«Biz uchun boshqa vatan yo‘q!» – O‘qituvchi nega fuqaroligidan ajraldi?
Hayotda adolatsizliklar ko‘p. Biroq fuqarolikni olib qo‘yishdek adolatsizlik har qanday kishining qaddini bukadi. Qashqadaryolik o‘qituvchi Nurbek Farmonovning ham boshiga ana shunday tashvish tushgan. U O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida maktabda, litseyda, universitetda a'lo baholarga o‘qidi. O‘qituvchilik kasbini egallab, yoshlarga ta'lim-tarbiya berdi. Ammo uning qariyb 10 yildan buyon shaxsini tasdiqlab kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti o‘rniga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hujjati berildi. Shundan keyin uning hayotida muammolar boshlandi...
Tahririyatga hayoti va faoliyatidagi muammo-yu masalalarni hal etish uchun yordam so‘rab keluvchilar ko‘p. Xonamizga kirishidayoq Nurbekning ma'yus ko‘zlari diqqatimizni tortdi. U «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tanlovda ishtirok etish uchun kelgani, biroq hayotidagi navbatdagi adolatsizlikka duch kelgani haqida kuyunib gapira boshladi. Yosh pedagogni tinchlantirib, nima bo‘lganini bir boshidan surishtirdik.
— 1987 yili Tojikistonning Vaxsh tumanida tug‘ilganman. Asli ota-bobolarim qarshilik, — deydi Nurbek Farmonov. — Oilamiz 1983 yili onamning sog‘lig‘idagi muammolar tufayli tog‘li Vaxshga ko‘chib borib, yashashga majbur bo‘lgan. 9 yildan so‘ng, ya'ni 1992 yili yana Qashqadaryo viloyatiga — uyimizga qaytganmiz. Ota-onam ko‘chib kelgan yiliyoq O‘zbekiston fuqarosi sifatida pasport oldi. Otam ko‘p yil maktabda direktor bo‘lib ishladi. Onam o‘quvchilarga tarix fanidan dars berdi. Voyaga yetganidan so‘ng aka-opalarimga ham O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti berildi. Ikki akam Ichki ishlar vazirligiga qarashli yong‘in xavfsizligi bo‘limida ishlagan. Opalarim ham oliy ma'lumotli — ota-onam izidan borib, o‘qituvchilik kasbini egalladi.
1—5-sinfni Qarshi shahridagi 21-maktabda o‘qidim. 5—9-sinflarda Qarshidagi eng namunali ta'lim muassasasi — 1-maktab-internatda ta'lim oldim. Internatni bitirganimdan so‘ng Qarshi davlat universiteti qoshidagi litsey-internatda o‘qishni davom ettirdim. 2005 yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim. Bakalavriatni tamomlaganimdan so‘ng ikki yil magistraturada ham o‘qidim. Dastlab poytaxtimizdagi 319-maktabda ish boshladim. Ikki yil o‘quvchilarga ingliz tilidan dars berdim. Keyin til boyligimni oshirish maqsadida chet elga chiqdim. Dubaydagi mehmonxonada ishladim. 2012 yili O‘zbekistonga qaytib, pasportimni almashtirish uchun Qarshi tumani ichki ishlar bo‘limiga borsam «Siz va oilangizga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti noto‘g‘ri berilgan», deb hammamizning fuqarolik pasportimiz yig‘ib olinib, o‘rniga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hujjati berildi. O‘sha paytdagi ahvolimizni ko‘rsangiz edi...
Shu gapni aytgach, Nurbek chamasi ikki-uch daqiqa jim bo‘lib qoldi. So‘ng uzr so‘rab, xonadan chiqdi va biroz o‘tib qaytib kirdi. Uning ko‘nglidan o‘tayotgan kechinmalarini anglash qiyin emasdi. Axir, necha yillardan buyon shaxsini tasdiqlab kelayotgan fuqarolik pasportidan bir kunda mahrum bo‘lish asabi baquvvat insonni-da dovdiratib qo‘yishi tayin.
— 7 yildan buyon fuqaroligimizni qaytarish uchun harakat qilyapmiz, — deya suhbatni davom ettirdi Nurbek. — 2010 yillari chet elga chiqqan kishi oylab tekshirilardi. Tojikiston bilan munosabatlarda murakkablik bo‘lgani uchun qo‘shni davlat bilan aloqasi bor har bir kishiga boshqacha qaralar edi. Shu bois, barcha xo‘rliklarga chidab, dardimizni ichga yutib yashayverdik. Arz-holimizni hech kim tinglamasdi. Otam adolatsizliklarni ko‘tara olmadi, og‘ir kasal bo‘lib yotib qoldi. Ko‘p yillar kasbiga sadoqat bilan ishlagan akalarim sababsiz ishdan bo‘shatildi. Ishga joylashish uchun biror tashkilotga borsak, «Tojikistonda tug‘ilgan ekansiz, fuqaroligingiz ham yo‘q ekan», deya ortga qaytarardi. O‘sha payt yosh oilasi bilan ishsizlikdan qiynalib qolgan akalarimni ko‘rib, «Qayerdan ham pasportimni almashtirdim. O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib ketsam ham mayli edi», deya har kuni ezilardim. Ertangi kunga ishonchimiz batamom so‘ngandi. So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar oilamizda umid uyg‘otdi. Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida»gi farmonini eshitib, yana fuqaroligimizni qaytarib olish imkoni paydo bo‘lganidan behad suyundik. Fuqarolik olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza (iltimosnoma) bilan murojaat qildik. Aka, opalarim — barchamiz davlat idora va tashkilotlariga birin-ketin ishga kirdik. O‘zim Qarshi davlat universitetida ingliz tilidan dars bera boshladim. Chet tili mutaxassisi haqiqiy malakani xorijda oshiradi. Shu bois, xorijda o‘qish uchun tashkil etilayotgan loyihalarga qiziqaman. 2018 yili «El-yurt umidi» jamg‘armasi e'lon qilgan stipendiyalar tanlovida qatnashish uchun jamg‘arma rasmiy saytida so‘ralgan barcha hujjatlarimni taqdim qildim. Birinchi bosqichda hujjatlarimiz obdan tekshirildi. Tanlov talablariga javob bergan nomzodlar qatorida men ham bor edim. Ikkinchi bosqichda har bir ishtirokchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha suhbatdan o‘tdi. Ingliz tili mutaxassisi bo‘lganim bois, suhbat chet tilida bo‘ldi. Sinov jarayonida ingliz tilini bilish darajamiz, ishlab chiqqan dastur va chet elda o‘qishdan maqsadimiz aniqlandi. Ikkinchi bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tdim. Astoydil tayyorgarlik bilan uchinchi bosqichda ishtirok etish uchun keldim. Shu joyda tanlov tashkilotchilari «Fuqaroligingiz yo‘q ekan-ku, siz tanlovda qatnasha olmaysiz», deya tanlovdan chetlatishdi. Vaholanki, uchinchi bosqichga tavsiya etilganlar ro‘yxatida bor edim. Uchinchi bosqich natijalarini ko‘rsam, meni «KeLMADI», deb yozib qo‘yishibdi!
Prezidentimiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida kuyunib gapiradi. Mutasaddi rahbarlarga xalqni rozi qilish, adolatni qaror toptirish borasida topshiriqlar bermoqda. Ammo yuqoridagi kabi holatlar girdobida jabr chekayotgan kishilarni tinglaydigan, ularning muammosini hal qilib beradigan mutasaddilar necha yillardan buyon fuqaroligini qaytarib ololmayotgan yurtdoshlarimizga nahot yordam bermasa?! O‘qiyman, o‘rganaman, chet elda tahsil olib, xorijning ilg‘or tajribalarini yurtimizda qo‘llayman, degan Nurbek Farmonov kabi vatandoshlarimizni shunchaki yo‘qqa chiqarib qo‘ysak, qachon taraqqiy etamiz?!
«Xorijda ta'lim olish uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta'lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashga qabul qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun hamda qabul va tanlab olishning yagona qoidalari asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, Nurbek Farmonovning «bitayotgan yarasiga tuz sepmasdan» tanlovning birinchi bosqichi — nomzodlarning hujjatlarini tekshirish jarayonida unga tanlovda qatnasha olmasligi haqida to‘g‘ri tushuncha berish lozim edi.
Nurbek Farmonov fuqaroligi yo‘qligi bois, adolatsizliklardan ko‘p jabr chekkan. U aytgan voqea-hodisalarni birma-bir qoralashga ancha vaqt kerak. Shu on xayolga bir savol keladi: nima uchun bu oilaning muammosi shuncha yildan buyon hal etilmayapti? Savolni uning o‘ziga beraman.
— Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ham, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga ham bir necha bor murojaat qildik, — deydi u. — Bugun o‘z ishiga mas'uliyatsiz yondashayotgan tashkilot yoki rahbar ustidan shikoyat qilinsa, murojaat javobi o‘sha tashkilot yoki mansabdor shaxs orqali shikoyatchiga qaytadi. Shuning uchun so‘nggi paytlarda odamlarning Xalq qabulxonalariga bo‘lgan ishonchi pasayib ketgandir, balki. Lekin umidimiz so‘ngani yo‘q. Chunki bizning Vatanimiz O‘zbekiston! Biz uchun undan boshqa Vatan yo‘q!
«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun talablariga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z iltimosnomalariga ko‘ra kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma'lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e'tiqodlaridan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Buning uchun so‘nggi 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali Prezident nomiga fuqarolikka qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Xo‘sh, ko‘p yillar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida yashagan, keyin 20 yil avvalgi qandaydir hujjatlar ro‘kach qilinib, fuqaroligidan ayrilgan kishilar-chi? Ular kimga, qaysi tashkilotga murojaat qilsin?!
Mazkur qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi quyidagi hollarda bekor qilinadi: shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirsa; chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobida turmagan bo‘lsa; O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘on ma'lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa, bunday shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mamlakat Prezidenti farmoni asosida, farmon chiqqan kundan boshlab chiqariladi. Nurbek Farmonov va uning yaqinlarining fuqarolik pasporti esa «20 yil avval hujjat noto‘g‘ri berilgan», deya bekor qilingan. Butun boshli katta oilaning dardini tinglamasdan, tayinli javob bermasdan ularning fuqaroligini olib qo‘yish nechog‘lik to‘g‘ri ekan?!
Hasan MO‘MINOV, «Ma'rifat» muxbiri
Mavzuga oid
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
20:50 / 26.09.2024
Rus tilini bilmaydigan migrantlarga fuqarolik berilmaydi – Rossiya IIV
21:44 / 03.09.2024
Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari vakillariga fuqarolik berishni to‘xtatish taklif etildi
13:25 / 22.08.2024