XDP vakili: Hashamatga o‘ch amaldorlar jamiyatni buzadi

Foto: Xalq demokratik partiyasi
Ayrim amaldorlarning yana to‘y va marosimlarni dabdabali, shuhratparastlikka mukkasidan ketgan tarzda o‘tkazayotgani, hashamatga zo‘r berayotgani va boyligini ko‘z-ko‘z qilayotgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltiryapti.
Bunday voqealar pandemiya qaytadan kuchayib borayotgan, narx-navo oshib, aholi mablag‘ bilan bog‘liq muammolarga yuzma-yuz kelayotgan murakkab vaziyatda sodir bo‘layotgani keng jamoatchilikning g‘ashiga tegyapti.
Lavozimini suiiste'mol qilayotgan rahbarlar, oyog‘i yerdan uzilgan, manmanlikka berilib ketgan havoyi mansabdorlarning nomaqbul harakatlari mahallalarda, jamiyatda muhit buzilishiga sabab bo‘lmoqda, oddiy odamlarning nafsoniyatiga tegmoqda, ularning adolatga, davlat hokimiyatiga ishonchiga ziyon yetkazmoqda.
Ayrim mutasaddilar fikri, turmush tarzi, faoliyati bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatish o‘rniga, ma'naviy qashshoqlik, axloqiy tubanlashuv timsoliga aylanib boryapti. Bundan 100 yillar avval ham ayrim beklar-u to‘ralar shunday past darajada bo‘lib, jamiyatni, xalqimizni taraqqiyotdan orqaga tortgan edi. Hozir ham shunga o‘xshash holat kuzatilyapti. Biz bundan xavotirdamiz.
Targ‘ibot, tushuntirish, yaxshi gap kor qilmagan masalalarda qonunchilikni kuchaytirish zarurati yuzaga keladi. Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi tabaqalashtirilgan, ya'ni hashamat solig‘ini joriy etish taklifi bilan chiqyapti.
Bu masala ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim muhokamalarda “yana yangi soliqmi?”, “xalqni qiynash nimaga kerak?” kabi savollar bilan noto‘g‘ri talqin qilinayotgan holatlar ham kuzatilyapti.
Hashamat solig‘i yangi soliq emas, bu boylarning puliga, mulkiga hasadgo‘ylik ham emas. Bu mol-dunyoga, hashamatga mukkasidan ketib, jamiyatdagi muhitga salbiy ta'sir qilayotgan, jamoatchilikning asabiga tegayotgan boyvachcha-yu boyvuchchalarning ijtimoiy mas'uliyatini oshirishga intilishdir.
Xalq demokratik partiyasi olamshumul, avval kuzatilmagan tashabbus bilan chiqayotgani yo‘q, hashamat solig‘i jahondagi qator davlatlarda joriy etilgan. Faqat partiya tabaqalashtirilgan soliq tizimi asosida qo‘shimcha yig‘ilgan mablag‘ning muayyan qismini kam daromadli fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishga maqsadli sarflash kerak, degan taklifni ham ilgari suryapti.
Xalq demokratik partiyasi faollari to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishiga qarshi. Shu bois partiya “hashamat solig‘i”ni joriy etish tarafdori bo‘lyapti.
Bu tashabbusni amalga oshirish murakkab, qonunchilikni takomillashtirish muayyan vaqt talab qiladi. Avvalo, hashamat, degan tushunchaning tavsifi, huquqiy chegarasini belgilash kerak bo‘ladi. Masalan, qancha narxdan yuqori mashinalar hashamatli mashina hisoblanishi aniqlanishi lozim. Me'yorlar turli davlatlarda turlicha, bizda qanday bo‘lgani to‘g‘ri – bu savol hali ochiq.
Bu masalada keng jamoatchilik, mansabdorlar, boyvachchalar fikri va munosabatini bilish juda muhim. Ishchi guruh hozirda xorij tajribasi va aholi vakillari fikrini o‘rganyapti. Mavzuga hali yana qaytamiz.
To‘lqin To‘raxonov,
Xalq demokratik Markaziy Kengashi rais o‘rinbosari Ⓣ
Mavzu haqida “O‘zbekiston ovozi” gazetasida chop etilgan maqoladan ko‘proq ma'lumot olishingiz mumkin. https://xdp.uz/partiya-yangiliklari/3324
Tavsiya etamiz
Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?
Jahon | 19:21 / 09.05.2025
Mafkuralar kurashi: 9 may aslida qanday kun?
O‘zbekiston | 14:22 / 09.05.2025
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kim Chen In Rossiyani G‘arb tajovuzidan himoya qilishga va’da berdi
Jahon | 19:20
-
Hindistonlik o‘qituvchilarga maktabda xivich bilan yurishga ruxsat berildi
Jahon | 18:08
-
Hindiston va Pokiston AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi
Jahon | 17:43
-
Rossiya va O‘zbekiston harbiy sohada strategik sheriklik rejasini imzoladi
Jahon | 17:15
Mavzuga oid

13:38 / 06.09.2021
Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi

16:00 / 04.09.2021
Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?!

18:12 / 02.09.2021
Maqsuda Vorisova mandat kechikayotgani haqida: Davlat test markazi izoh berishi shart!

12:50 / 16.06.2021