22 aprel kuni hukumat topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan, Sergeli tumanida qurilgan arzon uylar masalalari bo‘yicha ish olib borayotgan komissiyalarning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiyalar rahbarlarining hozirga qadar bajargan ishlari haqida axborotlari tinglandi.

Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim e'tirozlarga sabab bo‘layotgandi. 

Shu sababli 11 aprel kuni Sergeli tuman hokimligida Hukumat a'zolari ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. 

Sayyor yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni joyining o‘zida o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha ikkita komissiya tuzilgan. Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini o‘rganish, ularni imkon qadar arzonlashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish, Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni o‘rganish va joyining o‘zida bartaraf etish vazifalari topshirilgandi.

Qurilish vaziri 2 686ta xonadon o‘rganilgani, ulardan 283tasida kamchilik aniqlangani va bartaraf etilgani, hech kim yashamayotgani sababli 155ta xonadonni o‘rganish imkoni bo‘lmaganini ma'lum qildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilinayotgani, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi o‘rganilayotgani, bank marjasi va sug‘urta pulini kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotgani haqida axborot berdi.

Komissiyalarning axborotlari tanqidiy muhokama qilindi. Ularga ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi ta'kidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy uqtirildi.

Shundan so‘ng komissiyalar a'zolari Sanobarxon Sodirova yashaydigan 18-uy, 45-xonadonda bo‘lib, bu yerda bajarilgan qo‘shimcha ta'mirlash ishlari bilan tanishdi.

– Men uyimizning qurilish sifatidan shikoyat qilgan edim, – deydi Sanobarxon Sodirova. – Uch kun ichida hamma kamchiliklar tuzatildi. Ochig‘i, bunday e'tiborni kutmagan, chala ishlar tezda yakuniga yetkazilishiga ishonmagan edim. Bundan juda xursandmiz.