Iqtisodiyot | 12:39 / 16.07.2019
6283
5 daqiqa o‘qiladi

Savdo urushi va globallashuv kelajagi - Xitoy xalqaro iqtisodiy forumidan eng yaxshi iqtiboslar

Li Kekiang / Foto: World Economic Forum/ Greg Beadl

Eng yirik ikki iqtisodga ega davlat – AQSh va Xitoy o‘rtasidagi oxiri yo‘qdek tuyulayotgan murosasiz savdo urushida ozgina bo‘lsa-da iliqlik paydo bo‘ldi.

Bu shu yilning yozida Davosda ikki mamlakat liderlari savdo muhokamasiga yana qayta to‘xtalishga rozilik bildirishgani bilan bog‘liq.

Weforum nashrining ma'lumot berishicha, ayni o‘sha paytda siyosat va biznes yetakchilari har yili bir marta o‘tkaziladigan Xalqaro iqtisodiy forum doirasida Xitoyda to‘planishdi. Unda asosiy e'tibor markaziga bitta savol qo‘yilgan: Globallashuvning kelajagi qanaqa bo‘ladi? Biz ertangi kunda nimanidir butkul o‘zgartirishga muhtoj bo‘lamizmi yoki mayda yangilanishlar yetarlimi?

Yillik forumda ayrim yetakchi spikerlar «Yetakchilik. Globallashuvning yangi erasida muvaffaqiyat qozonish» mavzusida to‘xtalib o‘tishdi.

«Biz globalizatsiya trendiga ergashgan holda xalqaro makonda erkin savdo muhitini yaratishimiz kerak. Investitsiyada esa osonlashtirish va liberallashtirish prinsiplariga asoslanishimiz kerak. Teng huquqlilik, teng imkoniyatlar va adolatli qoidalarni ommalashtirishimiz, shuningdek, hamkorlik institutlarini kuchaytirishimiz kerak», deydi Xitoy hukumati vakili Li Kekiang o‘z nutqida.

Bangladesh bosh vaziri Sheih Hasina esa dunyoni global qishloqqa o‘xshatib, unda hech qaysi davlat yolg‘iz rivojlana olmasligi haqida gapirdi. Qo‘shni davlatlar bilan ayrim muammolar yechimsiz qolayotgan bo‘lsa-da, ularni o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik va do‘stona muhitda hal qilish imkoni borligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi u.

«Biz o‘z odamlarimiz uchun taraqqiyotga erishishimiz zarur. Men mamlakatim ochlikdan xoli bo‘lishini xohlayman. Shuning uchun iqtisodimiz hamma uchun ochilgan», deydi Bangladesh bosh vaziri.

London iqtisod maktabi professori Jin Keyu ham muhim faktlarni keltirib o‘tdi: «AQSh savdo tendensiyalari ham, aslida, global muammolarning aksi sifatida yuzaga chiqmoqda. Bu faqat savdodagi tengsizlik natijalariga aloqador emas, balki moliyaviy globalizatsiyani ham qamrab oladi. London nimani xohlaydi, hukumatlarning, xususiy sektorlarning xohishi qanday deb o‘ylashdan tashqari butun dunyo odamlarining ehtiyojlarini ham o‘ylash kerak. 

Xitoy global sistemaga qo‘shilish uchun boshdanoq kelishuvlarni amalga oshirdi. U mavjud qoidalarni tinglashga, o‘rganishga va yaxshi ishtirokchi bo‘lishga harakat qildi. Biroq oxirgi 20, to‘g‘rirog‘i 2009 yilgi inqiroz davridan beri iqtisodiyot, pul, moliya arxitekturasi kabi yo‘nalishlarda ko‘plab savollar yuzaga chiqyaptiki, bu orqali Xitoy uchun qulay global muhit shakllanishiga imkon paydo bo‘lmoqda».

«Mamlakatlarning birgalikda ishlash qobiliyati tobora kuchsizlanib boryapti. Davlatlarning uzoq muddatli iqtisodiy qiziqishlardan kelib chiqqan holda faoliyat yuritmayotgani ham xalqaro sistemaning bo‘shashib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Oqibatda tushunarsiz hodisalarga munosabat bildirishning imkoni ham qolmayapti. Shuning o‘ziyoq iqtisod, xavfsizlik, va boshqa sohalarda oqsash paydo bo‘lishi kabi turli ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lishi uchun sabab bo‘la oladi.

Bularning hammasi mamlakatlardan tezlik bilan birlashishni talab qiladi. Xuddi 2008-2009 yillarda sodir bo‘lgan moliyaviy inqiroz davridagi kabi hamkorlikni. O‘shanda dunyoning yirik iqtisodga ega bo‘lgan mamlakatlari tezlik bilan ishlab chiqqan yangicha chora-tadbirlarni bugun ham davr talab qilmoqda.  

Faqat bunga yana erishish mumkinmi, degan shubhadaman. Tashvishlanayotganimning boisi ham shu», dedi Osiyo infrastruktura investitsiya banki vitse-prezidenti Jaochim von Amsberg.

Charls Li - Gong Hong ijrochi rahbarlaridan biri - «Bugun biz global tizimda butunlay 2 xil tizimning bir-biri bilan muhokama olib borish yo‘lini izlayapmiz. Sharq modelida hali ham siyosiy doirada kamchilik fikri bilan hisoblashiladi. G‘arbda esa sizning ommaviy saylov tizimingiz, mashhur demokratiyangiz va keng auditoriyali ijtimoiy tarmoqlaringiz bor. Biroq, ayni paytda Xitoy iqtisodini barqaror darajaga yetkazish uchun «Ikki madaniyat kombinatsiyasi» (C2C) usulidan foydalanilyapti», deya axborot berib o‘tdi.

Shuningdek, uning aytishiga qaraganda, Xitoy ma'lum darajadagi iqtisodga erishadimi yo‘qmi, baribir davlatning siyosiy jihatdan butkul o‘zgarishi uchun bu borada tajribaga ega davlatlar – Amerika, Yevropa mamlakatlari kuzatib borilishi rejalashtirilgan. Hozircha esa bir-biridan butunlay farq qiluvchi 2 ta tizim haqida munosabat bildirish o‘ta murakkab masala. Ularning aloqa qilishlari ham oson ish emas.

Mavzuga oid