Jahon | 20:06 / 06.04.2019
41155
6 daqiqa o‘qiladi

«U bizdan emas!» Kraystcherch fojiasiga keskin munosabat bildirgan avstraliyalik senatordan iste'fo talab qilindi

Shu hafta Avstraliya Senatida Yangi Zelandiyadagi teraktlardan keyin uni uyushtirgan avstraliyalik terrorchini emas, balki mutaassib musulmonlarni ayblab chiqqan senator Freyzer Enning iste'fosi muhokama qilindi. 

Freyzer Enning / Foto: ROD MCGUIRK/AP

Enning 15 martda Kraystcherch shahrida 50 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan qonli voqea kuniyoq ijtimoiy tarmoqlarda bunga o‘z munosabatini bildirgan, hodisaning asl sababi mamlakatdagi qurol savdosi bo‘yicha qonunlar emas, mutaassib musulmonlarning ommaviy ko‘chib kelishiga yo‘l ochib beruvchi migratsiya siyosati ekanini yozgandi. U keyinroq bu so‘zlarini tarmoqdagi sahifasidan o‘chirib tashladi, ammo ungacha qator OAV bu haqda xabar bergan, buning ortidan ko‘plab siyosatchilar senatorni tanqid qilib chiqqandi. Xususan, Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison uning so‘zlarini «jirkanch», nuqtayi nazarini esa mamlakat parlamenti uchun nomunosib deb atadi.

Shunday bo‘lsa-da, Freyzer Enning va uning fojiaga munosabati haqida jahon ommasi asosan teraktlarning ertasi kuni ushbu senator bilan ro‘y bergan voqea tufayli xabar topdi. 16 mart kuni Melburnda jurnalistlarga intervyu berayotgan Enningning boshiga o‘smir yigit tuxum bilan urgani internetda shov-shuvga aylandi.

Ko‘p o‘tmay, «change.org» portalida 69 yoshli senatorning iste'fosi talab etilgan petitsiya boshlandi. Uni 1,4 mlndan ortiq inson imzolagach, shu hafta boshida mazkur masala Avstraliya parlamentida senator Mehrin Faruqi tomonidan muhokamaga qo‘yildi. Faruqi o‘z so‘zida, jumladan, shunday dedi:

«Senator Enning, siz qilgan ish – mutlaqo sharmandalik. O‘zingizdan uyalishingiz va iste'fo berishingiz kerak».

Boshqa bir senator Sara Henson hamkasbining so‘zlariga toqatsizligini ochiq bildirib, ancha keskin ohangda gapirdi:

«Siz isnodga qoldingiz. Bizga qarab kulmang. Odamlar halok bo‘lishdi, siz bo‘lsa buni hazil deb o‘ylayapsiz, hazil! Qanday sharmandalik! Uning senator bo‘lishga va o‘z toqatsizligini, irqchiligini, terrorizm va qotillikni oqlovchi ekanini baralla jar solib aytishga haqqi yo‘q.

Biz buning oqibati nima bo‘lishini bilamiz, chunki guvoh bo‘ldik. Yangi Zelandiyada 15 martda ko‘rdik! Buning oqibati nima bo‘lishini bilamiz, chunki halok bo‘lgan 50 kishining ismlarini eshitdik.

Men uni hatto senator Enning deb ham atamoqchi emasman, chunki u bunga loyiq emas. U Avstraliya xalqini aks ettiruvchi vakil bo‘lishga qodir emas. U o‘zini avstraliyalikman deya olmaydi! U bizdan emas!»

Senatdagi muxolifat yetakchisi Penni Uong ham mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi:

«Nafrat olovi keltirib chiqargan dahshatli voqealardan keyin, insonlar qayg‘uga cho‘mgan, butun xalq motam tutayotgan bir vaqtda bir senator haqoratli va nifoq urug‘ini sochadigan bayonot bilan chiqdi. U yuz bergan dahshatli terror va qotillikda ultra-o‘ng qarashlarga ega ekstremist-terroristni emas, balki ajal voqeasi qurbonlarini aybladi.

Bu senator boshboshdoqlik oloviga o‘tin qalashga urindi. Qanday ayachli holat... Qandayin sharmisorlik...», – dedi u.

Enning esa uzr so‘rab, iste'fo berish niyatida emas. U senatorlarning yuqoridagi fikrlarini «erkin fikr bildirish huquqiga tahdid» deya baholadi, o‘ziga nisbatan bunday munosabatni «so‘l qanot vakillarining qanchalar axloqli ekanliklarini namoyon qilishlarining eng yomon ko‘rinishi» deb atadi. Penni Uong esa, bu borada quyidagilarni ta'kidladi:

«So‘z erkinligi va haqorat qilish o‘rtasida farq bor. So‘z erkinligi – demokratiyaning xususiyatlaridan biri, haqorat esa demokratiyaga nisbatan hujumdir. Irqchilik, xurofot, kamsitish va haqoratga yo‘g‘rilgan nutqlarga toqat qilib o‘tirmasligimiz zarur. Bunday hollarga duch kelganda bu haqda jar solishimiz kerak».

Foto: AAP Image / Mick Tsikas / via REUTERS

Ma'lumot uchun, Enning 2016 yilgi saylovlarda yetarlicha ovoz yig‘a olmagan, ammo 2017 yilda boshqa bir senator iste'foga chiqarilganidan so‘ng uning o‘rniga bor-yo‘g‘i 19ta birinchi o‘rindagi ovoz bilan saylangan. U 2 aprel kuni Freyzer Enningning Konservativ milliy partiyasi deb nomlangan partiyaga asos soldi.

Mavzuga oid