Jamiyat | 18:20 / 25.11.2019
5560
4 daqiqa o‘qiladi

Berlinda o‘zbek yoshlari ishtirokida axborot texnologiyalari sohasiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi

Berlin shahrida 24 noyabr kuni «O‘zbekistonda axborot texnologiya sohasini rivojlantirish istiqbollari ekspertlar nigohida» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi va «Nihol» o‘zbek-olmon madaniy va ilmiy jamiyati tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Germaniyaning Berlin, Hamburg, Xemnits, Halle, Zigen va boshqa shaharlaridagi nufuzli universitetlarda tahsil olayotgan hamda ilmiy markaz, yirik korxona va banklarda faoliyat olib borayotgan 50dan oshiq o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi N.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori o‘rinbosari O.Sattorov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi xodimi A.Muxamedjonov va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili K.Bediyev anjuman ochilishida so‘zga chiqib, O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e'tibor va beqiyos g‘amxo‘rlik, yoshlar masalalari bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda mazkur yo‘nalishlardagi istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashkil etilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari haqida ma'lumot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga tashrifi chog‘ida iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bog‘liqligini, shuning uchun bu sohaga yanada keng imkoniyat, zarur infratuzilma yaratish, mutaxassislarni har tomonlama rag‘batlantirish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash lozimligini ta'kidlagan edi. Davlat rahbarining bu fikrlari anjuman ishtirokchilarini kelgusida mamlakatimiz ravnaqi uchun ko‘proq hissa qo‘shishga ilhomlantirdi.

Anjumanda, shuningdek, Germaniyaning «Luca Net AG» aksiyadorlik kompaniyasining etakchi dasturchisi R.Toshmuhamedov «O‘zbekiston uchun yangi IT-texnologiyalarni tatbiq qilish usullari»; «Bringmeister GmbH» kompaniyasi menejyeri Sh.Yigitaliyev «Kichik va yakka tartibdagi tadbirkorlik sohasini mobil qurilmalar orqali zamonaviylashtirish: Bulutli hisoblash xizmatlari misolida» va «Deutsche Kreditbank» etakchi dasturchisi, Potcdam universitetining biznes jarayonlarini boshqarish fakulteti dotsenti N.Usmonov «Uzluksiz integratsiya/doimiy rivojlanish» mavzularida ma'ruzalar bilan ishtirok etishdi.

Ma'ruzachilar axborot texnologiyalar sohasida Germaniyaning yirik korxona, shirkat va banklarida faoliyat tajribasi, rivojlanish istiqbollari, olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlar va joriy etilayotgan yangiliklar, shuningdek mazkur tajriba va yangiliklarni O‘zbekistonda tatbiq etish imkoniyatlari hamda sharoitlari haqida fikr-mulohaza yuritib, takliflar kiritdilar.

Anjuman yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Taqdim etilgan har bir loyiha qizg‘in muhokama qilindi. Ishtirokchilari o‘z loyihalari, innovatsion g‘oyalari, bilim va tajribasi bilan vatan taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyorliklarini ta'kidlashdi.

Kelajakda ushbu ekspertlar bilan izchil hamkorlik qilish, shu jumladan, O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari talabalari, bank, soliq va boshqa soha vakillarining bilim va malakasini oshirish uchun masofadan turib video treninglar o‘tkazishga kelishib olindi.

Kelajakda mazkur formatdagi ilmiy-amaliy anjumanlarni uzluksiz ravishda boshqa soha vakillari bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirokida o‘tkazilishi e'tirof etildi.

Mavzuga oid