Jahon | 07:56 / 13.11.2024
8275
4 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi

AQSh Mudofaa vazirligida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yana 9,3 milliard dollar bor. Pentagon vakili bu mablag‘larning barchasi hokimiyat Tramp jamoasiga o‘tishidan oldin ishlatilishiga ishontirdi.

Foto : DoD / Lisa Ferdinando

Pentagon Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushini olib borayotgan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan qolgan pul miqdoriga aniqlik kiritdi: u jami 9,3 milliard dollar (taxminan 8,8 milliard yevro)ni tashkil etadi. Bu haqda 12 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida AQSh Mudofaa vazirligi rasmiy vakili, AQSh harbiy-havo kuchlari general-mayori Pet Rayder ma’lum qildi. Pentagon matbuot kotibining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar yangi prezidentining jamoasi mamlakatni boshqaruvga olishidan oldin Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yordam berish uchun barcha mavjud vositalarni ishga soladi.

Shunday qilib, 7 milliard dollardan ko‘proq mablag Presidential Drawdown Authority dasturida qoldi (aprel oyida Kongress tomonidan ma’qullangan 4,3 va qayta hisob-kitob qilingandan keyin mavjud bo‘lgan 2,8), yana 2,2 milliardga yaqin mablag‘ USAI (Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi) dasturida mavjud.

Rayderning so‘zlariga ko‘ra, AQSh apreldan oktyabr oyi o‘rtalariga qadar Ukrainaga va’da qilingan o‘q-dorilarning 83 foizini, havo hujumidan mudofaa vositalarining 67 foizini va boshqa qurollarning 60 foizini yetkazib bergan.

425 mln dollarlik yordam paketi

1 noyabr kuni Pentagon Kiyevga harbiy yordamning navbatdagi transhi ajratilishini e’lon qildi. Bu AQSh Mudofaa vazirligi arsenallaridan Ukrainaga 2021 yil avgust oyidan beri berilayotgan harbiy yordamning 69-transhidir, deyiladi xabarda va uning hajmi 425 million dollarga baholanganiga aniqlik kiritilgan. Bu Ukrainaga ehtiyojlari uchun qurol olish imkonini beradi. Xususan, gap havo hujumiga qarshi mudofaa raketalari, artilleriya va YaO‘RT uchun o‘q-dorilar, zirhli transport vositalari va tankka qarshi qurollar haqida ketyapti, deb xabar berdi Pentagon. Bular yangi xaridlar emas, balki Qo‘shma Shtatlarda arsenallarda saqlanayotgan qurollardir.

Eng so‘nggi yordam paketiga, shu jumladan, NASAMS zenit-raketa tizimlari uchun raketalar, Stinger ko‘chma zenit-raketa tizimlari uchun raketalar, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, AT-4 tankka qarshi granata otish moslamalari, Javelin tankka qarshi raketa tizimlari (TQRT), TOW TQRT uchun raketalar kiradi.

Ukrainaga keyingi harbiy yordam so‘roq ostida

10 noyabr kuni AQSh saylangan prezidentining to‘ng‘ich o‘g‘li kichik Donald Tramp Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish doirasida Ukrainaga ajratiladigan mablag‘ qisqarishi haqida gapirdi. U Instagramʼda video joylashtirdi va unda shunday deb yozdi: «POV (inglizchada Point of view, Tasavvur qil): 38 kundan keyin sen o‘z nafaqangdan mahrum bo‘lasan».

Video Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka sobiq nomzod Sara Peylin tomonidan joylashtirilgan rolikka asoslangan. Yozuvda Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning yonida turgani aks etgan. Kamera Zelenskiyning ma’yus yuzini yaqinlashtiradi, kadr oq-qora rangga aylanadi, yuqoridan dollar kupyuralari tusha boshlaydi, keyin esa kichik Trampning yozuvi paydo bo‘ladi.

17 dekabr kuni o‘z shtatlaridagi saylovchilar kollegiyasi AQSh prezidenti va vitse-prezidenti saylanishini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid