Mustaqillik ayyomi arafasida bir guruh jurnalistlar qo‘shni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida maxsus press-turda bo‘lib qaytdi. «Ostona Xalqaro moliya birjasi» tashabbusi bilan uyushtirilgan bu tadbir doirasida «Ostona» Xalqaro moliya markazi qoshidagi xorijliklarga xizmat qilish markazida ham bo‘ldik.

Investitsiyalar jalb qilish har bir davlatning, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarning eng muhim masalalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu masalani shaxsan davlat rahbarining o‘zi nazorat qilayotgani ham, har bir viloyatda bu borada alohida guruhlar ish olib borayotgani ham bejiz emas.

Press-tur doirasida biz bilan uchrashgan «Ostona» Xalqaro moliya markazi rahbari Qayrat Kelimbetov so‘nggi 20 yilda Qozog‘iston 300 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya jalb qilgani, bu Markaziy Osiyodagi umumiy investitsiyalarning 70 foiziga tengligini bildirgan edi.

Xo‘sh, Qozog‘iston kim yoki nimaning evaziga bunday ko‘rsatkichlarga erishgan?

Albatta, tabiiy boyliklar ko‘pchilikni o‘ziga ohanraboday tortadi. Ammo dunyoda tabiiy boyliklar Qozog‘istondanda ko‘p davlatlar ham bisyor, lekin ularning bu boradagi natijalari kamtargina. Shunga qaramay janob Kalimbetov sarmoyalarning faqat neftgaz sohasida cheklanishi endi qoniqtirmasligi, bu borada har tomonlama ish olib borilayotganini ma'lum qilgandi.

Aytish mumkinki, erishilgan natijalarning oddiy sabablari chindanda o‘rganishga arziydi. Biz tashrif buyurgan «Ostona» Xalqaro moliya markazi qoshidagi xorijliklarga xizmat qilish markazi rahbari O‘ljas Bukenov o‘z faoliyati haqida so‘zlab berdi.

– Markazimiz xorijdan tashrif buyurgan diplomatik soha vakillari, investorlar va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Xizmatlarimiz mutlaqo bepul, agar mehmon davlat boji talab qilinadigan xizmatdan foydalanishni istasa, faqat o‘sha bojnigina to‘laydi. Biz investorlar kirib kelishi bilan ularning moslashuvi bo‘yicha barcha masalalarda yordam ko‘rsatamiz.