Iqtisodiyot | 09:46 / 26.03.2019
6260
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha 6ta yo‘nalishga e'tibor berish lozimligi bildirildi

Foto: Shutterstock

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakilligi tomonidan Moliya vazirligi bilan hamkorlikda budjetlararo munosabatlarni tartibga solish mavzusida Jahon tajribasiga bag‘ishlangan videokonferensiya ko‘rinishidagi seminar o‘tkazildi.

Seminarda Jahon bankining bosh iqtisodchi Eskender Trushin, bosh ofisdan ishtirok etuvchi uch nafar mutaxassis – Emiliya Skrok, Eva Korjich va Xorxe Martinez, Moliya vazirligidan Davlat budjeti bosh boshqarmasi va Hududlar moliya bosh boshqarmasining mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ekspertlar tomonidan rivojlangan davlat amaliyotida keng qo‘llanilayotgan budjetlararo munosabatlarni tartibga solish tizimi bo‘yicha amaliy misollar bilan batafsil tushuntirishlar berish bilan birga O‘zbekiston Respublikasida budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha quyidagi 6 ta yo‘nalishga e'tibor berish lozimligi to‘g‘risida taklif va mulohazalari bildirildi.

Birinchidan, mamlakat budjet tizimida qo‘llanilayotgan respublika va mahalliy budjetlar o‘rtasida daromadlarning turlari bo‘yicha ajratmalar miqdori hududlar bo‘yicha bir xil bo‘lishi lozimligi tavsiya qilishdi.

Ikkinchidan, daromadlarni respublika budjeti hamda mahalliy budjetlar o‘rtasida taqsimlashda yer qa'ridan foydalanganlik uchun hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini respublika budjetida qoldirish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdilar. Buni ekspertlar quyidagicha izohlashdi:

yer osti foydali qazilma boyliklari hamda boshqa tabiiy zaxiralar hududlar bo‘yicha teng taqsimlanmaganligi hamda tabiiy resurslardan respublikaning barcha fuqarolari foydalanish huquqini tengligi;

qo‘shilgan qiymat solig‘i doimiy xarakterga ega bo‘lmaganligi hamda asosan yirik soliq to‘lovchilardan tushishini inobatga olib, uning biron bir sabab bilan ma'lum bir davrda tushmay qolishi mahalliy budjetning daromadlariga keskin ta'sir etib, xarajatlarning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi;

soliq tushumlarini respublika va mahalliy budjetlar o‘rtasida taqsimlashda mahalliy budjetlarning barqarorligini ta'minlash maqsadida soliqlarning teng taqsimlashdan tashqari iqtisodiy samaradorlik mezoniga, ya'ni soliq solish bazasiga hamda soliq yig‘uvchanlikka ta'sir ko‘rsatish imkoniyatini ham hisobga olish zarur.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu soliqdan tushumlar davlatning vakolatiga kiruvchi umumdavlat iqtisodiy siyosatga bog‘liq. Xususan korxonalarda hisoblangan QQS miqdoridan sotib olingan tovar (xizmatlar) uchun to‘langan QQS miqdoriga kamayishi, shuningdek, nol stavkada soliqqa tortilganda tovar aylanmasi (tovarlarni eksport qilganda)ga hisoblangan QQS miqdori va hisoblangan umumiy QQS miqdori orasidagi farqni soliq to‘lovchiga qaytarishni ko‘zda tutuvchi mexanizm - mahalliy budjet daromadlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Misol uchun, nol stavkani qo‘llaganlik tufayli ortiqcha hisoblangan QQS miqdori Davlat budjeti daromadlari hisobidan soliq to‘lovchiga qaytariladi. Ushbu holatda ortiqcha to‘lovlarni mahalliy budjet hisobidan qaytarish uning daromadlarining keskin kamayishiga olib keladi va natijada rejalashtirilgan xarajatlar (oylik maoshlarni to‘lash, oziq-ovqat va dori vositalari bilan ta'minlash) ni o‘z vaqtida moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi.

Ayrim davlatlar qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini hududlarning aholi soni yoki hududiy ichki mahsulot hajmiga qarab qayta taqsimlab berish amaliyotini joriy etgan.

Uchinchidan, ayrim mahalliy soliq turlari (mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va boshqalar) bo‘yicha stavkalar miqdorini belgilashni mahalliy davlat hokimiyat organlari vakolatiga berilishi maqsadga muvofiq. Bunda ular uchun ma'lum bir oraliqlar belgilab beriladi.

To‘rtinchidan, hududlardagi budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda ishlovchi xodimlar mehnatiga to‘lanadigan ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorlari bir-biridan farq qilmasligini (alohida iqlim sharoitiga yoki uzoqligi bilan bog‘liq holda farq qilishi mumkin) ta'minlash talab etiladi.

Beshinchidan, jahon tajribasida hududlarda investitsion xarajatlarni amalga oshirishda mahalliy budjetlarga ichki qarzlarni jalb qilishga ruxsat berish amaliyoti joriy etilgan. Biroq bunday holatda mahalliy budjetlarning qarz olish chegaraviy miqdorlarini qonun bilan belgilash lozimligi aytib o‘tildi.

Oltinchidan, maqsadli transfertlarni mahalliy budjet xarajatlarining aniq yo‘nalishlari (misol uchun umumta'lim muassasalari o‘quvchilarni o‘qitish va boshqalar) bo‘yicha belgilash amaliyotiga o‘tish tavsiya etildi. 

Moliya vazirligi xabarida aytilishicha, tomonlar budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish masalasida yana muloqot qilish to‘g‘risida kelishib olishdi.

Mavzuga oid