Jahon | 19:00 / 16.11.2019
40816
18 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyani o‘rganamiz: mamlakat rivojida siyosatchilar va davlat xizmatchilarining tutgan o‘rni

Foto: REUTERS/Toru Hanai

Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti biznes huquqi fakulteti professori Alisher Umirdinov “Yaponiyani o‘rganamiz” turkum maqolalarining birinchisida ushbu mamlakatda davlat xizmatchiligi qay tarzda yo‘lga qo‘yilganligi borasida so‘z yuritadi.

2019 yil dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Yaponiyaga ilk rasmiy davlat tashrifi kutilyapti. Ushbu orol davlatda yashab kelayotgan 3000dan ziyod o‘zbeklar qatorida men ham bu hodisani intiqlik bilan kutyapman. 

 Odat bo‘yicha davlat tashrifi davomida turli dastur va marosimlar uyushtiriladi. Uchrashuvlar markazida – siyosatchilar va mulozimlarning o‘zaro muzokaralari. Muzokaralarning muvaffaqiyati esa ko‘p jihatdan kim bilan uchrashayotganingizni, stolning narigi tomonida qanday odamlar o‘tirganini bilishingizga bog‘liq. 

Yaponiyada davlat xizmatchiligi qanday yo‘lga qo‘yilgan, yapon siyosatchilari va davlat xizmatchilari qanday odamlar va qanday ishlashadi – shu haqda bugungi maqolamiz.

Suhbatimizni tarixdan boshlasak. 1868 yilda Yaponiya o‘zining 200 yillik dunyodan yopilib olish davrini tugatdi – dunyoga ochila boshladi.

Tiklanish davri (Meiji davri. 1868-1912 yillar) Yaponiyaning tezkor rivojlanish, okean ortida yig‘ilib qolgan ilmlarni jadal o‘zlashtirish davri bo‘ldi. Keyin esa...

Dunyoga ochilganidan keyin atigi 40 yil o‘tib Yaponiya Xitoyning Sin imperiyasini hamda Rossiyani urushda yengdi! Yaponlar qanday qilib bunga erishishdi? Qisqa davrda qudratli davlatga aylanish tarixi bugun hammaga qiziq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. 

Omillar ko‘p, ammo hozirgacha Yaponiyaning rivojiga xizmat qilib kelayotgan, o‘zgarmagan bir omil bor, bu ham bo‘lsa – ishchan, millatiga o‘ta sodiq yapon siyosatchilari va davlat xizmatchilari. Ularning sifatlari hamda yapon davlatchiligi tizimi qisqa muddatda o‘ta qoloq Yaponiyaning jadal rivojlanishiga, kalondimog‘ Yevropaning ham Yaponiyani tan olishiga olib keldi.

“Hammasi davlat farovonligi uchun!” – dunyo ilmini jamlovchi yapon siyosatchilari 

1868 yilda Tokugava Shogunatlik davri tugab, imperator Meiji tomonidan davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqariladigan bo‘ldi. Hukumat 5 moddadan iborat Imperial qasam (Gokajo No Goseimon)ni e'lon qildi. Uning 5-moddasida “Imperiya farovonligini oshirish uchun ilm-fan butun dunyodan yig‘ib kelinishi lozim”ligi belgilandi. Imperator Meiji va uning vazirlari Yaponiya Yevropa va AQShga o‘lja bo‘lib qolmaslik uchun ilm-fanni taraqqiy ettirishga o‘sha paytdayoq qaror qilishdi.

Buni Yaponiya bir necha usul va bosqichlar bilan amalga oshirdi. Avvalambor dunyo davlatlaridagi sanoat, iqtisodiyot va fanni o‘rganish va tadqiq etish uchun missiyalarni jo‘natdi. Shulardan biri – Ivakura missiyasi. Amaldorlar, ilm-fan arboblari va talabalardan tashkil topgan bu missiya to‘rt oy davomida AQSh va Yevropaning ilm-fan va sanoat markazlarini o‘rganib, Yaponiyaga qaytdi. Yaponiyaning dunyoga, dunyoning Yaponiyaga ochilishi boshlandi.

Meiji tiklanish davrining ko‘zga ko‘ringan siyosatchilari. Ivakura missiyasi ishtirokchilari. Yaponiyaning dunyo davlatlari tomonidan tan olinishi va
zamonaviy bilimlarni Yaponiyaga olib kelishda katta rol o‘ynashgan.
O‘ngdan chapga Kido Takayoshi, Yamaguchi Masuka, Ivakura Tomoni, Ito Hirobumi, Okubo Toshimichi. 1872 yilda Londonda olingan surat.​​​​​​

Korrupsiyalashmagan Meiji davri siyosatchilari

Endigina samuraylikdan chiqqan Meiji davri siyosatchilari va mulozimlari haqida tarixchi Shiba Ryotaroning “Ushbu davlat shakli” nomli mashhur kitobida quyidagilar yozilgan:

“Meiji davri davlatini yetarlicha muvaffaqiyat qozongan davlat desak, yanglishmaymiz. Bunga bir misol, poraxo‘rlikning deyarli bo‘lmaganidir. Aslida siyosatchi, davlat xizmatchisi va ta'lim sohasi xodimlarining poraxo‘rligi kabi jamiyat salomatini buzuvchi narsa yo‘q. Bu moddiy jihatdan ham zarar yetkazadi. Ko‘p ta'kidlanganidek, Meiji davri hukumatining boshqaruvi natijasida Yaponiyada haqiqatan ham sanoat vujudga kelgan. Misol uchun, po‘lat sanoatini qurish uchun katta miqdorda sarmoya yotqizilgan. Agar bu sarmoya “shirin xo‘rak” sifatida o‘sha davr siyosatchilari va davlat xizmatchilari tomonidan yeb tashlanganida, po‘lat sanoati hech qachon rivojlanmasdi.

Shuningdek, maktab-universitetlarga kirish imtihoni va turli litsenziya sinovlaridan pul orqali o‘tkazish illati mavjud bo‘lsa, millat o‘zi yashayotgan jamiyatga nisbatan ishonchi so‘nadi. Muvaffaqiyat qozonuvchi kuchli davlatlar o‘z millatining o‘ta qattiq hurmat va ishonchga kira olgani uchun ham shu darajaga yetishadilar. Poraxo‘rlikning yomonligi – uning millat ruhiyatidagi shijoatni qirib yuborishida.

Katta qoida sifatida aytish joizki, milliy davlat degani, millatni o‘zi bilan teng ko‘radigan, har bir fuqaroga tenglik prinsipi asosida yondashuvchi davlat degani. Siyosatchilar va davlat xizmatchilarining poraxo‘rligi esa millatning ustidan kulishi bo‘lib, o‘z millatini masxara qilishdan o‘zgasi emas. Bunday xo‘rlikni esa Meiji davrida insonlar boshlaridan kechirmaganlar. Boshqacha so‘z bilan aytganda, Meiji davlati poraxo‘rlik yo‘qligi uchun ham kuchli davlat sifatida muvaffaqiyat qozongan”. 

Kadrlarni imtihon qilishning shaffof tizimi

Meiji davridan keyin ham yaponlar qobiliyatli davlat mulozimlarini yetishtira olishdi. Bunga bir nechta narsa omil bo‘ldi.

Birinchisi, Ikkinchi jahon urishidan keyinoq qabul qilingan davlat xizmatchilari to‘g‘risidagi qonun bilan davlat xizmatchilarini tanlab olishning shaffof imtihon tizimi joriy bo‘ldi.

Yaponiya tashqi ishlar vazirligiga ishga kirmoqchi bo‘lgan kishi albatta jahon diplomatiyasi universitetini tamomlagan bo‘lishi shart emas, balki shaffof imtihondan yaxshi o‘tishi kerak.

Imtihonlar davlatning turli viloyatlarida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichdan o‘tganlar poytaxt Tokioga chaqiriladi va yana imtihondan o‘tishadi. Shunday qilib, tashqi ishlar vazirligiga poytaxtdagi nomdor universitet talabasi ham, chekka viloyat talabasi ham imtihon topshirib ishga kirishi mumkin. Shahar va viloyat hokimliklarida ishlashni istaganlar ham davlat xizmatchilari uchun joriy bo‘lgan imtihondan albatta o‘tishlari lozim. Katta mansabdor bo‘lish yo‘lida sub'yektiv omillar uchrasa-da, iqtidorli talabalarning o‘zlari istagan vazirlik va qo‘mitalarga ishga kirishlari yo‘lida hech qanday to‘siq mavjud emas.

Moddiy boyliklar haqida doim hisob berib turish tamoyili

Yaponiyada har bir hukumat a'zosi ega bo‘lgan boyliklar haqida ommaviy axborot vositalarida ma'lumot beriladi. Bu mutlaqo normaga aylangan. Yer, uy, qimmatli qog‘ozlar, bank hisob raqamlaridagi pullar, hattoki olingan yoki berilgan qarz – hammasi haqida ma'lumot beriladi. Yaponiyaning hozirgi bosh vaziri Abe Shinzo, misol uchun, 2017 yilda – yangi hukumat tashkil etilgan paytda – o‘zining moddiy boyliklarini quyidagicha e'lon qilgan (qulay bo‘lishi uchun pulni dollarga chaqdim):

Ko‘chmas mulklar – 777.000 dollar, bankdagi omonat pul va qimmatbaho qog‘ozlar – 262.600 dollar, oilasi bilan birgalikdagi mulk – 1.039.600 dollar, o‘zining mulki – 1.039.600 dollar, boshqalarga bergan qarzi – 200.000 dollar, olgan qarzi mavjud emas.

«Sankei nyus» gazetasidan olingan surat.​​​​​​

“Universitet bitiruvchisi o‘zi bitirgan sohasida ishlashi lozim” emas

Yaponiyada “har bir inson o‘zi bitirgan soha bo‘yicha ishlaydi” degan dogma qabul qilinmagan. Yuzlab huquq fakultetlarida o‘qigan minglab bitiruvchilar asosan xususiy firmalarga ishga kirishadi. Firma rahbarlari ularga “sen faqatgina firmamizning yuridik bo‘limida ishlashing mumkin” demaydi. Xodimlarni o‘qigan sohasiga emas, balki o‘zlashtirish qobiliyati, moslasha olish sifatiga qarab ishga olishadi. Undan keyin 3-6 oy davomida ular o‘qitiladi, firma yoxud davlat sohasiga moslashtiriladi.

Bu uslub qobiliyatli kadrlar eng yaxshi joylarda faoliyat yuritishini ta'minlaydi. Past saviyali kishi yapon prefekturasiga gubernator (bizning tilda “hokim”) bo‘lib olishi qiyin. Buning yorqin misolini Tokio universiteti huquq fakulteti bitiruvchilarida ko‘rish mumkin: Yaponiya Moliya vazirligiga asosan Tokio huquq fakulteti bitiruvchilari imtihon asosida ishga olinadi.

Tokiodagi ma'muriy hudud – “kasumigaseki”

Talaffuz qilish qiyin bo‘lgan, ammo o‘ta muhim joy – “Kasumigaseki”. Yaponiyaning vazirliklari joylashgan,
davlat darajasidagi eng muhim qarorlar qabul qilinadigan joy.

Bu yerdan davlat boshqariladi. Davlat mulozimlari 30-35 sahifadan iborat “Nikkei shinbun” kabi iqtisodiyot va siyosatga oid gazetalarni doimo o‘qib borishadi. Bundan tashqari, ko‘p kitob o‘qishadi – Kasumigasekida ajoyib kitob do‘koni bor. Shu sabab bo‘lsa kerak, odatda yapon mulozimlari o‘z sohalarini juda yaxshi bilishadi, keng va teran fikrga ega bo‘lishadi.

Vazirliklarda, vazirlar qo‘mitasida xodimlarning idoralardagi aylanishi – rotatsiyasi ham mashhur. Bu har bir vazirlik boshqa vazirliklar bilan yaqindan tanishishi maqsadida qilinadi.

Ilmga tayanuvchi boshqaruv

Yaponiyadagi davlat idoralarining yana bir kuchli tomoni – o‘z tadqiqot institutlariga egaligi. Har bir idora o‘z sohasi bo‘yicha eng so‘nggi yangilik va o‘zgarishlardan boxabar bo‘ladi. Idoralar ixtisoslashgan universitet professorlari va xususiy firma xodimlari tomonidan tashkil qilinadigan komissiyalar xulosalaridan, tadqiqotlardan foydalanadi. Hisobot va ilmiy ish mualliflarini taqdirlashadi. 

Misol uchun, Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi huzurida RIETI (Research Institute for Economy, Trade and Industry) nomli tadqiqot instituti bor. Bu maskan Yaponiya va dunyo olimlarining o‘nlab tadqiqot natijalarini e'lon qiladi. Soliq idorasi, Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklarini esa aytib ham o‘tirmayman. Ular olimlar bilan maslahatlashmay ish qilishmaydi.

Siyosatchi va davlat xizmatchisi o‘rtasidagi farq

Parlamentar monarxiya bo‘lgan Yaponiyada siyosatni saylovlarda g‘olib bo‘lgan partiya vakillaridan tashkil etiladigan vazirlar mahkamasi yuritadi. 2012 yildan buyon Liberal demokratik partiya vakili Abe Shinzo bu mamlakat bosh vaziri hisoblanadi.

 Siyosiy an'anaga ko‘ra, vazirlar hukmron partiya vakillaridan tayinlansa-da, har bir vazir 5-6tagina vazir o‘rinbosari va maslahatchisini tayinlay oladi, xolos. Quyi bosqich davlat xizmatchilarini vazirlar mahkamasi huzuridagi kadrlar bo‘limi rasman tayinlaydi, ammo barcha holatlarda ularga taqdim etilgan nomzodlar tasdiqlanadi. Bu degani, hukumatga qaysi partiya kelishidan qat'i nazar, vazirlik va idoralar tarkibi o‘zgarmaydi, yangi kadrlar esa o‘sha – shaffof imtihondan o‘tgan kadrlardan shakllantiriladi.

“Idorani boshlig‘i bilan qo‘shib to‘liq tozalash” tushunchasi Yaponiya davlat boshqaruvi tizimiga yot tushuncha. Bu yerda davomiylik va an'analar asos hisoblanadi.

Davlat xizmatchilari qonuniga ko‘ra, davlat xizmatchisining davlat siyosatiga ochiqdan-ochiq qarshi bo‘lishi uni lavozimda pastlatishga, ishdan bo‘shatishga asos bo‘lolmaydi, shaxsi qat'iy himoya qilinadi. Davlat xizmatchilari hukumat, partiya yoki shaxsga emas, balki Yaponiyaga – yapon xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishi kerak. 

“San-kan-gaku” hamkorligi uchburchagi

Yaponiyada “kan-san-gaku” nomli tizim haqida ko‘p gapirishadi. “San” (産業) so‘zi sanoat va xususiy shirkatlarga nisbatan ishlatiladi (ya'ni - iqtisodiyot), “Kan” (官僚) byurokratiyaga nisbatan, “gaku” (大学) esa universitet – bilim, fan, ta'lim ma'nosini anglatadi. Bu uch soha bir-biri bilan hamkorlik qilishi kerakligiga yaponlar ko‘p urg‘u berishadi, bunday hamkorlik uchburchagini ishlatgan holda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga harakat qilinadi: universitet olimlari fikr beradi, sanoat vakillari mablag‘ ajratadi, hukumat esa qo‘llab quvvatlaydi, kerakli ma'muriy va qonunchilik o‘zgarishlarini kiritadi.

Bu usulning muvaffaqiyatida iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining o‘rnini e'tirof etish zarur. Tashqi savdo va investitsiya ishlariga mas'ul bu davlat idorasi o‘zida eng kuchli yapon kadrlarni birlashtirib, yapon shirkatlari yo‘lini dunyoga ochishga yordam beradi. Vazirlik tillarni chuqur bilgan kadrlarni o‘zida jamlagan, dunyo hodisalarini yaxshi tahlil qiladi, xodimlari mamlakat sanoatining rivojlanish yo‘nalishini belgilashda muhim o‘rin tutgan va tutmoqda.

 Jamiyat oldida javobgarlik

Yaponiyada siyosatchilar jamiyat oldida javobgar ekanliklarini yaxshi his qilishadi. Masalan, vazirlik ishida sezilarli kamchilik yuz bersa vazir, garchi bevosita o‘zi aybdor bo‘lmasa ham, va garchi sohadan umuman ketmasa ham (ba'zida bir necha yildan keyin qayta vazir bo‘lib idorasiga qaytishi ham mumkin), jamiyat oldida uzr so‘rash ma'nosida iste'fo beradi. Abe Shinzo paytida aytgan gaplari va qilgan ishlari uchun quyidagi vazirlar iste'fo berishdi:

Obuchi – iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri– siyosiy tashkilotiga kirim qilingan pullarni hisobotda ko‘rsatmaganligi uchun ishdan ketgan;

Matsushima – adliya vaziri – saylovchilarga qonunlarga xilof ravishda o‘z rasmi tushirilgan yelpig‘ich tarqatgani uchun ishdan ketgan;

Nishikava – qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik vaziri – u boshqargan siyosiy tashkilot davlat tomonidan subsidiya olgan firmadan xayriya mablag‘i qabul qilgani uchun ishdan ketgan;

Amari – iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri – o‘zi va yordamchilari qurilish firmasidan pul olgani, pullarni hisobotda yetarlicha ko‘rsatmagani uchun ishdan bo‘shagan;

Bosh vazir Abe Shinzoga juda yaqinligi va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda kuchli mutaxassis bo‘lgani bilan tanilgan iqtisodiyot,
savdo va sanoat vaziri Akira Amari mablag‘larni ishlatishda yetarlicha e'tiborli bo‘lmagani uchun xalqdan kechirim so‘rab,
ishdan bo‘shagan. 

Imamura – tiklanish vaziri – Tohoku regionida yuz bergan tabiiy ofat bo‘yicha gapira turib, “Bu voqea Tohoku hududida ro‘y bergani yaxshi bo‘ldi. Poytaxt Tokyoda yuz berganida juda katta zararga uchrardik” degan gapi uchun ishdan ketgan;

Inada – mudofaa vaziri – Yaponiya mudofaa kuchlarining Janubiy Sudandagi faoliyati bo‘yicha ba'zi ma'lumotlarni berkitgani uchun iste'fo bergan;

Sakurada – olimpiada vaziri – Tohoku regionida yuz bergan tabiiy ofat bo‘yicha “hududning tiklanishidan ham muhimrog‘i – bu parlament deputati” ma'nosidagi gapi ofatdan zarar ko‘rgan aholini xafa qilgani uchun ishdan ketgan; 

Sugavara – iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri – saylov okrugidagi qo‘llovchilariga turli sovg‘alar berganligi ayon bo‘lganidan keyin vazirlik maqomidan ketgan;

Kavai – adliya vaziri – xotini saylovchilarga qonunda belgilanganidan ko‘proq moddiy yordam ko‘rsatganligi uchun bosh vazir yordamchisi lavozimidan ketgan.

“Qonun doirasidagi boshqaruv” prinsipi

Davlat xizmatchilari “qonun doirasida boshqarish” qoidasiga qattiq rioya qilishadi. Unga ko‘ra ijro organi qonunlar bilan belgilangan vakolatlari doirasidan tashqariga chiqmasligi lozim. Biron-bir qonun jamiyat manfaatiga zid kelib qolsa, unda bu qonunni parlament o‘zgartirishi kutiladi. Vakolatlarni suiiste'mol qilish Yaponiyada kechirilmaydi.

 Ba'zi salbiy chizgilar

Yaponiya parlamentar monarxiya bo‘lgani uchun davlat rahbarini aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov orqali saylay olmaydi.

“Boy-kambag‘al” farqi tobora kattalashib boryapti.

Kuchli raqobat muhiti yapon yoshlarini juda yoshlik paytlaridan qo‘shimcha to‘garaklarga qatnab, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishni talab qiladi. Yaxshi to‘garakka qatnash, yaxshi maktabga kirish, nufuzli universitetda o‘qish keyinchalik markaziy idoralar imtihonidan o‘tish imkonini oshiryapti. Buni esa (yaxshi to‘garak, yaxshi maktab, yaxshi universitetni) daromadi past oilalar ko‘tarolmaydi. Markaziy idoralarga bo‘ladigan sinovlar ochiq va teng shartlar asosida o‘tsa-da, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalarning 70 foizi o‘ziga to‘q xonadonlardan chiqqanligi yaqinda o‘tkazilgan statistik ma'lumotlardan aniq bo‘ldi.

Mavzuga oid