O‘zbekiston | 16:58 / 11.04.2019
27523
4 daqiqa o‘qiladi

DXXdan so‘ng IIV xodimlarining ham ovqatlanishi autsorsing shaklida tashkil etilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarining ovqatlanishini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:

oshxonalar xodimlari sonini, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish va yetkazib berish xarajatlarini maqbullashtirish, tabiiy kamayish normalari doirasida nobudgarchiliklarni eng kam darajaga keltirish, taomlar turlarini xilma-xillashtirish va ovqat tayyorlash sifatini yaxshilash hamda xizmat samaradorligini oshirish imkonini beradigan ichki ishlar organlari xodimlari, kursant va tinglovchilar hamda harbiy xizmatchilarning ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;

autsorsing shartlarida ovqatlanishni tashkil etishni, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlarida, o‘quv yurtlarida, vaqtinchalik ushlab turish hibsxonalari va davolash muassasalarida joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

autsorsing bo‘yicha umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlariga haq to‘lash autsorserning barcha xarajatlari (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari hamda asbob-uskunalarni ta'mirlash va ulardan foydalanish va boshqalar) o‘z ichiga oladigan 20 foizgacha ustama haq hisobga olingan holda, shartnoma tuzilishi sanasida oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha bir ovqatlanuvchiga tegishli kontingent uchun ovqatlanishning tasdiqlangan normasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi;

ovqatlanishni tashkil etish uchun ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov nol stavka bo‘yicha belgilanadi;

ovqat tayyorlash uchun autsorser tomonidan iste'mol qilinadigan kommunal xizmatlar qiymati O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida qoplanadi;

autsorsingning ko‘rsatgan xizmatlari uchun narxlar (shartnomalar bo‘yicha), qoidaga ko‘ra, ko‘pi bilan bir oyda bir marta qayta ko‘rib chiqilishi kerak;

autsorsing bo‘yicha shartnomalar tuzish umumiy ovqatlanish sohasida katta ish tajribasiga, tegishli moliyaviy va logistik bazaga ega bo‘lgan talabgorlarga ustunlik berilgan holda, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

sanitariya qoidalariga, gigiyena normalari va normativlariga, shuningdek, texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga to‘liq muvofiq bo‘lishi kerak bo‘lgan ovqat tayyorlash va mahsulotlar sifatini nazorat qilish zarurati tug‘ilganda vazirliklar va idoralarning mutaxassislari jalb etilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

autsorsing tizimiga o‘tish munosabati bilan tejalgan pul mablag‘larini, birinchi navbatda, ichki ishlar organlari xodimlari, kursant va tinglovchi, harbiy xizmatchilar hamda vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning ovqatlanishi shart-sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli xizmatlarida shaxsiy tarkibning ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ikki oy muddatda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

narxlarning asossiz o‘sib ketishiga va ovqat sifatining yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat'iy nazoratni ta'minlaydi.

Bundan oldin, Vazirlar Mahkamasining DXXga aloqador yangi qarori qabul qilingandi.

Mavzuga oid