Britaniyaning yangi bosh vaziri: sobiq jurnalist, keskin bayonotchi va rusofil
Londonning sobiq meri, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Boris Jonson Konservativlar partiyasi yetakchisi etib saylandi. U endi qirollik bosh vaziri Tereza Meyning o‘rnini egallaydi.
Boris Jonson o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi borasida Tereza Mey bilan kelisha olmay iste'foga chiqqandi. «Keskin Brekzit» tarafdori, yevroskeptik Jonson rasmiy London YeIni kelishuvlarsiz tark etishi haqida bir necha marta gapirgandi. Umuman olganda, Jonson o‘zining keskin, hattoki mojaroli bayonotlari bilan tanilgan. DW nashri Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri haqida ma'lumotlar berdi.
Iton va Oksford bitiruvchisi, mojaroli jurnalist
Boris Jonson Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Uning ota-onasi inglizlar bo‘lib, ularning ajdodlari turk va ruslardir (bu haqda Jonsonning o‘zi aytgan). Unga Aleksander Boris de Pfeffel Jonson deb ism qo‘yishgan, ammo keyinchalik shunchaki Boris deb chaqira boshlashgan. Borisning otasi Stenli Jonson YeIdagi tuzilmalardan birida lavozimga tayinlangach, ularning oilasi Bryusselga ko‘chib o‘tgan.
Boris ko‘plab taniqli britan siyosatchilari o‘qigan yopiq Iton kollejida tahsil olgan. So‘ngra Oksfordda arxeologiyani o‘rgangan. Yangi bosh vazir bir necha tillarni, jumladan, fransuz va italyan tillarini biladi. Siyosatga kelguniga qadar u faoliyatini The Times nashrida jurnalistlikdan boshlagan. U bu yerdan tez orada bo‘shatilgan: Boris o‘zi to‘qigan gapni o‘zining cho‘qintirgan otasi, Oksforddagi tarix professori nomidan bergani aniqlangan.
Boris Jonson bir necha yildan so‘ng The Daily Telegraph gazetasining Bryusseldagi muxbiri bo‘lib ishlagan. Londonga qaytgach, sharhlovchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U muharrirlikda ham omadini sinab ko‘rgan va The Spectator gazetasini nashr qilgan.
Boris Jonsonning siyosiy faoliyati
Bo‘lajak bosh vazir 2001 yilda Oksfordshir grafligidan jamoat palatasiga deputat etib saylangan. U parlamentda Konservativ partiya nomidan ishtirok etgan. 2004 yilda madaniyat vaziri bo‘lgan, ammo ko‘p vaqt o‘tmay iste'foga chiqqan.
Jonson 2008 yilda London merligiga saylangan va ikki muddat merlik qilgan.
YeI va Rossiyaga munosabati
2016 yil iyulida bosh vazir Tereza Mey Boris Jonsonni Britaniya tashqi ishlar vaziri etib tayinlagan. Ko‘pchilik uning bu vazifani bajara olishiga shubha bilan qaragandi. Chunki bu vaqtga kelib Jonson mojaroli bayonotlari bilan tanilgan va ko‘pchilikni, jumladan YeI va Rossiya rahbarlarini haqorat qilib ulgurgandi.
Jonson Yevroittifoq va uning rahbarlarini bir necha marta tanqid qilgan. The Sunday Telegraph gazetasiga bergan intervyularidan birida u shunday degandi: «YeI oliy davlat tuzishga urinmoqda. Napoleon, Gitler va boshqalar shunga o‘xshash narsa qilmoqchi bo‘lishgan, ammo oxiri yaxshilik bilan tugamagan». Jonson Bryusselda jurnalistlik qilib yurganidayoq YeIga nisbatan keskin tanqidlari bilan nom chiqargandi.
Jonson Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasini ham qattiq tanqid qilgandi. «Barcha ehtimoliy dalillar bu yovuzlik uchun Rossiya javobgarligini ko‘rsatmoqda» - 2016 yil sentyabrda Halabda BMT gumanitar konvoyiga uyushtirilgan hujum haqida u shunday degandi.
Boris Jonson Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori bo‘lgan.
Boris Jonson rusofilmi?
Ammo shu bilan birga u Rossiya bilan muloqotni davom ettirish zarurligini ta'kidlagan va o‘zini rusofil deb atagan. «Agarda Rossiya hozirgi yo‘lida ketishda davom etadigan bo‘lsa, bu buyuk davlat quvg‘indi millatga aylanib qolishi mumkin deb hisoblayman!… Men rusofilman, 16 yoshimda Rossiyada bo‘lganman. Ammo Rossiya o‘zining Suriyadagi vahshiyona harakatlarini to‘xtatishi lozim», - degandi u.
Keyinroq, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida Jonson shunday degandi: «Men rusofilman, bo‘lib ham, komil ishonchli rusofilman. Moskvada mening ajdodlarim bor. Ishonchim komilki, men Buyuk Britaniyaning ismi Boris bo‘lgan birinchi tashqi ishlar vaziriman va iltimos, munosabatlarimizni yaxshilashga erishmoqchi ekanligimga shubha qilmang».
Solsberida sobiq agent Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlanganidan so‘ng bu voqeada Vladimir Putinni ayblagan birinchi inson Boris Jonson bo‘ldi.
U DW’ga bergan intervyusida shunday degandi: «Birinchidan, bu voqeada Rossiya xalqi ham, Rossiya ham aybdor emasligini ko‘rsatish muhim deb o‘ylayman. Bizning Rossiya bilan nizomiz yo‘q. Rossiyani sevishimni bilasizlar, ajdodlarim shu mamlakatdan. Gap bunda emas, Kreml va hozirgi holatdagi Rossiya davlatida.
Ular yo‘q qilmoqchi bo‘lgan Sergey Skripal hujum nishoniga aylangan. Vladimir Putinning o‘zi Skripalga o‘xshagan xoinlarni zaharlash kerakligini aytgandi».
So‘ngra Jonson bu ishda Rossiyaning ishtirok etganligidan xafa bo‘lganini aytgandi: «Ikki yilcha avval tashqi ishlar vaziri bo‘lganimda maqsadlarimdan biri Rossiyaga qo‘l cho‘zish edi va men ayrimlarning bu befoyda degan maslahatlariga qaramasdan, Moskvaga Sergey Lavrovning oldiga borgandim.
Men harakat qilib ko‘rmoqchi edim, chunki men Rossiya g‘aroyib davlat, fantastik joy ekanligiga chin dildan ishonaman va o‘rtamizda shunday munosabat paydo bo‘lganini ko‘rish og‘riqli».
Endilikda Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Boris Jonson oldida turgan vazifalardan biri Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘ladi. U bu vazifani qanday amalga oshiradi? «Brekzit» masalasi kabi keskinmi? Yoki avvalgidek barchani hayratga soluvchi kutilmagan qarorlari bilanmi?
Mavzuga oid
18:53 / 13.11.2024
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
23:14 / 30.09.2024
Boris Jonson migratsiya inqirozida Fransiya prezidentini aybladi
11:36 / 12.01.2024
Jonson Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarni to‘xtatgani haqidagi ayblovni rad etdi
11:58 / 10.06.2023