Bugun Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari 65-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Senat a'zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

T.Norboyeva o‘z nutqida majburiy mehnat masalalarini tilga oldi. Jumladan, majburiy mehnatni bartaraf etish borasida respublikamizda juda katta yutuqlarga erishilgan, bu Xalqaro mehnat tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar e'tirofiga sazovor bo‘layotganini gapirib berdi.

Shuningdek, Samarqandda turizm sohasi salohiyatlaridan unumli foydalanish haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Senat raisi qabul qilinayotgan qonunlarning xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlarida o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, qonunlarning bexato ishlashi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rish haqida ham o‘z fikrlarini bayon qildi.

Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ushbu masalada dastlab Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning hisoboti tinglandi. Samarqand viloyati respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida alohida o‘rin tutadi. Viloyat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini aholi jon boshiga hisoblaganda Respublika miqyosida yetakchiligi bilan alohida ajralib turadi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha Respublikada 1-o‘rinda bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hamda chakana savdo aylanmasi hajmlari bo‘yicha 3-o‘rinni, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmida 5-o‘rinni egallaydi.

Jumladan, viloyatda 2019–2020 yillarda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlari sonini kamida 2 barobarga, Kattaqo‘rg‘on tumanida 3 barobargacha oshirish belgilangan.