Kuvayt: Bu mamlakatning neftdan boshqa yana nimasi bor?
Kuvayt Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan G‘arbiy Osiyo davlatidir. Aholisi taxminan 4,5 mln kishi. Mamlakat, ma'lumki, o‘zining neftga boyligi bilan mashhur, ammo bu undagi yagona o‘ziga xoslik emas.
Emigrantlar ko‘pligi
Kuvaytda istiqomat qiluvchilarning atigi 30 foizi uning tub aholisidir, qolgan 70 foizini muhojirlar tashkil etadi. Muhojirlarning aksariyati poytaxtda yashaydi va iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatishadi. Hindlar eng katta jamoani tashkil etadi. Ularning deyarli barchasi Hindistonning janubiy shtatlari — Tamilnad va Keraladan kelishgan. Kuvaytda 17ta hind maktabi tashkil etilgan.
Ikkinchi o‘rinni misrliklar egallashadi. Bundan tashqari, bu yerda filippinliklar, pokistonliklar, eronliklar, suriyaliklar, falastinliklar va turklar yashaydi.
Neft zaxiralari bo‘yicha oltinchi o‘rin
Kuvayt dunyodagi neft zaxiralarining 8 foiziga egalik qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 104 mlrd barrel neft deganidir, shundan 70 mlrd barreli Burgan havzasida joylashgan.
Dinor — dunyodagi eng qimmat valuta
Kuvayt dinori milliy valuta hisoblanib, 1000 filsga teng. Fils bu ko‘plab arab mamlakatlarida muomalada bo‘lgan pul birligi. Arab tilida «fils» pul degan ma'noni anglatadi va so‘zning o‘zi Qadimgi Rim tangasi — follis nomidan kelib chiqqan.
Dinor Fors ko‘rfazining rupiysi o‘rnini egallagan va 1961 yilda muomalaga kiritilgan. Agar Kuvayt valutasini AQSh dollari bilan taqqoslasak, uning uch barobar kuchliligiga amin bo‘lamiz, shuning uchun ham u jahondagi eng qimmat pul bo‘lib qolmoqda.
JACC madaniy markazi
JACC — Al-Kuvayt shahrida joylashgan opera uyi va madaniy markaz. Bu majmua Yaqin Sharqda joylashgan shunga o‘xshash markazlarning eng kattasidir. Uning hududida kutubxonalar, kinoteatrlar, ko‘rgazma zallari, teatrlar va boshqa joylar mavjud. Butun majmua 214000 m² maydonni egallaydi.
Musiqaga boy manzara
Arab dunyosining ba'zi mashhur musiqiy janrlari Kuvaytda paydo bo‘lgan. Misol tariqasida «sawt»ni aytishimiz mumkin. U shahar musiqasining murakkab shaklidir. Dastlab uni ijro etish uchun mirwas (baraban) va ud (nay) ishlatilgan, keyinchalik skripka qo‘shilgan. Musiqa ikki erkakning raqsi jo‘rligida ijro etiladi. Mamlakatda keng miqyosli musiqiy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkaziladi.
Semirish darajasi yuqoriligi
Kuvaytda semiz va ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilar ko‘plab topiladi (aholining 40 foizdan ortig‘i). Taxminlarga ko‘ra, 2020 yilga borib semirish darajasi yanada oshadi. Ushbu muammoning paydo bo‘lishiga olib keladigan asosiy omillar tez tayyor bo‘luvchi taomlar restoranlari va kamharakat hayot tarzidir.
Mavzuga oid
16:12 / 12.11.2024
Kuvayt restoranlar uchun O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish imkonini o‘rganmoqda
11:30 / 23.10.2024
Kuvayt Farg‘onada shifoxona qurishi mumkin
09:40 / 23.10.2024
O‘zbekistondan Kuvaytga quruq mevalar eksporti hajmi oshiriladi
16:30 / 01.10.2024