O‘zbekiston | 18:37 / 14.12.2019
16364
7 daqiqa o‘qiladi

Hukumat xalq oldida hisobdor bo‘lishi shartmi? 

Foto: AFP

Hokimlar avtomobillarni kimning hisobidan sovg‘a qilyapti, budjet pul hisobli bo‘lishi kerak emasmi, kabi savollar tez-tez yangrayotgan bir paytda davlat budjeti ilk marotaba qonun ko‘rinishida qabul qilindi.

Xo‘sh, bu bilan nima o‘zgaradi, mazkur yangilikning amaldagi ahamiyati qanday? Biz bu masala yuzasidan mutaxassislar va jamoatchilik vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.

«Endi hukumat bir so‘m ortiqcha yoki qo‘shimcha xarajat qilish uchun parlamentga yugurishi, ulardan rozilik olishi kerak bo‘ladi»

Qobil Xidirov, bloger (davletovuz telegram kanali muallifi):

– Davlat budjeti bu, avvalo, soliqlardan shakllanadi. Soliqni esa tadbirkorlarimiz, fuqarolarimiz to‘laydi. Shunday ekan, budjetning barcha bosqichlari – shakllantirishdan sarflashgacha shaffof va ochiq bo‘lishi kerak. Odamlar budjetning qayerga ketayotganini bilishi, avvalo, ochiqcha korrupsiya holatlari va maqsadsiz sarf-xarajatlarning kamayishiga olib keladi.

Qonun esa birinchi galda hukumatning budjetdan o‘zboshimcha foydalanish imkoniyatlarini keskin kamaytiradi. Budjetga jiddiy o‘zgartirish kiritish uchun hukumat parlamentdan, ya'ni xalq vakillaridan rozilik olishi, ularga nega bunday qilinganini tushuntirib berishi kerak bo‘ladi.

Umid qilamizki, yangi parlament bu borada talabchanroq bo‘ladi. Yo‘qsa, qonunning qabul qilinishi shunchaki quruq gap bo‘lib qoladi. Shu ma'noda aytganda, hukumatning mas'uliyati karrasiga oshadi. Bir so‘m ortiqcha yoki qo‘shimcha xarajat qilish uchun parlamentga yugurishi, ulardan rozilik olishi kerak bo‘ladi. Mohiyatan hukumatga unchalik yoqadigan ish emas, lekin bu davr talabi ekanligini ham tushunadi.

Umuman, oxirgi uch yil budjetchilik an'analarimiz uchun muhim davr bo‘ldi. Avvalo, dunyo iqtisodiyotiga integratsiya jarayoni boshlandi, buning uchun ochiq bo‘lishimiz, ayniqsa, budjetimiz va statistikamiz shaffof bo‘lishi kerakligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Aynan shu tendensiya doirasida ilk marta «Fuqarolar uchun budjet» nashri e'lon qilina boshlandi. Ilgari umuman bilmagan masalalarni oddiy odamlar ham o‘zlari o‘qib, tushunib olmoqda. Qolaversa, parlamentda maxsus budjet nazorati bo‘yicha tuzilma tashkil qilindi. Bularning barchasi, oxir-oqibatda, budjetni tuzuvchi va sarflovchilarning mas'uliyatini kuchaytirmoqda. Budjetning ochiq bo‘lishi korrupsiyaga qarshi eng muhim zarba hisoblanadi. Shuning uchun ham yangi qonundan umidimiz katta.

«Davlat budjeti barchaga ochiqlansa, soliqlardan qochishga intilish ham kamayadi»

Otabek Safarov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoni Davlat budjeti boshqarmasi sektor mudiri:

– O‘zbekistonda ham rivojlanish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Davlat budjeti ochiqlanishi nega shu paytgacha amalga oshirilmaganligining bir qancha sabablari bor. Davlat budjetini qonun sifatida tasdiqlash uchun o‘ziga xos bosqichlarni bosib o‘tish hamda mahalliy budjetlarni bunga tayyorlash talab qilinar edi. Ushbu qonun qabul qilinganidan so‘ng joylarda mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda kerakli tushunchalar berish rejalashtirilmoqda. Chunki qonunning mazmun-mohiyatini barcha birdek tushunsagina, u amalda ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.

Fuqarolar davlat budjeti qaysi yo‘nalishlarda sarflanayotganini bilishlari juda muhim, chunki har bir fuqaro o‘zi to‘layotgan soliqlar qayerda va qanday sarflanayotganini bilishlari shart. Ana shundagina fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi ortib, soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashdan manfaatdor bo‘ladi. Aynan yangidan qabul qilinayotgan budjet qonunida ham mana shu masalalarga alohida e'tibor berilgan.

Davlat budjeti qonunida belgilab berilgan tartib va normalarga to‘liq rioya etilsa hamda amaliyotda aks etsa, fuqarolarning hukumatga bo‘lgan ishonchi ortadi. Budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar qanday sarflanishi bo‘yicha butun jarayon to‘liq ochib berilib, shaffoflik ta'minlansa, fuqarolarda ishonch paydo bo‘ladi va shu bilan birgalikda soliqlardan qochishga intilish ham bo‘lmaydi.

«Qonun orqali kuchli jamoatchilik nazorati shakllanadi»

Sherzod Muhamedov – Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

– Bu qonun davlat budjetining shaffofligini va ochiqligini oshirishdan tashqari budjet intizomini mustahkamlashga qaratilgan.

Birinchidan, oldingi yillardan farqli o‘laroq, bu yilgi budjet xarajatlari vazirlik va idoralar bo‘yicha tasdiqlanmoqda. Ya'ni parlament har bir vazirlik va idoralar uchun 2020 yilda ma'lum bir miqdordagi mablag‘larni tasarruf etish vakolatini bermoqda.

Avvalgi yillarda budjet xarajatlari sohalar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, ko‘proq ma'lumot xususiyatiga ega bo‘lgan. Hozirgi belgilanayotgan tizim esa har bir vazirlik va idoraga ma'lum miqdordagi mablag‘lardan foydalanish vakolati bilan birga, unga ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish mas'uliyatini va javobgarligini yuklaydi.

Bu yerda birinchi o‘rinda parlament nazorati o‘rnatiladi. Parlament endilikda har bir vazirlik va idoradan ajratilgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va ular evaziga erishilgan natijalar to‘g‘risida hisobot eshitishga haqli.

Boshqa tarafdan, aholi ham qaysi vazirlik qancha budjet mablag‘larini ishlatayotganligi ko‘rib, shaffoflik natijasida nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya'ni egasiz mablag‘ qolmaydi.

Ikkinchidan, qonun bilan mahalliy hokimiyat organlarining vakolati va mustaqilligi oshirilmoqda. Bundan buyon, mahalliy budjet parametrlari yuqoridan belgilab berilmaydi. Mahalliy hokimiyat organlari va mahalliy Kengashlar daromadlar hajmini va xarajatlar yo‘nalishlarini mustaqil belgilaydilar.

Endilikda Oliy Majlis respublika budjetini, xalq deputatlari viloyat kengashlari viloyat budjetlarini, tuman va shahar kengashlari tuman va shahar budjetlarini tasdiqlanadi.

Budjet xarajatlarini belgilashda bevosita joylardagi xalqning vakillari bo‘lgan deputatlarga vakolat berilishi jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi.

Xulosa

Agar budjet ochiq bo‘lsa, jamoatchilik nazorati ham yuzaga keladi. Chunki o‘zini soliq to‘lovchi deb bilgan fuqaroga pullari qayerga sarflanayotgani qiziq. Xato-kamchiliklarni oyna kabi ko‘rsatib turishda jamoatchilik nazorati juda ahamiyatli.

Ochiq davlat budjeti degani faqat shakl vazifasini bajarishi kerak emas. Belgilangan raqamlar haqiqatga mos kelishi lozim. O‘ylaymizki, bu – ochiq budjet amaliyotini joriy etishning boshlanishi. Balki keyingi bosqichlarda amaldorlarning mol-mulklari deklaratsiyasini taqdim etishlari huquqiy me'yorlar bilan mustahkamlanib qo‘yilar. Muhimi, ilk qadam bosildi.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid