Toshkentda nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshgan
2019 yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida nomusga tegish bilan bog‘liq 15ta jinoyat sodir etilgan. Vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida bunday jinoyatlar soni 2tani tashkil qilgan edi.
Bu turdagi jinoyatlar soni nafaqat poytaxtda, balki Jizzax (3tadan 9taga) va Toshkent viloyatlarida (6tadan 11taga) ham oshgani kuzatilgan.
Beshta viloyatda esa nomusga tegish jinoyatlarining kamayishiga erishilmagan. Farg‘ona (5-5), Qashqadaryo (3-3), Xorazm (3-3), Buxoro (2-2) va Namangan (2-2) viloyatlari shular jumlasidan.
Bu haqda Senat yalpi majlisini yoritib borayotgan Kun.uz muxbiri majlisda so‘zga chiqqan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Boymatjon Rasulovga asoslanib xabar bermoqda.
Senator qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik jinoyatlari bo‘yicha ham ba'zi raqamlarni keltirib o‘tdi.
Uning aytishicha, qasddan odam o‘ldirish holatlari respublika bo‘yicha 66 taga (229/163) kamaygan bir vaqtda, Navoiy viloyatida (6/7) oshgan.
Bosqinchilik jinoyati esa jami 33 taga (77/43) kamaygan bo‘lsa-da, Sirdaryo (0/1), Navoiy (0/1) va Qashqadaryo (5/6) viloyatlarida ko‘paygani kuzatilgan.
Umuman olganda, umumiy jinoyatlar tarkibida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning salmog‘i o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 foizga ko‘paygan.
Masalan, ro‘yxatga olingan jinoyatlarning Surxondaryo viloyatida 36 foizi, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida 30 foizi, Navoiy, Namangan va Jizzax viloyatlarida 25 foizdan ortig‘i og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar hisoblanadi.
Jinoyatlarda bevosita voyaga yetmaganlar ishtiroki Toshkent viloyatida 25 foizga (48-60), guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa Toshkent (14,7 foizga), Surxondaryo (1 foizga) va Farg‘ona (0,7 foizga) viloyatlarida oshgan.
Profilaktik hisobda turgan shaxslardan 203 nafari 2019 yilning dastlabki yarim yilligida turli jinoyatlarni sodir etgan.
Ma'muriy nazorat qonunchiligi ta'siriga tushuvchi 3583 nafar shaxslarga nisbatan ma'muriy nazorat o‘rnatilmagan, shu bilan birga ma'muriy nazorat o‘rnatilgan shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar samarali tashkil etilmaganligi oqibatida, ularning 161 nafari jinoyat sodir etgan.
Sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikdagi tadbirlar lozim darajada tashkil etilmaganligi sababli jinoyat sodir etishga moyil giyohvandlikka ruju qo‘ygan 6352 nafar shaxsdan 519 nafari yoki 8,1 foizi majburiy davolanishga yuborilgan, xolos. Sirdaryo viloyatida esa giyohvand shaxslarning birontasini davolash muassasalariga joylashtirish choralari ko‘rilmagan.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024