«Obod mahalla» ning barbod bog‘chasi». Parkent tuman hokimligining bog‘chani ta'mirlashga puli yo‘qmi?
«Qishloq «Obod mahalla» dasturiga tushgan, ishlab turgan bog‘cha qayta ta'mirlash bahonasida yopilgandi. Ammo ishlar boshlangan ko‘yi o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. 3-4 oyda bitkazilishi va'da qilingan bog‘cha bir yarim yildirki qayta ochilmayapti. Ota-onalar bolasini qayoqqa berishni bilmay sargardon».
Parkent tumani, Gulbog‘ qo‘rg‘oni, Qayilma mahallasidagi 14-maktabgacha ta'lim muassasasiga tegishli bo‘lgan mazkur ahvol haqida «Toshkent haqiqati» gazetasi yozmoqda.
Maqolada ko‘rsatilishicha, mazkur bog‘chaning faqatgina tashqi, faqat tashqi fasadi ta'mirlangan, ichki qismi esa xarob ahvolda. Pol qismi chirib, hasharotlarga to‘lib ketgan. Oshxona, dushxona va hojatxonada ahvol yomon. Devorlar nurab, kafellar sinib yotibdi. Hamma jihozlar eskirgan.
Maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari Mufassar Saidalixo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, qishloq hududi «Obod mahalla» dasturiga tushgach, maktabgacha ta'lim muassasasiga ham besh yuz million so‘m mablag‘ ajratilgan, lekin pullar faqat bog‘chaning tashqi fasad qismi, eshik-derazalarni ta'mirlashga yetgan.
«Mutasaddilar ishlar chala-chulpa tugatilgach, mendan bog‘chani ochishni talab qilishdi. Men unamadim. Axir bu ahvolda bog‘chani ishga tushirish, ko‘ra-bila turib, bolalarning hayotini xavf-xatarga qo‘yish bilan barobar. Bog‘cha aslida to‘rt oy muddatga yopilgan edi, mana, salkam bir yil bo‘lyapti hamki, bog‘chani ocholmayapmiz. Shu vaqt oralig‘ida bormagan joyim qolmadi. Kimga murojaat qilsam, «mablag‘ yo‘q, o‘zingiz bir amallab pul toping, ota-onalar homiylik qilishsin, nima qilib bo‘lsa ham bog‘chani ishga tushiring», degan gapni eshityapman», ─ deyiladi mudiraning bergan ma'lumotlarida.
Bayon qilinishicha, gazeta muxbirlari voqea joyiga borib, holatni o‘rganishlari chog‘ida Parkent tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman prokurori, tuman maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘lim boshlig‘i yetib kelgan. Bog‘chadagi tugallanmay qolgan ishlarni uzog‘i bilan bir oy muddatda yakuniga yetkazishga va'da berilgan.
Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Tursunov qo‘shimcha mablag‘ ajratishni, quruvchi Namoz Nafasov to smeta tasdiqlanib, mablag‘ ajratilguncha o‘z mablag‘i hisobidan qolgan ishlarni davom ettirishni, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari Ulug‘bek Muhammadaliyev boshqa bog‘chaga ajratilgan mablag‘ning ma'lum bir qismini shu muassasaga yo‘naltirishni, tuman prokurori Dilshod Ismoilov esa mazkur muammoni shaxsan o‘zi nazoratga olishini ta'kidlagan.
Ammo ko‘p o‘tmay qishloq aholisidan yana bog‘chaning holati bilan bog‘liq shikoyatlar kelgan. Jurnalist tashrifidan so‘ng ishlar sal jonlangan, lekin ayni paytda ta'mirlash yana to‘xtab qolgan.
«O‘zimizning mablag‘imizga ishni boshladik. Bor pulimizga qurilish materiallari oldik. Minib yurgan mashinamizni garovga qo‘yib, ustalarning ish haqini tarqatdik. Shu orada ikki-uch marta mablag‘imizni o‘tkazib berishlarini so‘rab, hokimlikka murojaat qildik. Lekin ular haligacha bir so‘m ham berishgani yo‘q. Qurilishni yakunlashga bizda ham mablag‘ qolmadi. Qachon hokimlik mablag‘imizni o‘tkazib, bog‘cha uchun pul ajratib bersa, shunda ishni davom ettiramiz. Ikki o‘rtada sarflagan xarajatimizga kuyib qolmasak bo‘ldi», ─ deydi «Elegant Qurilish Montaj» MChJ ish boshqaruvchisi Namoz Nafasov.
«Hokimlik mas'ullari bilan qayta bog‘lansak, «qo‘lingizdan kelganini qiling, u bog‘chaga boshqa pul yo‘q», deyishdi», ─ deya yozadi jurnalist G‘ulomjon Ahmad.
Maqolada keltirilgan ma'lumotlarga qaraganda, bog‘chaning ishlamayotgani bir qancha muammolarni keltirib chiqarmoqda.
«Yaqinda bog‘chamizga qatnaydigan bir bola ko‘chasidan o‘tuvchi katta ariqda oqib ketibdi. Yaxshiyamki, uni vaqtida ko‘rib, qutqarib qolishibdi. Ammo ota-onasi uyimga kelib, rosa janjal ko‘tardi. Shundan so‘ng u yerga chopib, bu yerga chopib, mahalla hududidagi bir eski binoni olib, vaqtinchalik bog‘cha ochishga majbur bo‘ldik. Hozir u yerga 40-50 nafar bola qatnayapti. Lekin u joy sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi. Biroq ota-onalar shikoyat qilavergach shunga majbur bo‘ldik», ─ deydi maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari.
Ko‘rinib turibdiki, bog‘cha ta'mirlash ishlarining o‘lda-jo‘lda qolayotgani aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda. Bolalar sanitariya talablariga javob bermaydigan joyga qatnayapti, hokimlik esa pul yo‘qligini ro‘kach qilyapti, ustiga-ustak ta'limga yaramaydigan binoni ochishni mudiradan talab qilyapti. Maktabgacha ta'lim sohasini yaxshilash maqsadida alohida vazirlik tashkil etilib, 2021 yilga qadar 90 foiz bolalar bog‘chalarga qamrab olinishi vazifasi turgan bir paytda Parkent tuman hokimligining bunday xatti-harakati qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?