Zelenskiy birinchisi emas: davlat rahbariga aylangan artistlar
Ukrainada bo‘lib o‘tgan saylovlarda komik aktyor Vladimir Zelenskiy g‘alaba qozondi. Hali natijalar rasman qilinmagan, aktyor prezidentlikka kirishmagan bo‘lsa-da, bu davlatning keyingi rahbari aynan Zelenskiy bo‘lishiga shubha yo‘q. Ko‘pchilik uchun shu paytgacha qiziqchilik qilib kelgan aktyorning prezidentlikka saylanishi g‘ayritabiiy tuyulsa-da, artistlar orasida davlatlarni boshqarganlar talaygina.
Jimmi Morales, 2016 yildan buyon Gvatemala prezidenti
1969 yilda kambag‘al oilada tug‘ilgan Jimmi Morales yoshligida otasidan ayrilgan, muhtojlik tufayli banan sotish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan.
Ulg‘ayganidan keyin akasi Samuel bilan kinoindustriyaga qiziqib qoladi va Moralejas dasturini tashkil qilib, Nito va Neto ismli kambag‘al yigitlar obrazini sahnaga olib chiqishadi. 2011 yilda siyosatga kirishgan Morales 2015 yilda mamlakatdagi siyosiy inqirozdan foydalanib Gvatemala prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yadi. Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash kabi oddiy xitoblarga to‘lgan dasturi bilan xalq ko‘nglini ovlagan Morales 2015 yilning oktyabrida o‘tgan saylovda 67,4 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ladi. Ammo keyinchalik uning o‘zi ham qator korrupsion mojarolarga aralashib qoladi.
Lenin Moreno, 2017 yildan buyon Ekvador prezidenti
Uning otasi kimning siyosiy qarashlaridan ilhomlangani o‘g‘liga qo‘ygan ismdan bilinib turibdi.
1953 yilda tug‘ilgan Lenin o‘zini har xil sohalarda sinab ko‘rdi, davlat xizmatiga kirishdi va turizm rivojiga hissa qo‘shishga harakat qildi. 1998 yilda o‘g‘rilar Morenoning beliga o‘q uzadi va u butun umrga falajlanib qoladi. Ammo u tushkunlikka tushmaydi va vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li sifatida qiziqchilikni tanlaydi. 2013 yilda Moreno BMTning nogironlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini tark etadi va 2016 yilda Ekvadorga qaytadi. Mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Korreaning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ydi va 51 foiz ovoz bilan g‘olib chiqadi. Keyinchalik davlat boshqaruvini butunlay o‘zgartirib yubordi, avvalgi prezident bilan nafaqat teskari bo‘lib ketdi, balki uning tarafdorlarini qamatishgacha bordi. Shuningdek, Lenin Moreno WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni Londondagi elchixonadan chiqarib yuborgani bilan ham tarixga muhrlandi.
Maryan Sharets, 2018 yildan buyon Sloveniya bosh vaziri
41 yoshli Maryan Sharets Lyublyana teatr, radio, filmlar va televideniye akademiyasi bitiruvchisidir. 2000-yillarda u RTV telekanalida jurnalistlik qila boshlaydi hamda radio va televideniye orqali komedik shoular tayyorlaydi. Faoliyati davomida Sloveniyaning yetakchi siyosatchilaridan tashqari Fidel Kastro va Usama bin Ladenni taqlid qiladi.
U ekranga olib chiqqan Ivan Serpentinshek obrazi hamisha tajangligi va xalqchilligi bilan shuhrat qozongan.
2010 yilda Maryan Sharets siyosatga qiziqib ketdi va o‘zining jiddiy masalalarda ham ko‘p ishga qodirligini isbotlashga kirishadi. Avvaliga mittigina Kamnik shahri meri lavozimini egallagan artist keyinchalik, 2017 yilda prezidentlikka ham nomzodini qo‘ydi, ammo 47 foiz ovoz olib yutqazdi. Shunda ham chekinmagan Sharets 2018 yilda parlament saylovlariga ko‘ra partiyalar koalitsiyasini tuzdi va hukumatga rahbar bo‘ldi.
Ronald Reygan. 1981–1989 yillarda AQShning ikki karra prezidenti
Artistlikdan siyosatga o‘tganlarning eng mashhuri Ronald Reyganni ko‘pchilik AQShning qirqinchi prezidenti sifatida biladi. Ammo Reygan Hollivudda ham yetakchi aktyorlardan biri bo‘lgan. Bundan tashqari, u o‘z vaqtida radioboshlovchilikda ham o‘zini sinab ko‘rgan.
Kollejni tugatganidan so‘ng Ronald radiostansiyalarda sport sharhlovchisi bo‘lib ishlab yurgan. 26 yoshida u kinosinovlarda qatnashib ko‘radi va Warner Brothers studiyasi bilan yetti yillik shartnoma imzolaydi. Keyingi ikki yillik faoliyati davomida Reygan 19ta filmda rol o‘ynaydi. Uning ishtirokidagi «Kingz Rou» kinoasari hatto «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘ladi. Ronald Reyganni olti marta aktyorlar gildiyasi prezidentligiga saylashadi.
1967 yilda u siyosatda o‘zini sinab ko‘rdi va Kaliforniya gubernatorligiga saylandi. Bu yutuq bilan qanoatlanmagan sobiq aktyor 69 yoshida AQSh prezidenti lavozimini egallaydi va yosh jihatdan mamlakatning yangi saylangan eng keksa prezidentiga aylanadi. Ikkinchi marta saylovlarda SSSRga qarshi kurashni asosiy maqsad deb bilgan Reyganning obro‘si shu qadar kuchayib ketadiki, 50ta shtatning 49tasida g‘alaba qozonadi va faqat bitta shtatdagina raqibidan 4 mingta kam ovoz to‘playdi.
Egizaklar Lex va Yaroslav Kachinskiylar, Polsha prezidenti va bosh vazirlari
2010 yilda Rossiya o‘rmonlari ustida yuz bergan aviahalokat natijasida halok bo‘lgan Lex Kachinskiy 2005 yilda prezidentlikka saylanganidan keyin ko‘p qarshiliklarga qaramay o‘z ukasi Yaroslav Kachinskiyni bosh vazir qilib tayinlagandi. Dunyo siyosatida egizaklar davlatni boshqarishi juda qiziq tuyulishi mumkin. Ammo bugun ularning siyosiy yutuqlari haqida emas, aynan artistligiga e'tibor qaratamiz.
Bu ikki egizak bolakay 1962 yilda, 13 yoshlarida bolalar uchun ishlangan «Oyni o‘g‘irlaganlar» badiiy filmida suratga tushadi va bu film nafaqat Polshada, balki boshqa davlatlarda, xususan sobiq ittifoqda ham shuhrat qozonadi.
Artist siyosatchi yoki siyosatchi artistlar juda ko‘pchilik. Xususan, AQShning 42-prezidenti Bill Klinton ham «Vegasdagi kecha» filmida kichik rol ijro etgan. Arnold Shvarsenegger Kaliforniya gubernatorligiga saylangan. 2005 yilda avtohalokatda nobud bo‘lgan komik aktyor Mixail Yevdokimov Oltoy o‘lkasi gubernatori bo‘lgan.
AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp ham kinoda o‘zini sinab ko‘rganlardan. U ko‘proq o‘zini o‘zi o‘ynagan. Xususan, juda mashhur bo‘lgan «Uyda yolg‘iz» filmidan tashqari «Studiya 54», «Uoll-strit: pullar uxlamaydi» va «Eddi» kabi filmlarda suratga tushgan.
Abror Zohidov tayyorladi
Mavzuga oid
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024