O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» ning 46-bandida iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishning maksimal muddatini hisobga olgan holda, qoldirishlarning miqdorini, shuningdek sud muhokamasini keyinga qoldirish faqat favqulodda holatlar sababli yo‘l qo‘yilishi hollarini belgilash nazarda tutilgan edi.
Shundan kelib chiqib, 2019 yil 24 maydan e'tiboran Iqtisodiy protsessual kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun amalga kiritildi.
Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksining 171-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirdagina sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli ekanligi belgilandi. Endi iqtisodiy sudlar ushbu moddada nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan hollardagina sud muhokamasini boshqa muddatga qoldirishlari mumkin. Bundan tashqari, sud muhokamasini faqat
o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldirish mumkinligi, qoldirishlar miqdori esa uch martadan ortiq bo‘lmasligi aniq belgilab qo‘yildi.
Bu kabi yangi normalarning amalga kiritilishi uchun zarurat nima edi degan haqli savol tug‘iladi.
Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rmoqdaki, sudlar tomonidan yuzta holatdan oltitasida sud muhokamasi keyinga qoldirilmoqda. Bunda sud muhokamasini qoldirish holatlarining yarmi taraflardan birining sud majlisiga kelmasligi va sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmagani sababli yuz bermoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan oltita holatdan to‘rttasida sud muhokamasi 1 marta, ikkita holatda ikki va undan ortiq marta qoldirilgan (ma'lumot uchun
iqtisodiy sudlar tomonidan 2017 yilda 576ta holatda, 2018 yilda 841ta holatda sud muhokamasi uch va undan ko‘p marta qoldirilgan).
Xorijiy davlatlar qonunchilik amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishning maksimal muddatini belgilash, shuningdek sud muhokamasini faqat ko‘zda tutilmagan va favqulodda holatlar mavjud bo‘lganda keyinga qoldirish mumkinligi haqidagi qoidalar Germaniya, Estoniya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Gruziya va boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlar protsessual qonunchiligida mavjud.
Shu munosabat bilan, «Yo‘l xaritasi» ning 46-bandi ijrosini bajarish maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksning 171-moddasiga ko‘zda tutilmagan va favqulodda holatlar mavjud bo‘lganda sud muhokamasini qoldirish mumkinligini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.










