Bugun Sport24 nashrida «Leoga o‘xshamayman – Drogba va Torres yoqadi». «Rostov»da o‘zbek Messisi o‘ynamoqda» sarlavhasi ostida O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov bilan intervyu e'lon qilindi.

Eldor rus muxbiri bilan suhbatda yil boshida BAAda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi taassurotlari, o‘zini Messiga o‘xshash deb hisoblamasligi, O‘zbekistonda Nesterovni kim deb atashlari, Joze Mourino bilan qayerda uchrashgani, sobiq klubi «Bunyodkor»ga Rivaldo kelgan vaqtdagi xotiralari kabi mavzularda so‘z yuritgan.

– Osiyo Kubogida nimchorak final O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli natijami?
– Terma jamoa nimchorak finaldan albatta o‘tishi kerak edi. Buning uchun bizda barcha imkoniyat bor edi. Hozir O‘zbekiston termasida yaxshi futbolchilardan iborat jamoa yig‘ilgan, ammo omad yetishmadi. Ishonchli tarzda guruhdan chiqdik, Avstraliyaga qarshi bahsda ham yomon o‘ynamadik. Penaltilar seriyasi – lotereya demakdir.

Avstraliya – juda kuchli jamoa, lekin yengib bo‘lmaydigan jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. Bilaman, O‘zbekiston terma jamoasi hozirgacha biror marta avstraliyaliklarni yuta olmagan, ammo bu seriya qachondir tugaydi.

– Osiyo Kubogining 4ta o‘yinida 4ta gol urdingiz.
– Bu yaxshi, biroq birinchi navbatda jamoaning natijasi muhim. O‘zim gol urmasam ham, jamoa keyingi bosqichga chiqqanida ancha ko‘proq quvongan bo‘lardim.

– Yaponiya darvozasiga urgan golingiz xuddi zambarakdan otilgan o‘qdek. Buni qanday amalga oshirdingiz?
– O‘yin vaqtida qandaydir o‘ziga xos ishni qilganim haqida o‘ylaganim ham yo‘q. To‘p qabul qilib oldim-u, vaziyatga baho berdim: oldinda ikki himoyachi turardi, biznikilardan hech kim yo‘q edi. Kimdir bo‘lganida pas oshirgan bo‘lardim, ammo vaziyatni o‘zim hal etishimga to‘g‘ri keldi.