Jamiyat | 16:21 / 24.07.2019
6201
3 daqiqa o‘qiladi

Hududiy elektr tarmoqlari: uzilishlarni rejalashtirish va oldindan e'lon qilishning iloji yo‘q

Bugun, 24 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari bilan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ faoliyatining ustuvor vazifalari. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, jamiyat tomonidan O‘zbekistondagi 6 mln 700 mingdan ortiq aholi xonadoni va 308 ming 200ga yaqin yuridik iste'molchilarni 1629ta 35-110 kV kuchlanishli podstansiyalar, 79 122ta transformator punktlari hamda 240,7 ming km uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanmoqda.

2019-2020 yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 20085,8 km uzunlikdagi 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari va 6666ta transformator punktlari, 350ta moyli o‘chirgichlar, 60ta kuch transformatorlar mukammal ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda amalga oshirilgan mukammal ta'mirlash ishlari bo‘yicha 14258,3 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari (rejaga nisbatan 71 foiz) va 4870ta transformator punktlari (73 foiz) mukammal ta'mirlangan.

Taxiatoshdagi avariya bo‘yicha batafsil ma'lumot so‘rab berilgan savolga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Feruz Qurbonov javob berdi.

«Taxiatosh IESida yuqori kuchlanish, ortiqcha yuklama tufayli 7 va 8-energobloklari texnologik himoya tizimi ishlashi natijasida ma'lum muddat o‘chdi, u yerda avariya bo‘lmagan. Kelgusi yilda bu yerda avval 280, keyin 230 megavattli energobloklar ishga tushiriladi. Shundan keyin yuklama me'yoriga keladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbir davomida qish mavsumidagi uzilishlarni ma'lum darajada rejalashtirib, aniq muddatlarini belgilagan holda OAV orqali aholiga e'lon qilish imkoniyatlari haqida ham so‘raldi.

«Energetika yaxlit bir tizim, undagi ishlab chiqarilgan mahsulotni saqlab bo‘lmaydi, zanjirday uzatib turiladi. Har qanday holat, masalan, yoqilg‘i ta'minotidagi uzilish, qaysidir energoblok ishdan chiqishi, haddan ortiq kuchlanish kabi sabablar tufayli uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Shunday ekan, bu uzilishlarni oldindan rejalashtirib bo‘lmaydi», deya javob bergan AJ Davlat dasturlari va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Alvar G‘aybullayev.

Mavzuga oid