O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lash tizimini tubdan isloh qilishga tayyorgarlik ko‘rilyapti
Joriy yil 2-11 aprel kunlari Toshkent shahrida Davlat sektorida mehnatga haq to‘lash tizimi va bandlik masalalari bo‘yicha Aleks Appiya-Koranteng (Davlat sektori bo‘yicha bosh mutaxassis) boshchiligidagi Jahon banki missiyasi faoliyat olib bordi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu tashrif davomida xalqaro ekspertlar mehnatga haq to‘lashning amaldagi holatini o‘rganish maqsadida Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligining mutaxassislari bilan uchrashishdi.
Bugungi kunda xalqaro ekspertlar ishtirokida davlat sektorida mehnatga haq to‘lash tizimini isloh qilish bo‘yicha Yo‘l xaritasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yo‘l xaritasi ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1,5 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Birinchi bosqichda ish haqi va kadrlar boshqaruvi masalalari bo‘yicha mustaqil davlat organi, shuningdek, islohotlarni muvofiqlashtirish uchun mas'ul bo‘lgan idoralararo komissiya tashkil etilishi nazarda tutilgan. Dastlabki bosqichda davlat sektorida mehnatga haq to‘lashni belgilash metodologiyasi, jumladan ish haqi miqdoriga ta'sir qiluvchi mezon (omil)larni hamda har bir lavozim bo‘yicha funksional majburiyatlarni belgilash metodologiyasi ishlab chiqiladi. Ushbu bosqichda ish haqi miqdorini aniqlashning yangi tizimini 5-6 ta tarmoq vazirliklari va idoralarda tajriba sifatida qo‘llash rejalashtirilmoqda.
Ikkinchi bosqichdagi eng asosiy vazifa bo‘lib, barcha vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalarining to‘liq funksional tahlilini o‘tkazish, shuningdek mehnatga haq to‘lash va tariflarning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishdan iborat bo‘ladi.
Jahon banki ekspertlari Yo‘l xaritasi loyihasida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarish uchun ish haqi va ustamalar tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta'kidlashmoqda.
Davlat sektorida mehnatga haq to‘lash va bandlik tizimini isloh qilish natijasida quyidagi strategik maqsadlarga erishish kutilmoqda:
• davlat sektorida mehnatga haq to‘lash fondining moliyaviy barqarorligiga erishish;
• davlat sektorida mehnat resurslarining samaradorligi va natijaviyligini oshirish;
• kadrlar boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish;
• davlat sektorida xodimlar mehnatiga mutanosib ish haqi to‘lanishining shaffofligi, adolatliligi va tengligini ta'minlash hisobidan har tomonlama munosib ish jarayonini joriy etish.
Bundan oldin, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga aloqador kamchiliklar ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
07:50 / 26.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mdan oshdi
14:10 / 02.10.2024
Mehnat organlariga murojaat qilganlardan ortiqcha hujjatlar talab etilishi oldi olinadi
08:00 / 07.09.2024
Ayrim o‘qituvchilarga kabinet mudirligi uchun har oy qo‘shimcha haq to‘lanadi
10:50 / 26.07.2024