11:28 / 16.02.2019
11967

Samarqandda xorijga chiqish pasporti olgan fuqarolar soni sakkiz mingdan oshdi

Samarqand viloyat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirish uchun hozirga qadar 12.500 kishi murojaat qilgan. Shu kungacha 8970 ta xorijga chiqish pasporti kelgan bo‘lib, 8000 tadan ziyodi hozirgacha fuqarolarga topshirilgan.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Davron Norchayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha endi talabnomalarni rasmiylashtirish va pasportlarni egalariga topshirish qariyb ikki baravar tezlashadi:

— Shu vaqtgacha viloyat bo‘yicha bitta qurilma bilan aholiga xizmat ko‘rsatilayotgandi, — dedi u. — Talabnomalarni rasmiylashtirish uchun yuzaga kelayotgan navbat ham shu bilan bog‘liq edi. Endi viloyatning Toyloq tumaniga yana bitta qurilma o‘rnatildi. Bu yerda Toyloq, Urgut, Jomboy, Bulung‘ur tumanlaridan har kuni 180-200 ta talabnoma shakllantiriladi. 

2019 yilning iyun oyidan boshlab xorijga chiqish uchun biometrik pasportini berish viloyatning barcha tumanlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirga qadar yangi pasport borasida aholidan eng ko‘p tushayotgan savollar xorijga chiqish pasporti olgandan so‘ng, FHDYo organlarining nikoh haqidagi qaydi va propiska muhrlari borasida bo‘lmoqda. Mazkur turdagi hujjatda bunday muhr va ma'lumotlar joylashtirilmaydi. Faqatgina 16 yoshga to‘lmagan bolalarning hamroh qiluvchi shaxsi haqidagi ma'lumotni shu yerda birdan pasportga qayd etib bermoqdamiz.

Eslatib o‘tamiz, xorijga chiqish uchun alohida pasport respublika prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni asosida joriy yil 1 yanvaridan boshlab joriy etilgan.  

Yangi tartib bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elga chiqishi uchun «xorijga chiqish uchun biometrik pasporti» bilan hujjatlashtirilgan bo‘lishi hamda ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan 10 ish kuni davomida tayyorlanishi belgilangan.

Yangi tartib bo‘yicha, fuqaro xorijga chiqish uchun biometrik pasport bilan hujjatlashtirilishi uchun bir nusxadagi ish joyi, o‘qish maskani yoki hududiy o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan muhr bilan tasdiqlangan ariza-anketa topshirishi, unga qo‘shimcha ravishda 3,5 sm x 4,5 sm hajmdagi bir dona fotosurat, pasport nusxasi, hududiy Mudofaa ishlari bo‘limi ma'lumotnomasi (agar harbiy xizmatga majbur bo‘lsa) hamda eng kam ish haqining 120 foizi miqdoridagi (voyaga yetmaganlar uchun EKIHning 80 foizi — miqdorida) davlat boji undirilishi o‘zda tutilgan bo‘lib, chet elga borish uchun ruxsat berish yozuvining yopishtiriladigan stiker xorijga chiqish pasportiga yopishtirilmaydi.

Xorijga chiqish uchun biometrik pasport chaqaloqlarga 2 yil, voyaga yetmagan bolalarga 5 yil, voyaga yetgan fuqarolarga 10 yil muddatga beriladi.

Top