O‘zbekiston | 19:54 / 08.12.2019
17208
12 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik saylovchilar diqqatiga!

Har bir davlat o‘z iqtisodiy salohiyatini oshirish, xalqining turmush darajasini yuksaltirish haqida o‘ylaydi. Mamlakatning jahon hamjamiyatidagi o‘rni mustahkamlanishi, jadal taraqqiy etishi, sohalar rivoji ta'minlanishi, aholining ertangi kunga ishonchi ortishi bevosita ana shu omillarga bog‘liqdir.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan takliflari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Andijon viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlari partiya Saylovoldi dasturi asosida qaysi ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiqmoqda?

Munojatxon Isakova, pedagog, Andijon shahridagi 3-son bolalar musiqa va san'at maktabi direktori, 9-Andijon saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz jamiyat hayotining barcha sohalarida ijtimoiy tenglik tamoyillariga tayanish kerak, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqib, kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli va qobiliyatli farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarur. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Faqatgina bir qator masalalarni qat'iy ko‘rib chiqish talab etiladi. Xususan, kam ta'minlangan oilalar, ayniqsa, olis qishloqlar aholi punktlarida yashayotgan yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi va maroqli dam olishi uchun tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalasiga jiddiy e'tibor qaratish kerak.

Gulnoza Satimova, pedagog, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Oltinko‘l tuman kengashi raisi, 10-Oltinko‘l saylov okrugidan nomzod:

– Faoliyatim davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ko‘p gaplashaman. Ular orasida ishlashni, oilasi daromadiga ulush qo‘shishni istayotganlar oz emas. Ularni qo‘llab-quvvatlasak, madad bersak, qo‘rqmasdan o‘z ishini boshlaydi. Bundan ko‘pchilik manfaatdor bo‘ladi, albatta.

Shundan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi, ularning bandligini ta'minlash uchun qonunchilikda belgilangan kvotalarga qat'iy rioya etilishiga erishish kerak, deb o‘ylayman.

Gulnoraxon Abdullayeva,psixolog, iqtisodchi, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Andijon viloyati bo‘yicha mas'ul tashkilotchisi, 11-Bo‘z saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz fikricha, har bir insonning hayotiy ehtiyojlari kafolatli ta'minlanishi kerak. Shuning uchun ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me'yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan qat'iy davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozim, deb o‘ylayman. Taklifimiz shuki, muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlari hamda ro‘yxatini davlat tomonidan tartibga solinishini belgilashni qonuniy jihatdan mustahkamlash kerak.

Zamiraxon Bo‘tayeva, shifokor, “Tug‘yon” xususiy klinikasi bosh shifokori, 12-Shahrixon saylov okrugidan nomzod:

– Aholining kam ta'minlangan qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni davolash va oldini olish – ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishidir. Menimcha, aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori vositalari, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamini imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish, bu borada samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kerak.

Isroiljon Nishonov, tilshunos, Andijon viloyati kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 13-Asaka saylov okrugidan nomzod:

Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari negizida qonunchilikda ko‘zda tutilgan maslahat markazlari tizimini rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman. Kam ta'minlangan mehnatga layoqatli fuqarolarni biznes yuritish va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bepul o‘qitish ish boshlash niyatida yurgan minglab yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z ishini yo‘lga qo‘yishiga yo‘l ochadi.

Tursunali Mamajonov, mashinasozlik texnologiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Marhamat tuman kengashi raisi, 14-Marhamat saylov okrugidan nomzod:

–  Ma'lumki, bugungi kunda aholi orasida uy-joyga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu jarayonda aholining ijtimoiy zaif qatlamini arzon va sifatli uy-joy bilan ta'minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shundan kelib chiqib, kam ta'minlangan aholi qatlamiga, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, kam ta'minlangan oilalar uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirish hamda ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti amaliyotini takomillashtirish zarur, degan taklifni ilgari suryapman.

Charosxon Shakirova, pedagog, Andijon davlat universiteti san'atshunoslik fakulteti dekani, 15-Xo‘jaobod saylov okrugidan nomzod:

– Yoshlar taqdiri uchun mas'ullik va g‘amxo‘rlik g‘oyalari mujassamlashgan. Yetuk mutaxassislarni tayyorlash,  umumiy o‘rta ta'lim olishda barcha uchun teng sharoitlar yaratish, qishloq maktablarida o‘quv-tarbiya sifatini tubdan yaxshilash masalalariga ham keng o‘rin ajratilgan.

Deputatlikka saylansam, olis qishloq hududlaridagi maktablar, qishloq vrachlik punktlari hamda boshqa ijtimoiy soha obektlarida malakali va tajribali mutaxassislar yetishmovchiligi kabi o‘tkir muammolarni yechishda yanada faol ishtirok etish imkoniga ega bo‘laman.

Alisher Igamberdiyev, muhandis-texnolog, Andijon viloyati Iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi boshlig‘i, 16-Paxtaobod saylov okrugidan nomzod:

–  Partiyamizning aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilgan. Bu maqsadni samarali amalga oshirish uchun qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga alohida e'tibor qaratish lozim albatta.

Jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini yaxshilashning eng muhim sharti — bandlikni ta'minlashdir. Buning uchun, uy mehnatini tashkillashtirishning yangi, samarali shakllarini rivojlantirish kerak. Bu ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta'minlashda qo‘l keladi. Chunki kasanachilik bilan shug‘ullangan ayol ro‘zg‘or yumushlaridan uzilmagan tarzda oila daromadiga ulush qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi.

Zafar Saydaliyev, pedagog, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 43-maktab direktori o‘rinbosari, 17-Qo‘rg‘ontepa saylov okrugidan nomzod:

– Aholining kam ta'minlangan qatlami uchun oliy ta'limdan foydalanishining ijtimoiy maqbulligini oshirish lozim. Buning uchun o‘zlari yashagan qishloq aholi punktlarida ishlash sharti bilan qishloq yoshlarini davlat grantlari asosida oliy pedagogik, tibbiyot va boshqa mutaxassislarni tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalariga kirishi uchun imtiyozli sharoitlarni joriy etish kerak, deb o‘ylayman.

Sardorbek Raxmanov, iqtisodchi, Andijon viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i, 18-Izboskan saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir, deb hisoblaydi. Shularni inobatga olgan holda aytish mumkinki, kerakli tovarlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Mazkur dasturlarni shahar va tumanlarda bandlik va ish o‘rinlari yaratishga doir hududiy dasturlar hamda o‘rta maxsus va oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish lozim.

Maxbubaxon Xatamova, olim agronom, Andijon tumani madaniyat bo‘limi mudiri, madaniyat markazi direktori, 19-Xortum saylov okrugidan nomzod:

– Mamlakatimizning moddiy va nomoddiy madaniy merosidan aholining kam ta'minlangan qatlamlari bahramand bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish lozim. Ushbu maqsadda O‘zbekiston madaniyati va tarixining asosiy diqqatga sazovor joylariga homiylik sayohatlarini uyushtirish uchun ixtisoslashtirilgan fondlarni tashkil etish masalasida o‘z takliflarimni ishlab chiqdim.

Mavludaxon Isaqova, musiqali teatr aktyori, Ulug‘nor tumani madaniyat bo‘limi mudiri, madaniyat markazi direktori, 20-Chinobod saylov okrugidan nomzod:

– Kimningdir nimagadir qobiliyati, iste'dodi bo‘ladi. Uni vaqtida anglab, qo‘llab-quvvatlasak, bu ertaga jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Lekin, yuzlab, minglab kam ta'minlangan oilalar farzandlari moliyaviy yetishmaslikdan o‘z qobiliyatini namoyon eta olmayapti. Biz kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tizimini yaratishimiz kerak, deb o‘ylayman. Olis qishloq aholi punktlaridagi madaniyat muassasalari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, musiqa san'at maktablarini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun budjet xarajatlarini oshirish lozim. Kelajakda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishni rejalashtirganman.

Yelena Babenko, pedagog, O‘zbekiston Rus madaniyat markazining Andijon viloyati bo‘limi rahbari, 21-Istiqlol saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga nomzod:

Ma'lumki, uy-joy muammosi har bir davlat va har bir jamiyatning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Chunki inson suvga, oziq-ovqatga va kiyim-kechakka doimo ehtiyoj sezganidek, turar-joyga ham xuddi shunday ehtiyoj sezadi. Shuning uchun partiyamiz hashamatli ipoteka turar-joylarini qurayotgan qurilish kompaniyalari va tijorat banklari daromadidan majburiy ajratmalarni qonunchilikka joriy qilish kerak, deb hisoblaydi. Ushbu mablag‘larni maxsus fondlarda jamlash va keyinchalik aholining zaif qatlamlari, jumladan, uy-joysiz, yashash sharoiti o‘ta og‘ir ayollar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari uchun turar-joylar qurilishi uchun ishlatish kerak.

Abdullajon Raxmonov, shifokor, “Uz avto motors” aksiyadorlik jamiyati tibbiy qism bosh shifokori 22-Jalaquduq saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashning huquqiy kafolatlarini oshirishga intiladi. Shu bilan birga, “Teng ish haqi – teng ish uchun” tamoyiliga qat'iy rioya qilishni ta'minlash zarur, deb biladi. Shu maqsadda Mehnat kodeksining tegishli norma va protsessual mexanizmlari bilan to‘ldirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va o‘z fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi bilan chiqishni rejalashtirgan.

Nomzodlarimiz dasturlaridan o‘rin olgan g‘oyalar hududlar taraqqiyotini yangi bos­qichga olib chiqish, ijti­moiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash kabi ezgu maqsadlar bilan sug‘orilgan. Saylovchilarni ushbu g‘oya­larni qo‘llab-quvvatlashga, nomzodlarimizga ovoz berishga chaqiramiz.

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

Mavzuga oid