Jamiyat | 21:22 / 23.09.2019
24467
17 daqiqa o‘qiladi

Yovvoyi hayvonot dunyosini o‘rganish, termitlarga qarshi kurashishdagi yangiliklar haqida zoolog olim bilan suhbat

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, ta'lim, innovatsion tadqiqotlar haqida turli soha olimlari bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zFA Zoologiya instituti direktori Biologiya fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Xolmatov bo‘ldi.

Suhbat davomida respublikamiz faunasi o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, turli zararkunanda hasharotlar, jumladan, termitlar va zararlariga qarshi kurashish borasida qilinayotgan tadqiqotlar va ularning ahamiyati haqida ma'lumot olishingiz mumkin.

Zoologiya instituti bugungi ilmiy faoliyati, ilmiy izlanishlar haqida so‘zlab bersangiz?

— Zoologiya instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3256-sonli qarori bilan tashkil etildi.

Institut ilmiy faoliyati quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

  • respublika faunasini kompleks tarzda o‘rganish, hayvonot dunyosi obektlarining zamonaviy holatini baholash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
  • respublika faunasining milliy axborot-tahliliy ma'lumotlar bazasini ishlab chiqish va yuritish, yovvoyi hayvonlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari bo‘yicha davlat kadastri, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va hayvonot dunyosi monitoringini yuritish;
  • zararkunandalar, parazitlar va boshqa biozararkunandalar sonini nazorat qilishning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish.

Zoologiya instituti joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida sezilarli natijalarga erishdi. Xususan, Toshkent viloyati umurtqali hayvonlari faunasi monitoringini o‘tkazish uchun 18ta muhim xudud aniqlandi, ekotizimlarning original xaritasi yaratildi. Quruqlik umurtqali hayvonlari faunasi bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasi va bibliografik ro‘yxati tuzildi.

Samarqand viloyatining qator tumanlarida vizual tekshiruv va aholidan anketa –so‘rovnoma tarzida olingan ma'lumotlar asosida 14 tur umurtqali kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvon turlari xaqida ma'lumotlar yig‘ildi va ma'lumotlar bazasiga (sudralib yuruvchilardan 2 tur, qushlardan 10 tur, sut emizuvchilardan 2 tur) kiritildi.

Tungi faol hayot kechirishga ixtisoslashgan yapaloq qushlarning shimoli-sharqiy rayonlarda tarqalishi, soni, uyalashda ishtirok etayotgan qushlar miqdori aniqlandi. Ilk bor quloqdor yapaloqqush uyalash joylari topildi. Yapaloqqushlarning kemiruvchilar bilan oziqlanib, qishloq xo‘jaligida ahamiyatli ekani ochib berildi.

O‘zbekistonning shimoli-sharqiy hududi suv havzalari baliq resurslari va gidrobiontlarning hozirgi holati, taksonomik strukturasi, turlar tarkibi va taqsimlanishi o‘rganildi. Zooplankton, zoobentos va fitoplankton turlarning ro‘yxati taftish qilindi. Chirchiq va Ohangaron daryolarida sazan (Cyprinus carpio) va qorabaliqning (Schizothorax curvifrons) morfologik xususiyatlari, reproduktiv holati, hajm va yosh tarkibi, o‘sish sur'atlari aniqlandi.

O‘simliklardan gelmintozlarga qarshi dori ekstraktlari tayyorlandi va laboratoriya sharoitida 83,3-96,9 foiz yuqori biologik samara berdi.

To‘g‘riqanotsimon hasharotlarning 70dan ortiq turlari haqida ma'lumotlar yig‘ildi. Mazkur to‘g‘riqanotsimonlarning 5ta turi O‘zbekiston faunasi uchun ilk bor qayd etildi. Tadqiqotlar natijasida 20ta tur kamyob to‘g‘riqanotsimon hasharotlar sifatida O‘zbekiston Qizil kitobga kiritish uchun tavsiya qilindi va tarqalgan areallari belgilandi.

Ilmiy salohiyat: Bugungi kunda institutda 70 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Shulardan 38 nafari ilmiy xodim bo‘lib, 1 nafar akademik, 6 nafar fan doktori, 15 nafar fan nomzodi, 8 tayanch-doktorant va 2 mustaqil izlanuvchi o‘zlarining zoologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishmoqda. Oxirgi uch yilda 1 nafar fan doktori (DSc) va 7 nafar biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlandi.

O‘zbekiston bioxilma-xilligini asrash borasida qanday izlanishlar olib borilmoqda?

— Albatta hayvonot dunyosi xilma-xilligini asrash nafaqat O‘zbekistonda, qolaversa, butun dunyoda bugungi kunning dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan muhim masalalaridan biri hisoblanadi.

Institut olimlari tomonidan tabiiy ekotizimlar kesimida ya'ni suv-botqoqlik, tog‘oldi (adir va pastki tog‘), o‘rta tog‘, baland tog‘ va cho‘l hududlarida tarqalgan sutemizuvchilarga antropogen ta'sir darajalarini baholab, ularni saqlash va barqaror foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyanoma ishlab chiqildi. Respublikamiz tabiiy ekotizimi bioxilma-xillikni saqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bizda uchraydigan 22 turdagi sutemizuvchilar global yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar ro‘yxatidan joy olgan (www.iucnredlist.org).

Ana shunday turlardan biri Qor qoplonining tarqalishi, ozuqa zanjiridagi roli va muhofazasi bo‘yicha Global ekologik jamg‘armasi, BMT taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston hukumati hamkorligida umumiy budjeti 31,5 mln. AQSh dollariga teng loyiha amalga oshirilmoqda. Institut xodimlari ushbu loyihaning asosiy komponenti sifatida ishtirok etishmoqda.

Zoologiya instituti CITES (Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya)ning ilmiy organi hisoblanadi. Ayniqsa, yovvoyi hayvonlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarni muhofaza choralarini kuchaytirishda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining o‘rni beqiyosdir. Amaldagi Qizil kitob 2009 yilda nashr qilingan bo‘lib, bunga 184 turdagi umurtqali va umurtqasiz hayvonlar kiritilgan. Institut olimlari tomonidan kitobning yangi tahriri tayyorlandi. Bunga ko‘ra, qo‘shimcha 22 turdagi umurtqali va umurtqasiz hayvonlarni kiritish taklif qilindi. Qizil kitobning yangi nashri shu kunlarda nashr qilish rejalashtirilmoqda.

Hayvonlardan insonga yuquvchi yoki hasharot chaqishi natijasida kasalliklar yuqishi holatlariga qarshi qanday ishlar qilinmoqda?

— Qon so‘ruvchi hasharotlar va kanalar qishloq xo‘jaligi hayvonlari va insonlar sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Jumladan, kanalar virus, rikketsiya, bakteriya, protozooalar orqali bir qator kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladi, shu bilan bir qatorda, odamda qon so‘rishi orqali xavfli Qrim-Kongo Gemmoragik isitmasi kasalligini tarqatadi. Ushbu kasallik hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha eng xavfli kasallik bo‘lib, asosiy tarqatuvchisi kanalar hisoblanadi. Mamlakatimizda Qrim-Kongo Gemmoragik isitmasi virusi barcha hududlardagi kanalarda mavjud hisoblanadi. Kana chaqqanida odamlarni ushbu virus bilan zararlanishi kuzatiladi. Ushbu virus bilan kishilarning zararlanishi Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatidan tashqari respublikamizning barcha hududida kuzatilmoqda. Ushbu holat tibbiyot sohasida dolzarb muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lib, kasallik o‘choqlarini chegaralash ishlari bo‘yicha chora tadbirlar olib borilmoqda.

Qon so‘ruvchi kanalar, jumladan Ixodoidea katta oilasiga mansub kana turlari qishloq xo‘jaligi hayvonlari, parrandalari va odamda ektoparazitlik qilishi orqali jiddiy epidemiologik xavfni yuzaga keltiradi va shu sababli bevosita kanalarning ekologik, biologik xususiyatlarini batafsil o‘rganish, ularga qarshi samarali kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Kanalarga qarshi hozirgi kunda institut olimlari, Toshkent Farmatsevtika instituti va SSV Virusologiya ilmiy tekshirish instituti ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda mahalliy xomashyolardan foydalangan holat insektoakaritsid ishlab chiqildi. Mazkur insektoakaritsid kanalarni nobud qilish samaradorligi 80-85 foizini namoyon etdi. Ushbu preparatning zaharliligi kam, ayni holatda samaradorligi yuqori bo‘lib, kanalarga qarshi dezinfeksiyani amalga oshirish jarayonida hech qanday toksik holatlar kuzatilmaydi. Ayni paytda bu preparatlar hayvonlar va parrandalar uchun bezarar hisoblanadi. Kanalarga qarshi kurashda ishlab chiqarilgan insektoakaritsidlar bo‘yicha ikkita patent talabnomasi olingan bo‘lib, tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.

Yaqinda termit hasharoti, ularning zararlari va bir qishloq aholisi bundan aziyat chekayotgani haqida ma'lumot berildi. Mutaxassis sifatida bu hasharotning paydo bo‘lishi, keltirayotgan zarari haqida qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Bugungi kunda dunyo bo‘yicha termitlar tomonidan keltirilayotgan zarar yildan yilga oshib bormoqda. G‘arbiy Afrikada termitlarning binolarga keltirayotgan zarari joriy ta'mirlash uchun sarflanadigan mablag‘ning 10 foizini tashkil qilsa, AQShda termitlar keltirayotgan zarar yiliga 1,5 mlrd, dunyo bo‘yicha esa 20 mlrd dollarni tashkil etadi. Birgina, 100 sm3 hajmdagi 25 ming dona termitdan iborat bo‘lgan bitta oila bir yil davomida o‘rtacha 50 ming sm3 hajmli turli ko‘rinishdagi sellyulozani iste'mol qiladi.

Dunyoda termitlarning 2800dan ortiq turi ma'lum. Ulardan 120 turi zararkunanda sifatida qayd qilingan.

O‘zbekiston hududida Anacanthotermes avlodiga mansub 2ta tur: Turkiston va katta Kaspiy orti (A.turkestanicus Jacobs., A.ahngerianus Jacobs.) termitlari tarqalgan bo‘lib, ayniqsa keyingi 20-30 yil davomida respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi xonadonlari, qishloq xo‘jaligi binolari va hatto tarixiy obidalarga katta zarar yetkazmoqda. Bugungi kunda Respublika bo‘yicha jami 15 313ta xonadon, 24ta ijtimoiy soha obekti, 75ta tashkilot hamda 772 ga (dala, cho‘l, qabriston) ochiq yer maydonlari termitlardan zararlangan.

O‘zbekistonda ilk bor, Anacantothermes avlodi termitlariga qarshi qarshi kurashda Zoologiya instituti huzuridagi «Respublika termitlarga qarshi kurashish» markazi va mazkur institutning Entomologiya laboratoriyasida (bevosita prof. A.Sh. Xamrayev rahbarligida) zaharli yem-xo‘raklar ishlab chiqilgan bo‘lib, Respublikada aholi turar-joylari, tarixiy obidalari va strategik obektlarda termitlarga qarshi keng doirada qo‘llanib, yuqori samaradorlikka erishilgan. Patogenli va zaharli yem-xo‘raklarni tayyorlash va termitlarga qarshi qo‘llash texnologiyasi bo‘yicha silindrik konteyner - UZ № SAP01243 (02.08.2013) va Anacantothermes avlodi termitlarini qirib yo‘qotish uchun qurilma – UZ № FAP00954 (14.06.2013) ishlanmalari bo‘yicha patentlar olingan.

Instituti huzuridagi «Respublika termitlarga qarshi kurashish» markazi va institut olimlari «Anacanthotermes avlodi termitlariga qarshi yangi «Antitetmit» yem-xo‘ragi va kurash usullarini ishlab chiqish» mavzusida maqsadli amaliy loyiha tadqiqotlari doirasida yangi avlod «Antitermit» yem-xo‘raklarini ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra tarkibiga jalb qiluvchi xususiyatga ega bo‘lgan – attraktant, ta'm beruvchi va namlikni saqlab turuvchi qo‘shimchalar kiritish, uzoq muddat saqlanganda zararli mikroflorani rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, termitlar tomonidan zararlangan bino va obektlarga o‘rnatishning qulayligini ta'minlash maqsadida bir tomoni tez va oson yopishadigan modda surtilgan holatda bo‘lishi hamda yem-xo‘rakni yetkazib berish qulayligini ta'minlashni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki sinov tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Kelajakda termitlarga qarshi ishlab chiqiladigan yangi avlod «Antitermit» yem-xo‘raklari va takomillashtirilgan kurash tizimi ilmiy hajmdor texnologiyalar importini keskin qisqartiradi, chunki barcha ishlanmalar faqat mahalliy xomashyo evaziga bajariladi. Mazkur tizim barcha Anacantothermes avlodi termit turlari tarqalgan dunyodagi mamlakatlarda ham samarali bo‘lishi mumkin. Termitlarga qarshi yangi yem-xo‘raklarni qo‘llash va ularni transportirovka etish bo‘yicha bir qancha o‘zgartirishlar kiritiladi.

Institut faoliyati bevosita tabiat bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ilmiy ekspeditsiyalarni tashkil qilish imkoniyati qay darajada? Shuningdek, tadqiqot laboratoriyalarining holati qanday?

— Juda o‘rinli savol deb hisoblayman. Chunki Respublika faunasini kompleks tarzda o‘rganish va yovvoyi hayvonot dunyosi obektlarining zamonaviy holatini baholashni ilmiy ekspeditsiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Institutda bajarilayotgan fundamental va amaliy loyihalarni, shuningdek xo‘jalik shartnomalarini bajarishda keng qamrovli dala tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida 2018 yil Institut nobudjet mablag‘lari hisobidan 1ta Chevrolet Niva mashinasi xarid qilindi. Albatta, bu yetarli emas. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida ta'lim va ilm-fan sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv mobaynida institutni moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida yana shunday avtotransport vositasi bilan ta'minlashga ko‘rsatma berishdi.

Bugungi kunda Institutda mavjud ilmiy asbob-uskunalarning o‘rtacha yoshi 10-15ni tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 1 noyabrdagi PQ-3365-sonli qarorining 3 ilovasi «2018-2021 yillarda Ilmiy-tadqiqot muasssalarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha Dasturi»da Zoologiya institutini ilmiy va laboratoriya asbob-uskunalari bilan ta'minlash uchun 200 ming AQSh dollari ajratilgan. Hozirda institutga zarur laboratoriya asbob-uskunalarini xarid qilish uchun tender jarayoni amalga oshirilmoqda.

Ilmiy ishlar, tadqiqot natijalari ilm ommasiga qanday e'lon qilinadi?

— Olib borilgan tadqiqot ishi natijalari Respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan konferensiya to‘plamlari, xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda muntazam ravishda chop etib boriladi.

Institut ilmiy xodimlari tomonidan 2019 yil 9 oyi davomida 2ta monografiya, 5ta amaliy tavsiyanoma, 1ta o‘quv qo‘llanma nashr ettirildi. Ilmiy jurnallarda 31ta, xalqaro va respublika konferensiyalari to‘plamlarida 67ta maqola chop etildi. 2ta patent olindi. 2ta patentga talabnoma berildi.

2019 yil 20-21 iyun kunlari O‘zR FA Zoologiya institutida «O‘zbekiston Zoologiya fani: hozirgi zamon muammolari va rivojlanish istiqbollari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Konferensiyaga kelib tushgan materiallardan veterinariya, tabiatni muhofaza qilish sohalariga joriy qilish uchun bir nechta tavsiya berildi.

Qaysi ilm dargohlari bilan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan?

— Institut 2018-2019 yillar davomida Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston respublikalari, Buyuk Britaniya qirolligining ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari bilan memorandumlar tuzib hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti bilan tuzilgan memorandum doirasida ikki marta hamkorlikda ekspeditsiyalar amalga oshirildi. Institut 2-bosqich tayanch doktoranti D.M.Musayev 2019 yil 24-30 iyun kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan «Zararkunanda hasharotlarning monitoringi va ularni boshqarishning zamonaviy usullari» mavzusidagi seminarda ishtirok etdi. Institutning 2 nafar yosh ilmiy xodimi (S.Sobirov, Sh.Nazarov) Xitoy Fanlar akademiyasi prezidentining CAS-TWAS dasturi doirasida tayanch doktoranturasiga qabul qilindi.

Hozirda ANSO tomonidan e'lon qilingan 2020 yilgi xalqaro hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalar tanloviga «Qishloq xo‘jaligi zararkunanda hasharotlarining monitoring va ularni boshqarish usullari» bo‘yicha loyiha topshirildi.

Cabi Bioscience Shveytsariya Ilmiy Markazi bilan hamkorlikda SCOPES qo‘llab-quvvatlash fondi loyihalari doirasida qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, SCOPES dasturlari doirasida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2008 yilda - gall hosil qiluvchi arilar (Aulacidea acroptilonica) dalalarda kakraga qarshi biologik agent sifatida qo‘llashga ruxsat etilgan. Kakra Markaziy Osiyo sharoiti uchun xos bo‘lib, Shimoliy Amerikaga 120 yil oldin tasodifan iqlimlashgan. Shundan beri Shimoliy Amerika uchun ushbu o‘simlik juda jiddiy zararli begona o‘tlardan biri hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda biologik nazoratdagi ikkinchi agent - gall pashshasi (Jaapiella ivannikovi) Shimoliy Amerika sharoitiga iqlimlashtirilmoqda.

Bugungi kunda zamon shiddat bilan o‘zgarib borar ekan, biz ilm-fan ahlidan tadqiqot ishlarini maqsadli yo‘naltirish, ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etilishini ta'minlash, sohada olingan natija va yutuqlarni xalqaro nufuzli jurnallarda chop etish orqali butun dunyo olimlariga yetkazishni talab qilmoqda.

Kelajakda biz Respublikamiz hayvonot dunyosi xilma-xilligi jihatdan boy tarkibga egaligini hisobga olgan holda, noyob, kamayib borayotgan va endemik turlarni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqib, ularni maxsus pitomniklarda ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport salohiyatiga, qolaversa, iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid