O‘zbekiston | 22:41 / 19.09.2019
40208
16 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi yangi nizomga sharh

2019 yil 12 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi PQ–4447-sonli qarori qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining Kun.uz’ga taqdim etgan sharhiga ko‘ra, yangi tahrirdagi nizomda mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida qo‘shin turlarini yosh, shijoatli, vatanparvar, sadoqatli va intellektual salohiyatli yoshlar bilan butlash, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish shartlari, harbiy xizmatni o‘tash jarayoni, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi masalalari va harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatish tartibi bilan bog‘liq ko‘plab masalalar huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.

Rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish, yillar davomida harbiy xizmatni o‘tash tartibi bilan bog‘liq yo‘nalishda vujudga kelgan muammolar, to‘plangan hayotiy tajriba va xizmat amaliyotini inobatga olgan holda yangilangan ushbu nizom oldingisidan 80 foizga o‘zgartirilgan.

Jumladan, eski tahrirdagi nizom 12ta bob, 38ta bo‘lim va 382ta banddan iborat bo‘lib, uning ilovasiga 3 turdagi kontrakt blankalar ilova qilingan edi. Yangi tahrirdagi nizomda bir-birini takrorlovchi 18ta band birlashtirilib, 38ta bo‘lim har bir bob tarkibiga 37ta alohida-alohida paragraf qilib kiritildi, natijada nizom 13ta bob, 360ta banddan iborat ko‘rinishga keltirilib, ilovalar qismi 4 turdagi kontrakt blankalariga ko‘paytirildi.

Nizom loyihasining «Umumiy qoidalar» bobida harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan 14ta asosiy tushunchani qamrab olgan atamalar apparati shakllantirildi.

Eski tahrirdagi nizomda «Harbiy xizmatni o‘tash» to‘g‘risidagi tizim 1-bob «Umumiy qoidalar» ichiga joylashtirilgan bo‘lib, unda normativ-huquqiy hujjatning tuzilish va yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish tartib-qoidalari mos kelmas edi. Yangi loyihada «Harbiy xizmatni o‘tash» alohida bob sifatida ishlab chiqilib, uning tuzilmaviy tarkibida harbiy xizmatni o‘tash, harbiy xizmat turlari va muddatlari to‘g‘risidagi tushunchalar tizimlashtirildi.

Yangi tahrirdagi nizom bilan Qurolli Kuchlarimizni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan butlashning eksterritorial prinsipi bilan birga yana yangi — territorial prinsipi joriy etildi. Mazkur normaning yangi nizom bilan tasdiqlanishi harbiy xizmatchilarning xizmat joyini o‘zgartirish (rotatsiya) bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni tartibga soladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomning 15-bandida ma'lumot darajasidan qat'i nazar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan barcha fuqarolar uchun muddatli harbiy xizmatning muddati kalendar hisobda 12 (o‘n ikki) oy etib (eski tahrirda oliy ma'lumotli fuqarolar uchun 9 (to‘qqiz) oy etib belgilangan) belgilandi.

Kalendar hisobida kamida 10 (o‘n) yil xizmat qilgan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga haqiqiy harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilayotganda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga oliy ta'lim muassasasining kunduzgi bo‘limidagi 1 (bir) oy o‘qish muddati 1 (bir) oy xizmat muddati hisobida hamda oliy ta'lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng ixtisosligiga mos keladigan lavozimlardagi 1 (bir) oylik ish staji 1 (bir) oylik xizmat hisobida qo‘shib hisoblash (eski tahrirda faqat rezervdan (zaxiradan) ixtiyoriy ravishda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilgan ofitserlarga nisbatan qo‘llanilgan) tartibi joriy etildi.

Yangi loyiha bilan amaliyotga pensiya hisoblash vaqtida harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatlarining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklardagi xizmat maxsus unvon berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanishi to‘g‘risidagi norma kiritildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi devoni bilan kelishilgan holda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga olishda ularning oliy ta'lim muassasalardagi o‘qish muddatlari va oldingi ish joylarida mehnat staji pensiyani hisoblashda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga 1 (bir) oylik o‘qish (ish) 1 (bir) oylik xizmat hisobida qo‘shib hisoblanish to‘g‘risidagi norma belgilab qo‘yildi.

Eski tahrirdan farqli ravishda nizomning yangi loyihasi 4-bob 4-paragrafida Harbiy-kasbiy tanlov o‘tkazish tartib-qoidalari batafsil yoritib berildi. Unga ko‘ra, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish borasida o‘tkaziladigan ikki bosqichli tanlov tadbirlari bir bosqichga qisqartirilib, fuqarolarning tibbiy ko‘rik va jismoniy tayyorgarlik holatlari tekshiruvlari vazirliklarning hududiy vakolatli organi saralash komissiyalari tomonidan bir marta o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga qabul qilinishdagi yosh senzlari 17 (o‘n yetti) yoshdan 23 (yigirma uch) yoshgacha (eski tahrirda 21 yoshgacha bo‘lgan) ko‘tarildi. Shuningdek, 26 (yigirma olti) yoshgacha bo‘lgan (eski tahrirda ushbu norma yoritilmagan) va oliy harbiy ta'lim muassasalarida aloqa muhandis texnigi va harbiy-tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining talabalari oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga o‘qishga qabul qilinishlari to‘g‘risidagi norma kiritildi.

Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga o‘qishga yuborilayotganda ular bilan o‘qish shartlari hisobga olingan va o‘qish tugagandan so‘ng belgilangan muddat mobaynida harbiy xizmatni o‘tash majburiyatlari aks ettirilgan maxsus kontrakt tuzish tizimi yo‘lga qo‘yildi (eski tahrirda ushbu tartib joriy qilinmagan).

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegaralari O‘zbekiston Respublikasi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunining 26-moddasi talablariga moslashtirildi, ya'ni:

a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) uchun – 45 yosh;

b) kichik ofitserlar uchun – 45 yosh;

v) katta ofitserlar uchun – 50 yosh, polkovniklar (1-darajadagi kapitanlar) uchun – 55 yosh;

g) «general-mayor», «general-leytenant» va «general-polkovnik» harbiy unvonidagi ofitserlar uchun – 60 yosh.

Yangi tahrirdagi nizomning 6-bobida teng yoki past lavozimlarga tayinlash bilan bog‘liq bandlariga o‘zgartirishlar kiritilishi bilan harbiy xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash borasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarning bartaraf etilishiga erishildi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar tomonidan vaqtinchalik lavozimni bajarish muddati 3 (uch) oydan 6 (olti) oyga qadar uzaytirildi, umumiy tartib asosida lavozimni topshirish muddati 1 (bir) oydan 20 (yigirma) kunga qisqartirildi, harbiy xizmatchilarni harbiy qism komandiri ixtiyoriga chiqarish tartibi soddalashtirilib, uning muddati 1 (bir) oydan 2 (ikki) oyga qadar uzaytirildi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining boshqa aka-ukalari bo‘lmagan taqdirda doimiy ravishda alohida yashovchi ota-onasiga doimiy qarab turish uchun oilaviy sharoitiga ko‘ra, yangi xizmat joyiga o‘tkazish masalasida bundan buyon uning yaqin qarindoshlari hisoblangan opa yoki singillarining borligi, ularning ota-onasi qatori bir viloyat, tuman yoki shaharda istiqomat qilish holatlari inobatga olinmasligi to‘g‘risidagi tartib joriy etildi.

Nizomning yangi tahrir loyihasida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlik tizimidan boshqa biriga o‘tkazish tartibi soddalashtirilib, nomenklatura lavozimlarga kirmaydigan harbiy xizmatchilarni boshqa vazirliklarga o‘tkazilishi vazirlik rahbarlarining o‘zaro kelishuvi (eski tahrirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi ruxsati bilan) asosida amalga oshirilish tartibi belgilab qo‘yildi.

Harbiy xizmatchilarni attestatsiyasidan o‘tkazish tartibi qisqartirilib, bundan buyon harbiy xizmatchilar harbiy unvon olish uchun, yuqori lavozimga tayinlanish uchun, oliy harbiy ta'lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng, shuningdek, rezervdagi (zaxiradagi) ofitserlarni harbiy xizmatga qabul qilish davrida majburiy tarzda attestatsiyadan o‘tkazmaslik tartibi joriy qilindi.

Bundan tashqari, attestatsiya komissiyalarining tarkibi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idora rahbarlari tomonidan shakllantirilishi va belgilanishi (eski tahrirda komissiya tarkibi qat'iy ravishda belgilangan edi) joriy qilinib, attestatsiya komissiyasi yig‘ilishida qabul qilinadigan qaror va takliflar ro‘yxati soddalashtirildi.

Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan shaxs attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qaror unga yetkazilgan kundan boshlab 30 (o‘ttiz) kun mobaynida yuqori turuvchi komissiyaga shikoyat bilan murojaat etish huquqi 10 (o‘n) kunlik muddatga almashtirildi.

Yangi nizom loyihasining «Harbiy xizmatchilar huquq va majburiyatlari» bobida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasiga e'tibor qaratilib, harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, uy-joy bilan ta'minlanishlari, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya va tibbiy ta'minot hamda boshqa ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanishlari tartibi mustahkamlab qo‘yildi.

Xususan, oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga yil yakunlariga ko‘ra yanvar oyida qo‘shinlar jangovar shayligini saqlab turgani, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajargani uchun bir marta beriladigan pul mukofoti, shuningdek, yilda bir marta bir marotabalik pul ta'minoti okladiga teng miqdordagi moddiy yordam puli to‘lab berish normasi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi (eski tahrirda bu imtiyozlar ko‘rsatilmagan).

Bundan tashqari, haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan (rezervga, iste'foga bo‘shatilgan) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi 10 (o‘n) va undan ortiq kalendar yilga yetganda (eski tahrirda 20 (yigirma) yil etib belgilangan) O‘zbekiston Respublikasining uy-joy qonunchiligida ko‘zda tutilgan me'yor va tartiblarga muvofiq o‘zlari egallab turgan turarjoylarini bepul xususiylashtirib olish huquqiga egaliklari belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan uy-joy bilan ta'minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyni umumiy qiymatining 25 % dan 50 % gacha miqdordagi dastlabki badal pulini davlat budjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lash yo‘li bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditini berish tizimi bo‘yicha turarjoylar berilishi mumkinligi to‘g‘risidagi yangi norma kiritildi.

Qolaversa, katta ofitser va generallar tarkibi bilan bir qatorda rezervga (iste'foga) bo‘shatilganidan (chiqarilganidan) so‘ng harbiy-tibbiy muassasalardagi bepul tibbiy ta'minotdan foydalanish huquqi xizmat yillarining umumiy davomiyligi 20 (yigirma) yil va undan ortiq bo‘lgan kichik ofitserlar, serjant va oddiy askarlar tarkibiga nisbatan ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.

Nizomning 199-bandida o‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalari va o‘rta ta'lim muassasalari, shuningdek vazirlikning bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadilar.

Nizomning «Harbiy unvonlar» bobida muhim o‘zgarishlardan yana biri sifatida serjantlar tarkibi uchun «I darajali serjant», «II darajali serjant» va «III darajali serjant» harbiy unvonlari va uning muddatlari joriy etildi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomning 222-bandida «kichik serjant» harbiy unvonini berish tartibi ham soddalashtirildi. Bundan buyon «kichik serjant» harbiy unvoni:

a) vazirliklar tasarrufidagi ta'lim muassasalarining tegishli dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarini tamomlagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga;

b) vazirliklar tasarrufidagi ta'lim muassasalarining tegishli dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash kurslarida tayyorgarlikdan o‘tishni talab qilmaydigan serjantlar tarkibi lavozimlaridagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga, shuningdek, intizomiy rag‘batlantirish tartibida;

v) oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlariga – o‘qishdagi yuqori natijalar va namunali harbiy intizom uchun beriladi.

Eski tahrirdagi nizomdan farqli ravishda o‘qish davomiyligi 5 (besh) yil bo‘lgan oliy harbiy ta'lim muassasalarining bitiruvchilari uchun «leytenant» harbiy unvonida bo‘lish muddati 1 (bir) yil etib belgilandi.

Berilgan harbiy unvonda bo‘lishning belgilangan xizmat muddatidan kamida ikkitasini o‘tagan ofitserga, xizmat yuzasidan ijobiy tavsiflar berilgan va uning harbiy-hisob ixtisosligi bo‘yicha vakant lavozim yo‘qligi sababli uni yuqori turuvchi lavozimga tayinlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, vazirlik rahbarining qaroriga binoan shtatga ko‘ra unga o‘zi egallab turgan harbiy lavozim uchun nazarda tutilgan harbiy unvondan bir pog‘ona yuqori turuvchi harbiy unvon («polkovnik» harbiy unvonidan tashqari) berilishi to‘g‘risidagi norma kiritildi (eski tahrirda bunday norma belgilanmagan).

Ofitser va serjantlik harbiy unvonlaridan mahrum qilingan shaxslar oddiy askar hisoblanib, ular zaxiradagi, rezervdagi, iste'fodagi oddiy askar harbiy unvonidagi harbiy xizmatchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanish tartibi joriy etilmoqda (eski tahrirda bunday imtiyoz va huquqlar belgilanmagan).

Nizomning «Ta'tillar» bobiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning har yilgi navbatdagi ta'tillariga qo‘shimcha tarzda, xizmat yillarining kalendar hisobiga ko‘ra:

10 (o‘n) yillik harbiy xizmatdan so‘ng – davomiyligi 5 (besh) sutkalik;

15 (o‘n besh) yillik harbiy xizmatdan so‘ng – davomiyligi 10 (o‘n) sutkalik;

20 (yigirma) yillik va undan ko‘p harbiy xizmatdan so‘ng – davomiyligi 15 (o‘n besh) sutkalik qo‘shimcha ta'til berilishi tartibi joriy etildi.

Nizomning «Harbiy xizmatchilarni haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish» bobi harbiy xizmatni o‘tash tartibi bilan bog‘liq zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda soddalashtirilib, optimal ko‘rinishga keltirildi.

Bundan buyon kamida yigirma kalendar yili mobaynida harbiy xizmatni benuqson o‘tagan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan vaqtda tegishli buyruqlar bilan harbiy formani kiyish va farqlovchi nishonlarni taqish huquqi beriladi.

Nizomning «Qurolli Kuchlar rezervidagi xizmat» bobida rezervdagi harbiy xizmatga majburlar bilan o‘tkaziladigan yig‘in turlari qisqartirilib, ularni o‘tkazish tartibi soddalashtirildi.

Qurolli Kuchlar rezervida bo‘lishining yosh chegaralari O‘zbekiston Respublikasi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunining 30-moddasi talablariga moslashtirildi.

Mavzuga oid