O‘zbekiston | 19:37 / 22.10.2019
11982
6 daqiqa o‘qiladi

AOKA kiritgan taklif – blogerlar ustidan nazoratmi yo ularni javobgarlikdan himoyalash?

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining «Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 sentyabrdagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi kanallari orqali veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasiga o‘z sayti va (yoki) sahifasidan qonunchilikka zid, qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikni keltirib chiqaruvchi axborotni o‘chirishni talab etuvchi xabarnoma yuborish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan axborotni o‘chirishni talab etuvchi xabarnomani yuborish tartibi to‘g‘risida nizom ham tasdiqlanishi kutilmoqda.

Muhokamaga qo‘yilgan hujjat loyihasini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda uni yanada takomillashtirish yuzasidan quyidagi fikr va mulohazalarni bayon etishga qaror qildik.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-1-moddasiga ko‘ra, veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet tarmog‘idagi o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shart.

E'lon qilingan yangi hujjat loyihasi mazmunidan ko‘rish mumkinki, agentlik o‘z zimmasiga yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan katta mas'uliyatni olmoqda. Shu yo‘l bilan, axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bilan bir vaqtda veb-sayt, veb-sayt yoki messenjer sahifasi egalarining huquqlari himoyasi ta'minlansa ajab emas.

E'tiborli jihati shundaki, o‘z maqolasi yoki posti ostida qoldirilgan qonunga hilof izohning shu qoldirilgan joyida turishidan o‘zini va qonunlarni hurmat qiladigan biror bloger manfaatdor bo‘lmasa kerak. Faqatgina uning doimiy ravishda izohlarni kuzatib borishga vaqti bo‘lmaydi. Bu funksiyani endilikda davlat organi o‘z zimmasiga olmoqchi, blogerdan esa kelib tushgan xabarnomalarga o‘z vaqtida munosabat bildirib turish talab etiladi.

Bundan tashqari, agentlik «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-1 moddasi talablarini buzilishini oldini olish maqsadida o‘z zimmasiga veb-sayt egalari yoki blogerlar qilishi kerak bo‘lgan vazifani olmoqda. Shuningdek, ushbu loyihaga fuqarolarda internet resurslari orqali muloqot qilish madaniyatini shakllantirish hamda etika qoidalariga rioya etilishiga erishish sari tashlangan navbatdagi qadam deya baxo berish mumkin.

Shunga qaramay, muhokama etilayotgan hujjatni kamchiliklardan xoli, deb bo‘lmaydi. Qonun ijrosi bilan qonun bo‘la olishini hisobga olsak, loyiha biroz takomillashtirilishi lozim.

Jumladan, loyihada O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turib faoliyat yuritayotgan, hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan veb-saytlar va blogerlarning qonun talablariga zid postlari va ular ostida qodirilgan izohlar uchun xabarnoma yuborish, bu xabarnomalar mazkur veb-sayt egalari yoki blogerlar tomonidan javobsiz qoldirilgan taqdirda qanday yo‘l tutilishi masalasi ochiq qolgan.

Bundan tashqari, faqat agentlik emas, balki har qanday vakolatli (manfaatdor) davlat organi va idorasiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri veb-sayt egasi yoki blogerga qonun talablariga zid post yoki izohlarni o‘chirishni so‘rab xabarnoma yuborish huquqini berish kerak. Sababi, axborot oqimining bugungi kundagi shiddatiga agentlikning ichki mehnat resurslari dosh bera olmasligi aniq. Qolaversa, tor soha vakillarigina tushunishi mumkin bo‘lgan masalalar bevosita mutaxassis bo‘lmagan agentlik moderatorlarning nazaridan chetda qolib ketishi mumkin.

Har bir blogerga u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkonini beruvchi telefon raqami yoki messenjer manzilini agentlikka taqdim etish majburiyatini yuklash kerak. Bu yuborilayotgan xabarnomaning to‘g‘ridan to‘g‘ri blogerning o‘zi (yoki uning ishonchli vakili) tomonidan qabul qilib olganligini bilish uchun kerak bo‘ladi.

Ma'lumki, ommaviy axborot vositasi litsenziya talab qiladigan faoliyat turi hisoblanadi. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, litsenziya asosida faoliyat yuritib kelayotgan veb-saytlar agentlikning tegishli izohni o‘chirish to‘g‘risidagi xabarnomasini olgandan keyin ham bu talabni bajarmasligi litsenziyasidan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo kutayotganini his etishga majbur qiladi.

Biroq, litsenziyaga ega bo‘lmagan bloger esa, tabiiyki xabarnomani javobsiz qoldirishning oqibatlaridan ko‘p ham xavotir (balki mas'uliyatdir) sezmasligi mumkin. Shu sababli, blogerlarning ham shaxsiy mas'uliyatini oshirish maqsadida ularning rasmiy reyestrini yuritish taklif etiladi.

Yana bir taklif, ma'lumki O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlovchi jamoat fondi mavjud. Biroq bu fondning maqsadi o‘z nomi bilan bosma ommaviy axborot vositalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Zamon taraqqiy etib, elektron ommaviy axborot vositalari, shu jumladan blogerlik faoliyati rivojlanmoqda. Elektron pressa olami vakillarini birlashtirib, faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi, ularning erkinligi va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlovchi, axborot xizmati ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyihalari va dasturlarini qo‘llab-quvvatlovchi nodavlat notijorat tashkiloti ta'sis etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Dilshod Abdukadirov,
huquqshunos.

Mavzuga oid