«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e’lon qilindi. Tegishli hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan.

 Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

 ommaviy axborot vositalarining erkinligi;

 ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub’yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi;

 ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

 ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sohasida so‘z erkinligi, oshkoralik va ochiqlik;

 ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi.

Ommaviy axborot vositalarining erkinligi

 O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir.

 Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

 Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

 Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 Ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub’yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi

 Ommaviy axborotlar vositalari faoliyati sub’yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligi davlat himoyasida bo‘ladi.