Jamiyat | 16:50 / 03.12.2019
3911
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: Ajratilgan mablag‘lar evaziga tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish, rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlar va istiqboldagi vazifalarga alohida urg‘u berildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abduhakim Xadjibayev, O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining raisi Komil Abdullayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi.

So‘nggi uch yil mobaynida O‘zbekistonda keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda barcha uchun, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv sharoitlar yaratish yuzasidan ilk bor aniq choralar belgilandi.

— Mazkur farmon nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyatda to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatini yaratish borasidagi chora-tadbirlar ko‘lami va qamrovini oshirib berganligi bilan muhim huquqiy asos bo‘ldi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Alisher Inokov. — Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportini panduslar, alohida joylar bilan, bekatlar va marshrutlarni eshittiruvchi, elektron ma'lumotli tablolar kabi maxsus vositalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlashga, ilm-fanni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti negizida birinchi marta ijtimoiy tibbiyot kafedrasi tashkil etildi.

«Prezidentimizning 2018 yil 20 iyundagi «Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqarilishini rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori doirasida birinchi marta tizimdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish ishlariga qariyb 389 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Tadbirda 540 nafar nogironligi bor bolalarga zamonaviy, yengil konstruksiyali qulay bo‘lgan nogironlik aravachalari tarqatildi.

Ta'kidlash joizki, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan joriy yilning 30 noyabridan 30 dekabriga qadar mehr-muruvvat oyligi o‘tkazilmoqda. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

«Tadbirda yangragan diltortar kuy-qo‘shiqlar va fayzli dasturxon atrofidagi suhbat ishtirokchilar qalbiga bir olam zavq bag‘ishladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid