O‘zbekiston | 07:42 / 13.12.2019
89364
18 daqiqa o‘qiladi

Prezident fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi bo‘yicha yangi qaror imzolaydi

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi yanada takomillashtiriladi. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. Nizomga ko‘ra, chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarini o‘tkazish uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining ofitserlar tarkibiga mansub harbiy xizmatchilaridan (xodimlaridan) iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida Rahbariyat kengashi, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash komissiyalari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida Mudofaa vazirligi harbiy gospitallari harbiy-tibbiy komissiyalari hamda chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga va zaxiraga o‘tkazish uchun tuman va shaharlarda tibbiy va hududiy komissiyalari tuziladi.

Rahbariyat kengashi tarkibi:

Rahbariyat kengashi raisi – harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlarining o‘rinbosarlari (harbiy-ma'muriy sektor rahbarining o‘rinbosarlari).

Rahbariyat kengashi tarkibiga quyidagi vazirlik va muassasa vakillari kiritiladi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmalari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari, harbiy okrug boshqaruv apparatlarining tegishli boshqarma va xizmatlar boshliqlari, mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari hamda qabul qilingan qarorlar hisobini yuritish uchun kotib (harbiy okrug vakili);

Harbiy - tibbiy komissiya tarkibi:

Mudofaa vazirligi harbiy gospitallaridan:

harbiy - tibbiy komissiya raisi – mutaxassis shifokor (harbiy xizmatchi);

terapevt (harbiy xizmatchi);

jarroh (harbiy xizmatchi);

nevropatolog (harbiy xizmatchi);

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmalaridan - otolaringolog, oftalmolog va psixiatr shifokor - mutaxassislari.

Butlash komissiyasi tarkibi:

butlash komissiyasi raisi – harbiy okrug boshqaruv apparatining tegishli boshqarma va xizmatlar boshliqlari, harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari;

Butlash komissiyasi tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari hamda qabul qilingan qarorlar hisobini yuritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili (kotib) kiritiladi.

Hududiy komissiyasi tarkibi:

hududiy komissiyasi raisi - tuman, shahar hokimining o‘rinbosari;

hududiy komissiya raisining o‘rinbosari – mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i;

hududiy komissiyasi a'zolari:

tuman, shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari;

chaqiriluvchilarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashi raisining birinchi o‘rinbosari;

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining hududiy kengashi vakili;

hududiy komissiyasi katta shifokori;

hududiy komissiyasi kotibi.

Tuman (shahar) tibbiy komissiya tarkibi sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalaridan ajratiladigan jarroh (katta shifokor), terapevt, dermatovenerolog, jarroh, stomatolog, oftalmolog, otolaringolog va nevropatolog kabi shifokor-mutaxassislaridan iborat bo‘ladi.

Rahbariyat kengashi va komissiyalar uchun ish faoliyatining boshi va yakuni etib quyidagi muddatlarda belgilab qo‘yiladi:

mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi tibbiy komissiyalar uchun har yili 15 fevraldan 30 aprelgacha;

butlash komissiyalari uchun har yili 15 fevraldan 25 martgacha;

harbiy tibbiy komissiyalar uchun har yili 20 fevraldan 30 martgacha;

Rahbariyat kengashi uchun har yili 20 fevraldan 30 martgacha;

hududiy komissiyalari uchun har yili 1 martdan 30 aprelgacha.

 Rahbariyat kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish jadvalini tasdiqlash;

butlash komissiyalari a'zolarining uslubiy tayyorgarligini tashkillashtirish;

chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati, tafakkuri, fidoyiligi, qiziqishlari va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning butlash komissiyasi tomonidan qo‘shin turlariga to‘g‘ri tayinlanganligiga baho berish;

harbiy - tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilarni qo‘shin turi komandalariga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish;

chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish;

joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining chaqiriluvchilarni yig‘ish va tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda o‘zaro hamkorligini tashkil etish;

butlash, harbiy tibbiy, tuman (shahar) tibbiy komissiyalari uchun joylarda zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, dori-darmonlar, tibbiyot va xo‘jalik mol-mulklari bilan ta'minlash, jamoat tartibini saqlash ishlarini tashkil qilish;

muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining oshkoraligini, shuningdek chaqiruvga oid tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta'minlash;

harbiy – tibbiy komissiya, butlash komissiyasi va tuman (shahar) tibbiy komissiya qarorlaridan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish va yechimi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan turli sabablarga ko‘ra qaytarilgan muddatli harbiy xizmatchilar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish va tegishli chora-tadbirlar belgilash.

Harbiy - tibbiy komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

harbiy-tibbiy komissiya ishini Rahbariyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirish;

harbiy-tibbiy komissiya faoliyati boshlanishidan avval shifokorlarning xonalari sanitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi, tibbiy jihoz va uskunalarning mavjudligi, ularning ishlatilish holati hamda dori vositalari va tibbiyotga oid mahsulotlar borligini ko‘zdan kechirish;

chaqiriluvchilarning tibbiy ko‘rigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom talablariga qat'iy rioya qilingan holda o‘tkazilishini tashkillashtirish;

shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchilarning hisob kartalariga kiritilgan yozuv va xulosalarning to‘g‘riligini tekshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq qaror qabul qilish;

Rahbariyat kengashi raisi bilan hamkorlikda chaqiriluvchilarni qo‘shimcha tekshiruv va davolashga yo‘naltirish, shuningdek qo‘shimcha tekshiruv va davolashdan keyin ularning qaytishlarini nazorat ostiga olish;

tibbiy ko‘rik lozim darajada o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida tibbiy komissiya shifokor – mutaxassislari bilan, tibbiy komissiya faoliyati jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlilini inobatga olgan holda kengashlar o‘tkazish;

Rahbariyat kengashi raisiga chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarida aniqlangan kamchiliklar haqida ma'ruza qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni qo‘llash;

chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha kunlik hisobot tayyorlash va Rahbariyat kengashi raisiga taqdim etish;

Qurolli Kuchlar safini to‘ldirish yakuni bo‘yicha tuman (shahar) tibbiy komissiyalar ishi natijalarini umumlashtirish, hisobot tayyorlash va belgilangan tartibda Rahbariyat kengashi raisiga, zaruriyat bo‘lgan holda O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga taqdim etish.

Butlash komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

butlash komissiyasi yig‘ilishlarini Rahbariyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirish;

Tanlov kengashi tomonidan muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun tavsiya etilgan, tuman (shahar) tibbiy komissiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar bilan suhbat o‘tkazish, ularni chuqur va batafsil o‘rganish, ularning sog‘ligi darajasi, jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati, tafakkuri, fidoyiligi, qiziqishlari va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda qo‘shin turlariga tayinlash;

chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining shaffofligi va xolisligini ta'minlash;

joylardagi taalluqli idoralar, mahalliy davlat hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlarining chaqiriluvchilarni yig‘ish va ularni tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda o‘zaro hamkorlikni tashkil etish;

chaqiruvga oid tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish;

chaqiriluvchilar, ularning ota onalarining chaqiruvga oid murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish.

Tuman (shahar) tibbiy komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

tibbiy komissiya ishini Rahbariyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq tashkil etish va olib borish;

tibbiy komissiya ishi boshlanishidan oldin shifokorlar xonalari sanitar-gigiyenik talablarga mosligi, tibbiy jihoz va uskunalar, dori-darmon vositalarining mavjudligi, ularning ishga sozligini ko‘zdan kechirish;

psixonevrologik, sil kasalligi, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITS markazlari, sanitar-epidemiologik stansiyalar ro‘yxatida turuvchi chaqiriluvchilar to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lish;

chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq o‘tkazilishini ta'minlash;

tibbiy ko‘rik natijalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq chaqiriluvchilarga nisbatan tegishli qaror qabul qilish, ularga oid hujjatlarga tibbiy xulosalar va qaydlarni kiritish;

chaqiriluvchilarni qo‘shimcha tekshiruv va davolashga yo‘naltirish, ularning qo‘shimcha tekshiruv va davolashlardan so‘ng tibbiy komissiyaga kelishlarini nazoratga olish;

tibbiy ko‘rikni sifatli va xolisona o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida muntazam ravishda tibbiy komissiya a'zolari bilan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish borasida kengashlar o‘tkazib borish;

chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlash va harbiy-tibbiy komissiyaga, zaruriyat bo‘lgan holda mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etish.

Tuman (shahar) hududiy komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga va zaxiraga o‘tkazish;

chaqiriluvchilarni yig‘ish, muqobil xizmatga yuborish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish hamda Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarishga oid tadbirlarni tantanali tarzda o‘tkazishda joylardagi davlat hukumati organlarining taalluqli muassasa va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish;

chaqiruv punktlarida hududiy komissiyalarining faoliyat yuritishlari uchun zaruriy sharoitlar bilan ta'minlash, aloqa vositalari, dori-darmonlar, tibbiy va xo‘jalik anjomlari, avtomobil transporti hamda jamoat tartibini saqlash shular jumlasidan;

chaqiriluvchilarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarish bo‘yicha tadbirlarning ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta'minlash;

hududiy komissiyalari faoliyati va chaqiruvning oshkoraligini ta'minlash;

chaqiriluvchilar, ularning ota-onalarining chaqiruvga oid murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish.

Rahbariyat kengashi va komissiyalar faoliyatini tashkillashtirish tartibi

 Rahbariyat kengashi va komissiyalar yig‘ilishlari Rahbariyat kengashi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi o‘z ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini o‘rganishdan boshlaydi.

Chaqiriluvchining tibbiy ko‘rik xulosasi, ma'naviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy va moddiy sharoiti, oila a'zolarining ijtimoiy holatini o‘rganish natijalariga muvofiq Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan ularni qo‘shin turi bo‘yicha komandalarga tayinlash ishlari amalga oshiriladi.

Butlash komissiyasi tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilingan qaror “Qabul qilingan qarorlar kitobi”ga rasmiylashtiriladi va taalluqli mansabdor shaxslar imzosi bilan tasdiqlanadi.

Butlash komissiyasi raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining yakuni bo‘yicha axborot tayyorlanib, Qurolli Kuchlarni butlash ishlari yakunlanganidan so‘ng besh kunlik muddat ichida Rahbariyat kengashiga taqdim etiladi. Rahbariyat kengashi esa o‘n kun muddat ichida axborotni Mudofaa vazirligiga taqdim etadi.

Hududiy komissiyasi yig‘ilishlari komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq tashkil etiladi va olib boriladi.

Hududiy komissiyasi o‘z ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini o‘rganishdan boshlaydi.

Chaqiriluvchining tibbiy ko‘rik xulosasi, ma'naviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy, moddiy sharoiti, oila a'zolarining ijtimoiy holatini o‘rganish natijalariga muvofiq hududiy komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

harbiy xizmatga yaroqliligi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga tayinlash to‘g‘risida;

harbiy xizmatga yaroqliligi va muqobil xizmatga chaqirish to‘g‘risida;

salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsizligi to‘g‘risida;

chaqirilish muddatini belgilangan tartibda kechiktirish yoki harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod qilish to‘g‘risida;

yigirma yetti yoshga yetganligi munosabati bilan Qurolli Kuchlar zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risida;

tinchlik davridagi harbiy xizmatga salomatligiga ko‘ra yaroqsizligi, urush davridagi harbiy xizmatga cheklangan tarzda yaroqliligi va zaxiraga o‘tkazish to‘g‘risida;

harbiy xizmatga yaroqsiz deb topib, harbiy ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida.

Hududiy komissiyasining qarorlari “Hududiy komissiyasi bayonnomalari kitobi”ga rasmiylashtiriladi. Mazkur kitob hamda chaqiriluvchilar shaxsiy hujjatlari yig‘majildidagi tegishli sahifasi hududiy komissiyasi raisi va a'zolari tomonidan imzolanadi.

Hududiy komissiyasi raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga va zaxirasiga o‘tkazish ishlarining yakuni bo‘yicha axborot tayyorlanib, o‘n kun muddat ichida tuman (shahar) hokimiga, mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etadi.

 Rahbariyat kengashi va komissiya raislarining majburiyatlari:

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi va muddatli harbiy xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilinganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlarining tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Rahbariyat kengashi, butlash va hududiy komissiyasi ishida hamda qaror qabul qilish jarayoniga rahbarlik qilish va bevosita ishtirok etish;

yig‘in va chaqiruv punktlarini chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun tayyorlash;

a'zolarning uslubiy tayyorgarligini tashkillashtirish, majburiyatlarni ular o‘rtasida taqsimlash va tasdiqlash;

ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash uchun barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek chaqiriluvchilarning yig‘in va chaqiruv punktlariga o‘z vaqtida yetib kelishlari yuzasidan tadbirlarni tashkillashtirish;

joylardagi hokimliklar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni yig‘ish, ularni harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, rezervga bo‘shatilgan yoshlarni yashash joylarida tantanali kutib olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tishini tashkil etish;

muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz va ulug‘ ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish;

chaqiruv va yig‘in punktlari uchun buyuk sarkardalarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdilar jasoratlarini namoyon etuvchi, “Temur tuzuklari” va shu kabi boshqa tarixiy asarlar to‘g‘risida chaqiriluvchilar tushunadigan talqinda ko‘rgazmali bannerlar tayyorlash, chop etish va tarqatish ishlarini tashkil etish;

yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasi, mamlakatimizning kelajagi va taqdiri uchun javobgarlik hissi, Qurolli Kuchlar bilan faxrlanish, harbiy xizmatga bo‘lgan hurmat, shuningdek Vatanga chuqur muhabbat va sadoqat tuyg‘usini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot materiallari, ko‘rgazmali bannerlar, kichik hajmdagi risolalar va tarqatma bukletlar tayyorlab, yig‘in va chaqiruv punktlarini jihozlash.

Mavzuga oid