Jamiyat | 17:48 / 01.03.2019
5979
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro ekspert: «O‘zbekistonda ijtimoiy himoya uchun talab va taklif darajasi muvofiq emas»

YUNISEF tomonidan jalb qilingan Kolumbiya universiteti (AQSh) xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy himoya tizimi tadqiq etildi, yutuq va kamchiliklar belgilandi. 

Tadqiqot natijalari 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan «Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi xodimlari faoliyatini takomillashtirish» mavzusidagi davra suhbatida ma'lum qilindi. 

Xalqaro ekspert Lyudmila Kimning e'tiroficha, jamiyatni qo‘llab-quvvatlashda mahalla institutining roli, bolalarni ijtimoiy himoya qilish davlat strategik siyosatining muhim qismi ekanligi va buning qonunchilikda aks etishi, so‘nggi ikki yilda davlat va nodavlat tashkilotlarida ijtimoiy himoya tizimi kadrlar sonini ko‘paytirish va malakasini oshirishga e'tibor qaratilayotgani O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya siyosatining yutuqlari hisoblanadi. Shuningdek, mutaxassis mamlakatda ijtimoiy himoya qamrovi mavjud talab hajmiga qaraganda ancha kamligini qo‘shimcha qildi.

Ekspertlar guruhi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, oilalar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovchi yagona markaziy tashkilotning mavjud emasligi, himoyaning davlat muassasasi qaramog‘iga olishdan boshqa muqobil variantlari (patronat, homiylik, vasiylik) kam foizda mavjudligi, ijtimoiy himoya tizimi kadrlarining mutaxassislik ma'lumotiga ega emasligi, ular uchun aniq kvalifikatsiya talablarining belgilanmaganligi sohaning kamchilik va muammolari sifatida qayd etilgan. 

Shuningdek, tadqiqotlar natijasi o‘laroq ijtimoiy himoya tizimi kadrlarini uzluksiz o‘qitish, kadrlarga qo‘yiladigan kasbiy talablarni qayta ko‘rib chiqish, aholining ijtimoiy himoyasi bilan shug‘ullanuvchi yagona davlat muassasasini tashkil etish, soha bo‘yicha ta'lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish ekspertlar tomonidan taklif etildi.

11 fevral kuni qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Qaroriga muvofiq bolalar ijtimoiy himoyasini deinstitutalizatsiya qilish, ya'ni qarovsiz bolalarning davlat muassasalarida emas, balki homiylik va vasiylik asosida oilalarda tarbiyalanishini ta'minlash bo‘yicha yangi konsepsiya ishlab chiqilishi va bunda Kolumbiya universiteti ekspertlari tadqiqot natijalaridan foydalanilishi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid