Suv inson hayoti uchun qanchalik muhimligi haqida har kuni eslanadi. Uyingizda hamma narsa bo‘lsa-yu, obi hayot bo‘lmasa chikora.

Navbatdagi murojaat Andijon viloyati, Andijon tumani, Xartum QFY, O‘rikzor mahallasidan kelib tushdi. Bu yerda bir necha yillardirki aholi suvsizlikdan, yo‘lsizlikdan va boshqa bir qator muammolardan aziyat chekmoqda.

Holatni o‘rganish uchun hududda bo‘ldik. Haftaning ish kuni bo‘lganiga qaramay ko‘pchilik bo‘lib kutib olishdi.

Video: Mover (tas-ix)

«Portalga yozaverib, xijolat ham bo‘lib qoldik»

«Bizda suv yo‘q deb bo‘lmaydi. Suv bo‘ladi, faqat qish oylarida. Bu uylar 90-yillarda berilgan. O‘shandan beri aholi yig‘ilib yig‘ilib, shu mahallalar tashkil topdi. O‘tgan yillar davomida davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan. Mahalla barchasini o‘z kuchi bilan qilib kelmoqda. Yo‘l chetidan katta truba o‘tgan. Yoniga katta 20 tonnalik suv yig‘uvchi idish o‘rnatganmiz. Truba bizning hududga kelib tugaydi. Shundan suv tushib turadi. Agar suv to‘lsa, nasos bilan haydaymiz. Suv qishda chiqadi, biroq yoz kelganida suv to‘xtaydi va suvsizlik boshlanadi. Bir haftada bir to‘ladi. Tekshiruvga viloyat, tuman «Suv oqova»si rahbarlari kelgan. Bizga ko‘kargan daraxtlarni pesh qilishadi. Sovetlar paytida bu yerlar kolxozga qarashli bo‘lgan va paxta ekilgan. Shu vaqtlarda nasosdan suv chiqarib berilgan. Keyin obodonlashtirish vaqtida nasosni buzib tashlashdi. Oqibatda hozir hamma suvsiz qoldi. Tag‘in tekshiruvchilar kelib bizdan tomorqaga ekin ekishimizni talab qilishadi. Qanday qilib axir? Suv yo‘q-ku?», deydi Usmon Yusupov.

Usmon Yusupov

«Havodan so‘ng eng zaruri suv bo‘lsa kerak. Biz esa yoz o‘tib ketishini kutib yashaymiz. Sentabr oylarida suv chiqa boshlaydi. Yo‘l masalasida murojaat qilsak, kelib «shu kvartalda qilib beramiz», «bunisida qilib beramiz» deb ortga surishadi. Hech narsa qilinmagan edi, qayta murojaat qildik. Keyin kelishganida shag‘allab berishni va'da qilishdi. Oradan ma'lum vaqt o‘tib, tizim o‘zgarganini, endi bu ish bilan ular shug‘ullanmasliklarini aytishdi. Yonimizda yangi kottejlar bor. U yerda bu muammolar yo‘q», deydi Dilmurod Qosimov