Urgut tumanining «Beshyog‘och» mahallasidagi o‘nlab hovuzlar besh mingdan ziyod aholi yashaydigan qishloq ahli uchun asosiy ichimlik suvi manbai bo‘lib turibdi.

Zarafshon daryosi suvi Darg‘om kanalidan nasos orqali tortib olinib vaqti-vaqti bilan mahalladagi hovuzlarga yetkazib turiladi. Aholining loyqa daryo suvini iste'mol qilishi bizni bir o‘yga solsa, odamlarning ana shu loyqa suvning ham muntazam yetib kelmayotganidan aziyat chekayotganidan ming o‘yga tushasiz. Ko‘pincha, hovuzdagi loyqa suv ham eskirib, qurtlab ketarkan. Bundan ham yomoni, muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Aholi yillar davomida ichimlik suv muammosidan aziyat chekib kelmoqda.

Mahalla ahli bugungacha, tuman hokimligi, prokuraturasi, xalq qabulxonasi, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi kabi qator idoralarga murojaat qilgan. Ichimlik suv muammosi hal etilmagach, daryo suvining muntazam kelib turishiga yordam so‘rab viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi, «Zarafshon» irrigatsiya tarmoqlari havza boshqarmasi, nasos stansiyalari boshqarmalaridan ham so‘rab ko‘rgan. Afsuski, iste'mol uchun mutlaqo yaroqsiz suvni ham doimiy tarzda yetkazib berish hal etilmay qolavergan.

— 36 yildan beri shu qishloqda yashayman, xonadonlar ham, bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari ham, maktab o‘quvchilari ham barchamiz hovuzdan suv ichamiz. — deydi beshyog‘ochlik Mavluda Yoqubova. — Ochiq hovuzlar, har xil narsa bor unda. Suv kamayib ketgach, hovuzdagi suv ham qurtlab ketadi. Yaqinda qishloqda suv inshooti ishga tushib hammamiz xursand bo‘lib qolgandik. Ko‘pga bormay, u ham ishdan chiqdi.

Aholi aytgan, suv inshootini borib ko‘rganimizda rostdanam suv chiqmas ekan. Keyin bilsak, bu inshoot ishlagan vaqtda ham u orqali kuniga faqatgina 15 daqiqa suv berilarkan. Bu vaqt ichida sanoqli odamlargina idishlarini to‘ldirib olish imkoni bo‘lgani uchun suv kelish vaqti chinakam tortishuv maydoniga aylanadi.

— Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda ichimlik suvidan qattiq qiynaldik. Chunki Darg‘om kanalidan qishlog‘imizga suv tortib beradigan nasos har doim ham ishlayvermaydi. Qolaversa, suv quvuri boshqa qishloqlar oralab keladi. O‘sha qishloqlar ahli esa quvurlarni teshib tashlashgan, — deydi yana bir yashovchilardan biri.

Xonadonlarda bo‘lganimizda aholi suv saqlaydigan idishlarni ko‘rsatarkan, ular tubida to‘plangan qum va boshqa cho‘kindilarga guvoh bo‘ldik. Ayollar suv tarkibida qum ko‘p bo‘lgani uchun kir yuvib bolalariga biror marta mutlaqo toza kiyim tayyorlab berolmasligini ma'lum qildi. Hattoki kiyim yuvishga yaroqsiz bu suvni ular yillar davomida ichib (!) kelishmoqda.