ko‘rsatishdi.

Mazkur hududdagi yo‘llarning, yo‘l degan nomi bor xolos. Aholi va transport qatnovi uchun yaroqsiz mana shu «so‘qmoq»lardan ishga qatnayotgan kishilar, maktabga borayotgan bolajonlarga rahmingiz keladi.