Iqtisodiyot | 14:05 / 21.05.2019
6577
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirishga har yili qancha investitsiya kiritishi kerak?

Foto: Pascal Lauener / Reuters

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan OAV vakillari uchun “Davlat-xususiy sherikligi – Hukumat va investor o‘rtasidagi ko‘prik” mavzusida brifing tashkil etildi

Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy investitsiyalar kirib kelishi va ilg‘or zamonaviy boshqaruv tajribasining joriy qilinishi orqali mamlakatdagi infratuzilma va Davlat xizmatlari sifati oshadi. Bunda moliyaviy resurslar xususiy sherik tomonidan ta'minlanadi va asosiy biznes xatarni xususiy sherik o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birga 49 yillik shartnomalar juda ham murakkab va yuqori darajali mutaxassislarni jalb qilinishini talab qiladi.

Osiyo taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga asosan, O‘zbekiston ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirishga har yili o‘z YaIMning 7.4 foizi miqdorida (qariyb 3.6 mlrd. AQSh dollari) investitsiya kiritishi kerak. Transport, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ichimlik suvi va sanitariya sohalariga ehtiyoj bor.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik asosining mavjudligi jamiyat va iqtisodiyot uchun juda muhim. Qonun qabul qilinishidan tashqari, undan kelib chiqadigan qonunchilik hujjatlarining ishlab chiqilishi va ularning ishlashi – ushbu sohada tizimni yaratish uchun zarur hisoblanadi.

Mazkur qonuning qabul qilinishi DXSh sohasiga qonuniy asosni yaratdi, bu respublikaga investorlar faolligini va ishonchini albatta oshirishga, xususiy sektorning moliyaviy va boshqa resurslarini jalb qilishiga olib keladi. Hozirgi kundagi eng asosiy vazifa bu DXSh tizimini yaratishdir. 

Qonunning o‘ziga xos jihatlari:

• U to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat hisoblanadi, demak O‘zbekistonga DXSh yo‘nalishi bo‘yicha pul tikmoqchi bo‘lgan investor uchun boshqa qonunosti hujjatlarni o‘rganish zaruriyati kamayadi
• Qonun investorlarni himoya qilishga qaratilgan – xususan hujjatda xususiy sherik va kreditorlarni himoya qilish bo‘yicha alohida moddalar mavjud
• Qonun aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari va jamoat infratuzilmasi sifatini yaxshilashga qaratilgan.
• Qonunda tomonlarning huquq va majburiyatlarining oydinligi ta'minlandi
• Qonunda kichik loyihalar uchun bir bosqichli tender mexanizmi mavjud
• Qonunda xususiy tashabbus orqali loyihalarni amalga oshirish mavjud.

DXSh loyihalarning aniqlash mezonlari:

1. Sohaning ustuvor yunalishlarida, davlat dasturida va strategik hujjatlarda aks ettirilishi 
2. Jamoat infrastrukturasi va davlat xizmatiga taalluqli
3. Sifat va operatsion samaradorlikni oshirishga zaruriyat
4. Xatarning asosiy qismi xususiy sektorga to‘g‘ri kelishi 
5. Sohaga investitsiya va xususiy sektor tajribasining kiritilishi.

Ma'lumot uchun: Davlat-xususiy sheriklik – bu xususiy investitsiyani jalb qilish hamda ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy qilish, shuningdek davlat xizmatlari sifatini oshirish maqsadida tuzilgan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlardir. 

Shu bilan birga, tasdiqlangan loyihalarga ta'sir qiluvchi xavf-xatarlar to‘g‘ri taqsimlanadi va xususiy sherik asosiy xavf-xatar va moliyalashtirishni o‘z zimmasiga oladi. Davlat ushbu loyihalarni tartibga solishda o‘z vakolatlarini saqlab qoladi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat tomonidan qo‘shiladigan hissa xususiy sherik majburiyatlari orqali qoplanadi. Bundan tashqari, tomonlarning majburiyatlari samaradorligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar aniq belgilab qo‘yiladi. An'anaviy shakldagi davlat-xususiy sherikligi – bu qurilish, moliyalashtirish, modernizatsiya, ekspluatatsiya va xizmat ko‘rsatish uslublarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Mavzuga oid