Jahon | 20:40 / 09.03.2019
30298
7 daqiqa o‘qiladi

Jinoyatchi egizaklarning birini boshqasidan qanday farqlash mumkin?

Jinoyatda aybdorni topish oson ish emas. Agar jinoyatda gumon qilinayotgan shaxsning egizagi bo‘lsa, ayblov tomoni ancha ter to‘kishga majbur bo‘ladi. Bunday hollarda, DNK tahlili ham yordam bermasligi mumkin, chunki egizaklarning qon tahlili ayrim hollarda bir xil chiqadi. 

2009 yil 25 fevralda Berlin shahrida shov-shuvli jinoyat ishi sodir etildi. Qimmatbaho taqinchoqlar savdosiga ixtisoslashgan Kaufhaus Des Westens​ do‘koniga uch nafar niqobli o‘g‘rilar binodan tomidan kirib, 5 million yevro qiymatidagi buyumlarni olib ketgan.

Politsiyaning omadi kelib, o‘g‘rilarning biri qo‘lqopsiz harakatlanganda, DNK izi qolib ketganini topdi. Rasmiy bazada bu ma'lumotlar egizak Abbos va Hasanga tegishli ekani ma'lum bo‘ladi. Gumondor avval ham o‘g‘irlik qilgani uchun qo‘lga olingandi. Ammo tergov ishida muammo paydo bo‘ldi.

Tergovchilar egizaklarning qay biri jinoyatga qo‘l urganini aniq isbotlab berishga qodir emasdi, yuqori texnologiyalar asosida DNK tahlilini o‘tkazish ancha qimmat turadi, ayblanuvchining jinoyatni sodir etganini isbot qiluvchi boshqa dalil ham yo‘q. Ayblov kimga nisbatan e'lon qilinishi ham noma'lum edi: jinoyatchi Abbosmi yo Hasan?

«Topilgan dalilga ko‘ra, egizaklarning biri jinoyatga qo‘l urgani bo‘lishi tayin. Ammo ulardan qay biri ekanligini aniq tasdiqlay olmaymiz», — deya ta'kidladi sud.

Egizaklar esa ko‘rsatma berishdan bosh tortdi. Sud ularni qo‘yib yuborishdan boshqa tanlovi qolmagandi. Aka-ukalar jurnalistlar qarshisida «huquqiy rivojlangan davlatda yashayotganidan xursand»ligini bildirgan.

Bunday vaziyatlar kam yuz beradi, ammo politsiya va sud ishida muammo hal qilinmagandi.

Kanadalik jinoyat ishlari bo‘yicha yurist, Nyu-York universiteti huquqshunoslik fani o‘qituvchisi Rikardo Federikoning ta'kidlashicha, DNK kimningdir aybli yo aybsizligini isbot qiluvchi universal instrument emasligini ayon bo‘ldi.

«Tergov davomida ilmiy metodning kamchilikka yo‘l qo‘yishi istisno etilmaydi. Bu masalada muammo avvaldan oydek ravshan: sudning qarshisiga bir xil DNK saqlovchi egizaklarni o‘tqizib, jinoyatchini tanlashga majbur qila olmaysiz»​, —​ deydi u.

Odatda egizaklarni tanadagi alohida belgisi, masalan tatiurovka yo tirtiq, bilan tanib olish mumkin. Shuningdek, barmoq izi ham egizaklarda turlicha bo‘ladi.

2003 yil Chikagoda ko‘cha guruhlaridan birining a'zosi otib ketilgandi. Qora kiyimdagi jinoyatchi bir kishini otib, ikkinchi nishondagi kishini jarohatlagan. Gumondor tez orada qo‘lga tushdi  —​ u raqobatchi guruhning a'zosi Kevin Dyugar bo‘lib chiqdi. Sud uni qamoqqa jo‘natdi. Ammo oradan ko‘p yillar o‘tib, Kevinning egizagi Karl Smit o‘tmishdagi jinoyatni u sodir etganini tan oldi.

Boshqa jinoyatlarni sodir etganligi uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Smit «vijdon azobi bilan haqiqatni tan olishga majbur» bo‘lgani haqida gapirdi. Garchi guvohlar Kevinga niqtab, ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan bu Smit bo‘lishi ham mumkin edi.

Shunga qaramay, sudya ishni qayta ko‘rib chiqishni rad etdi. Sud ajrimiga ko‘ra, Smitning yo‘qotadigan hech nimasi qolmagan, shu tufayli jazoni o‘tayotgani egizagiga yordam berishga qaror qilgan. 

​Tarixda gumondor sifatida qo‘lga olinib, aniq jinoyatchini farqlash imkoni bo‘lmagani uchun ozodlikka chiqarilgan egizaklar ko‘p uchraydi. Masalan, o‘tgan asrning 50-yillari AQShda aka-uka Charlz va Jorj Finn ishi ancha ommalashgan. 

Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari, sobiq harbiy uchuvchilar xususiy aviakompaniya tuzishni o‘ylab qoladi. Armiya hisobidan chiqarilgan transportlarni sotib olgan aka-ukalar federal hukumat tomonidan noqonuniy kelishuvni amalga oshirganlikda ayblanadi. Egizaklar samolyotni qaytarib bermaydi, ulardan biri transportni Nevada cho‘llariga yashiradi. 

Federal tergov byurosi samolyotni topganda, egizaklarga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Faqat sud qasamxo‘rlari jinoyatchilarni farqlay olmaydi, shu tufayli egizaklar ozodlikda qoladi.

Bir necha yillar avval Eurofins nemis kompaniyasi egizaklar DNK tahlili o‘rtasidagi farqni topishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Tanadagi genlar bir xil bo‘lishiga qaramay, yillar davomida ularning mutatsiyaga uchrab, shakllanib borishi istisno etilmaydi. Tahlilda aniqlangan mutatsiya jinoyat joyidan topilgan dalillar bilan solishtirilganda, farqlar kelib chiqadi. 

Yangilik zo‘rlik ishlatgan, egizagi bor gumondor ishini olib borayotgan amerikalik e'tiborini tortdi. 2004 yili sodir etilgan jinoyatda gumondor sifatida qo‘lga olingan Dueyn Makneyr DNK tahlili aybdorning kimligiga aniqlik kiritdi, faqat Dueynning egizagi ham bor edi. Nazariy jihatdan jinoyatni uning akasi sodir etgan bo‘lishi ham mumkin.

Keyinroq, yana bir ayblanuvchi qo‘lga olindi, u darhol Makneyrga qarshi ko‘rsatma berdi. Shunga qaramay, prokuror ayblov uchun yetarli dalilga ega emasdi. Shunda tergov organi Eurofins​ kompaniyasiga murojaat qilishga qaror qildi. O‘shanda kompaniya xizmati 100 ming dollarga baholangan.

Kompaniya o‘tkazgan DNK tahlili jinoyatni aynan Dueyn Makneyr sodir etganiga ishora qildi. Makneyr himoyachisi ushbu tahlil tajriba-sinov tariqasida o‘tkazilgani uchun natijani dalil sifatida qabul qilinmasligini so‘radi.  Sud baribir yetarli asos va dalil mavjud emas, deb topdi. Makneyrning aybini isbotlovchi boshqa dalillar ham topildi, u jazosini oldi, biroq sud tahlil natijasini tan olmadi.

Eurofins​ xizmatidan shu paytgacha faqat bir marta foydalanilgan holatda sudning haqiqiy qarori kuchga kirgan. U Germaniyadagi otalikni belgilash bo‘yicha sud ishi edi. Ammo egizaklarning jinoyatini isbotlash hanuz jumboqli vazifalardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid