O‘zbekiston | 07:46 / 27.12.2019
5466
4 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasi oshirilmoqda

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining safdorlik va serjantlik lavozimlaridan ofitserlikka tayinlangan xodimlar bilan maxsus sayyor o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda. 

O‘quv yig‘inlarida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

– Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, xalqchil tuzilmaga aylantirish, «Jinoyat haqiqati va adolati», «Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar» degan tamoyillarni amalda qaror toptirish soha xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan uzviy bog‘liq, – deydi Navoiy viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi inspektori, leytenant Shohrux Ibrohimov. – IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilayotgan besh kunlik sayyor o‘quv yig‘inlarida sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, soha faoliyatiga oid tajribalar bilan yaqindan tanishyapmiz. Endi asosiy vazifamiz olgan bilimlarimizni kundalik faoliyatimizga tatbiq etish hisoblanadi. 

Ayni paytda, o‘quv mashg‘ulotlarida tinglovchilarga huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tatbiq etish mexanizmlari, xalq bilan samarali muloqotni o‘rnatish lozimligi tushuntirib berilmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o‘ziniki va o‘zgalarniki» deb ajratish tuyg‘usidan voz kechish lozimligini keng targ‘ib etish zarurligi yetkazilmoqda.

– Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda «hududlar tajribasi», xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi ijobiy tajribalarni tushuntirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani profilaktika inspektori, leytenant Abror Daliyev. – Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligi kabi mavzular bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

O‘quv yig‘iniga jalb qilingan xodimlarga joydagi ichki ishlar organlarida xizmatni to‘g‘ri tashkil qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jamoat xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.

Mavzuga oid