Aholini tezkor xabardor qilish masalasiga bee'tibor mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rilishi mumkin
Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Vazirlar Mahkamasida davlat organlari matbuot xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida Prezidentning 27 iyun kuni qabul qilingan matbuot xizmatlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorining ahamiyati, ayniqsa, jahonda kechayotgan axborot qarama-qarshiligi sharoitida ularning birinchi manba sifatidagi roli, davlat axborot siyosatini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish muhim ekani ta'kidlandi, deb yozadi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z Instagram’ida.
«Prezidentning ushbu qarori davlat organlari tomonidan qay darajada ijro etilayotgani, ochiqlik va OAV bilan muloqot qilishning zarurligi joylarda naqadar chuqur anglanayotganiga alohida e'tibor qaratildi», deb yozadi S.Mirziyoyeva.
U selektorda so‘zga chiqib, davlat organlari axborot xizmatlari faoliyati yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar oqimi bilan tanishib bormagan, ularga tezkor va munosib javob berishga tayyor bo‘lmagan rahbarlar bir lahzada xalqning nazaridan qolayotgani, sha'niga turli tuhmat toshlari otilayotganiga har kuni guvoh bo‘lib turibmiz. Shuning uchun ham prezidentimizning yuqoridagi qarorida axborot xizmatlarining asosiy vazifalari belgilangan edi:
- axborot makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish;
- tanqidiy chiqishlar va keng muhokama qilinayotgan axborot xurujlariga rasmiy veb-saytlar orqali zudlik bilan munosabat bildirish;
- davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini, mahalliy va xorijiy OAV pozitsiyasini o‘rganish.
Xo‘sh, bizning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarning axborot xizmatlari faoliyati ko‘rsatib o‘tilgan talablarga to‘liq javob beradimi? Matbuot kotiblari yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka va dunyo hamjamiyatiga xolis, ishonchli, tezkor va to‘laqonli yetkazib berishda OAV bilan samarali muloqot o‘rnata oldimi?» — degan savolni o‘rtaga tshlagan S.Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda davlat organlarining axborot faoliyatidagi kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi, matbuot xizmatlarining ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi ishtiroki sustligi qayd etilgan.
«Natijada, davlat organlari katta ishlarni amalga oshirayotganiga qaramay, olib borilayotgan islohotlarning mohiyati hamda Prezident va hukumat qabul qilayotgan qarorlar ahamiyati to‘g‘risidagi axborotni, ular berayotgan bayonotlarning asosiy mazmuni ichki va xorijiy auditoriyaga to‘liq yetkazilishi ta'minlanmayapti», deb ta'kidlagan S.Mirziyoyeva.
Unga ko‘ra, tadbir yakunida Axborot sohasidagi yagona davlat siyosati konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish, matbuot xizmatlarining media makonidagi ishtirokini kengaytirish, ular huzurida ekspertlar va jurnalistlar guruhlarini tashkil etish, rezonansli voqealar ro‘y berganda davlat organlari rahbarlarining tezkor chiqishlarini uyushtirish, shuningdek, aholini qisqa fursatlarda xabardor qilish masalasiga e'tiborsiz bo‘layotgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish mexanizmini ishlab chiqish yuzasidan takliflar bildirilgan.
Mavzuga oid
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
07:03 / 16.11.2024
Saida Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
18:37 / 30.10.2024