Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda odam savdosiga va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolayotganligini tahlillar ko‘rsatib turibdi. Jumladan:
birinchidan, vakolatli organlarning tashabbuskorligi yetarli bo‘lmayapti, vakolatli organlarning yagona rahbarlik ostida yetarli darajadagi idoralararo hamkorligi mavjud emas;
ikkinchidan, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida xolis va ishonarli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uyg‘unlashtirilmagan;
uchinchidan, qonunchilik bazasi xalqaro standartlarga nomuvofiq, bu esa odam savdosiga va majburiy mehnatga aloqador shaxslarni samarali ta'qib qilish va jazolashga to‘sqinlik qilmoqda.
Hujjat bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning tarkibi tasdiqlandi.
Belgilanishicha, Milliy komissiya:
a) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan;
b) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladigan Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat bo‘ladi.
Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta'minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma'ruzalar tayyorlash.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari zimmasiga odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalarga rahbarlik qilish vazifasi yuklandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Milliy komissiyaning taqdimnomalari so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash hududiy komissiyalarning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma'ruzachi instituti ta'sis etildi, uning funksiyalari Milliy komissiya raisi zimmasiga yuklandi.
Quyidagilar Milliy ma'ruzachining asosiy vazifalari etib belgilandi:
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz va jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat to‘g‘risida, ushbu jinoyat turiga aloqador shaxslarni tergov qilish va jazolash hamda odam savdosi qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yili axborot taqdim etish;
mazkur sohada respublikamizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ishonchli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning diplomatik korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini jalb etgan holda ommaviy axborot vositalari uchun muntazam ravishda brifinglar tashkil etish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamjamiyat bilan ushbu yo‘nalishga ixtisoslashgan tashkilotlar va huquq himoyachilari o‘rtasida samarali hamkorlik va hamjihatlikni, davlatimizga nisbatan xurujlarga qarshi tezkor chora ko‘rishni, shuningdek, mazkur sohada respublikaning xalqaro maydondagi milliy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash.
Mavzuga oid
22:30 / 25.10.2024
Xitoyda 17 bolani o‘g‘irlab sotgan ayol o‘lim jazosiga hukm qilindi
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
12:32 / 22.10.2024
Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?
18:02 / 10.10.2024