Ma'lumki, joriy yilning 1 oktyabrdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yana yil boshidagi kabi QQS bilan bog‘liq shov-shuvlar ko‘payib bormoqda. Ko‘pchilik, endi narx-navo oshadi, go‘shtning narxi ham shuning uchun baland bo‘lib ketdi, degan xavotirlarni bildirishmoqda. Aslida nima bo‘ladi?
O‘zA’ning yozishicha, bu savolga O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi vakili Davlatxo‘ja Mo‘minxo‘jayev munosabat bildirdi.
– Bu unchalik to‘g‘ri fikr emas, – deydi D.Mo‘minxo‘jayev. – Narx deganda alohida mahsulotni emas, to‘laqonli mahsulotlarni tushunishimiz kerak. To‘g‘ri, ayrim mahsulotlar oshadi, ba'zilari esa tushadi. Ko‘pchilik noto‘g‘ri talqin qilishi tufayli narxlarning sun'iy oshirish holatlari bor.
Bir qarashda fermerlarning QQSdan ozod etilishi ma'quldek tuyuladi, lekin bunday “imtiyoz” fermer xo‘jaliklari uchun ham, ularning mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar uchun ham unchalik foydali emasligini guvohi bo‘ldik. Chunki, fermerga QQS hisoblamaslik, QQSni hisoblashning ketma-ketlik zanjirini uzilishiga hamda avval to‘langan QQS summasini ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shilishi natijasida mahsulot tannarxini oshishiga olib keladi.
Aslida umumiy ovqatlanish shoxobchasi go‘shtni fermerdan QQS bilan olsa, undan tayyorlangan ovqatga QQSni nisbatan kamroq to‘laydi. Bu esa ovqatlarni arzonroq bo‘lishini ta'minlaydi. Yo‘qsa, tadbirkor nafaqat fermer o‘rniga QQS to‘laydi, balki avval go‘sht yetishtirish xarajatlariga kiritilgan QQS ustiga yana QQS hisoblashlariga to‘g‘ri keladi. Demak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan QQS olinishi tufayli narxlar arzonlashadi va mahsulotlar barqaror ishlab chiqariladi.
Narxlarni o‘sish zanjiri ovqatlanish shoxobchalarida davom etib, QQSni to‘lash oxirgi iste'molchi, ya'ni aholi zimmasiga borib tushadi. Shuning uchun, keyingi vaqtlarda yirik supermarketlar va savdo do‘konlari fermerlardan mahsulot xarid qilishni istamay qolgan edi. Agarda QQS bo‘lsa, bu borada muammo bo‘lmaydi.
Eng asosiy masala – bu fermerni eksportga bo‘lgan ishtiyoqini rag‘batlantirish. Misol uchun, fermer gilosni 5 ming so‘mdan, eksport qilsa, bojxona xarajati bilan 6 mingga aylanadi. QQS qo‘shilganda 500 so‘m mineral o‘g‘it uchun xarajat qilgan bo‘lsa, eksport qilgan fermerga ana shu pul ham qaytarib beriladi. Bu unga qo‘shimcha foyda bo‘lib qoladi.

















