Jahon | 20:59 / 18.11.2024
8098
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik yuk avtomobillari uchun yopildi

Atirau-Aqto‘be-Astraxan avtomobil yo‘lini bog‘lovchi ko‘prikda yoriqlar paydo bo‘lgan. U 2017 yilda ishga tushirilgan edi.

Qozog‘istonning Atirau viloyati, Maxambet tumanidagi ko‘prikda yoriq paydo bo‘ldi, u orqali nafaqat Qozog‘iston va Turkmanistondan Rossiyaga va ortga, balki boshqa davlatlardan yuk mashinalari o‘tadi. Bu haqda Orda xabar berdi.

Qayd qilinishicha, yaqinda ko‘prikda yoriqlar aniqlangan va uni qisman yopishga to‘g‘ri kelgan. Atirau viloyati ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘prikning o‘rta qismida shikastlangan.

«Shu sababli ko‘prikda og‘ir yuk mashinalarining harakatlanishi taqiqlandi. Yengil avtomobillarga ularning og‘irligi xavf tug‘dirmagani uchun soatiga 20 kilometrdan oshmaydigan tezlikda harakatlanishi mumkin», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ko‘prikda haydovchilarni o‘rnatilgan cheklovlar haqida ogohlantiruvchi maxsus yo‘l belgilari o‘rnatilgan.

Maxambet tumanidagi O‘rol daryosi ustidan uzunligi 860 metr va eni 13 metr bo‘lgan ko‘prik qurilishi 2014 yilda boshlanib, 2017 yilda tugatilgan edi.

Daryo ustidagi yangi ko‘prik nafaqat daryoning ikki qirg‘og‘ini, balki dunyoning ikki qismini - Yevropa va Osiyoni ham bog‘laydi, ularning chegarasi shu joyda o‘tadi.

Ta’kidlanishicha, ko‘prik Atirau-Aqto‘be-Astraxan avtomobil yo‘lini bog‘lovchi mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishga yordam beradigan muhim obektga aylandi. U orqali nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham Yevropaga va orqaga yuklar o‘tadi.

Ko‘prik shuningdek, daryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan, umumiy aholisi 40 mingga yaqin bo‘lgan o‘nta qishloqni bog‘lagan.

 

Mavzuga oid