16:25 / 12.02.2019
54676

O‘zbekistonda quyosh elektrostansiyasini qurish nima uchun xitoyliklarga berilmagani ma'lum bo‘ldi

2016 yilda O‘zbekistondagi birinchi yirik quyosh elektrostansiyasini qurish bo‘yicha tenderni yutib olgan Xitoyning Zhuhai Singes Green Building Technology kompaniyasiga eskirgan texnologiyalar tufayli qurilish boshlashga ruxsat berilmagan. Bu haqda Kun.uz muxbiriga «O‘zbekenergo» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mubarakshin ma'lum qildi.

«Xitoy kompaniyasi tomonidan taklif etilgan texnologiyalar texnik ko‘rsatkichlariga ko‘ra kechagi kunniki deb aytish mumkin. Jarayon bir joyda to‘xtab turmaydi, zamonaviy, yuqori texnologik uskuna va qurilmalar bo‘lishi bizning talabimizdir. Sababi shu (Xitoy kompaniyasiga rad javobi berilishi – tahr.)», – dedi u.

2016 yil 27 oktyabrda idoralararo tender komissiyasi Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida quvvati 100 MVtli quyosh elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bosh pudratchi deb tanlagandi. 2018 yilda O‘zbekiston dastlabki qiymati 275 mln dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirishni to‘xtatib qo‘ydi.

O‘tgan yili Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurish uchun 1,3 mlrd dollar investitsiya kiritishi ma'lum bo‘ldi. Samarqand viloyatidagi qurilish maydoni investorga topshirildi.

Mubarakshinning ta'kidlashicha, SkyPower Global bilan hamkorlik kreditlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish modeli asosiga qurilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston hududida o‘z izlanishlarini o‘tkazadi.

«Quyosh faolligi salohiyati xaritasini taqdim etishimizga qaramasdan, ular mustaqil tadqiqot o‘tkazishmoqchi. Ularga ayrim jihatlarni aniqlash uchun vaqt kerak. Ular biz taqdim etgan ma'lumotlarga tayanmasdan mustaqil tekshiruv o‘tkazishadi», – dedi Mubarakshin.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida Samarqand, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan O‘zbekistondagi barcha energiya manbalari ishlab chiqarayotgan quvvatning taxminan 10%i ishlab chiqariladi, deb ishontirmoqda SkyPower Global. 

Top