2016 yili Toshkent shahrining Olmazor, Shayxontohur va Sergeli tumanlarida joylashgan hovli-joylar buzilgan, egalariga xohishlaridan kelib chiqib yer yoki kvartiralar berilgan. Kompensatsiya to‘lovini to‘lab berish mahalliy budjetga yuk bo‘lmasligi uchun shahar hokimligi kimda-kim uyi buzilgan fuqarolarga 2 xonali uy olib beradigan bo‘lsa, unga Toshkent viloyatidan 5 sotix yer berilishi haqida gazetalarda e'lon bergan, tuman kadastr bo‘limi xodimlari uyma-uy yurib, odamlarni bundan unumli foydalanishga targ‘ib qilgan.

Bu taklif ayni paytda Yashnobod tumanida yashayotgan Olim Rahimovga ham ma'qul kelib, u uyi buzilgan katta bir oilaga Sergeli tumanidan 4 xonali uy olib beradi. Evaziga unga Toshkent shahar hokimining 2016 yil 10 maydagi 416-sonli qarori bilan Toshkent viloyati, Zangiota tumani, «Xonobod» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan har biri 5 sotixli ikkita yer uchastkasi beriladi. Rahimovning davlat ixtiyoriga topshirilgan Sergelidagi kvartirasi esa uyi buzilgan fuqarolardan biriga kompensatsiya sifatida taqdim etiladi.

Biroq oradan 3 oy o‘tgandan keyin Rahimovga berilgan yer maydoni Zangiota tumani hokimining 10.06.2012 yildagi 410-sonli qaroriga ko‘ra 10 yilga «FARM KOREA» MChJga ijaraga berilgani haqidagi shartnoma paydo bo‘lib qoladi. Fuqaro murojaatidan so‘ng Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan 2017 yil 22 dekabrda Zangiota tumani hokimining 2012 yil 10 iyundagi 410-sonli va 2017 yil 3 iyundagi 1230-sonli qonunga zid qarorlariga protest kiritilib, 2018 yil 3 fevralda ushbu qarorlar bekor qilinadi. Ammo Zangiota tumani hokimining 170-sonli qarori bilan yer O.Rahimovga emas, balki tuman hokimligi zaxirasiga qaytariladi.

Vaholanki, har biri 5 sotixli 65 va 66-sonli yer uchastkalari 2016 yilning 11 noyabrida Toshkent viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Zangiota tumanidagi filiali tomonidan umrbod egalik qilish huquqi asosida Olim Rahimov nomiga rasmiylashtirilgan. Bu haqda tegishli kadastr yig‘ma jildi hujjatlari shakllantirilib, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda TO 0047057 va TO 0047051 raqamli guvohnomalar berilgan. Bu guvohnomalar, shuningdek, Toshkent shahar hokimining 2016 yil 10 maydagi 416-sonli qarori haligacha qonuniy kuchida, hech qaysi vakolatli davlat organi tomonidan bekor qilinmagan. Buni Toshkent shahar prokuraturasi, shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan fuqaroning shu mazmundagi murojaatiga berilgan javob xatlari ham tasdiqlaydi. Bu esa Rahimovning mulkka egalik huquqini to‘la kafolatlaydi.